1

Abdulaziz Komilov, Tanzila Norboeva va Akmal Saidov xalqaro onlayn-forumda ma`ruza qiladi

Siyosat 19.06.2020, 07:27
Abdulaziz Komilov, Tanzila Norboeva va Akmal Saidov xalqaro onlayn-forumda ma`ruza qiladi

O`zbekiston bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish yo`lidagi hamkorligi masalalari 2020 yil 26 iyunda bo`lib o`tadigan xalqaro onlayn-forumda muhokama qilinadi.

Ushbu anjuman O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati hamda BMTning O`zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.

Xalqaro onlayn-forum O`zbekiston tomonidan «BMT 75 yoshda: kelajakka nigoh» mavzuida uyushtiriladigan global munozaralar turkumining dastlabkisidir.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari Akmal Saidov va boshqalar o`z ma`ruzalari bilan ishtirok etishi kutilmoqda.

Munozaralarda O`zbekiston va BMT o`rtasidagi serqirra hamkorlik istiqbollari, mamlakatimizning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasida erishgan natijalari,  Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishning inson huquqlariga taalluqli masalalari va ularning echimlari haqida fikr yuritiladi. 

«BMT 75 yoshda: kelajakka nigoh» turkumi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topganiga 75 yil to`lishi munosabati bilan e`lon qilingan«BMT75» global tashabbusining uzviy qismidir. Bu global tashabbus bugungi kunda insoniyat ko`plab muammolarga duch kelayotgan bo`lishiga qaramay, istiqbolda er yuzida tinch va farovon hayotga erishish uchun qanday omillar muhim ahamiyat kasb etishi yuzasidan xalqaro muloqot doirasida munozaralar o`tkazishni ko`zda tutadi.

Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bayonot berib, jumladan, oldimizda turgan muammolarni hech bir mamlakat, hech qaysi jamiyat yakka holda hal eta olmasligi va shuning uchun barcha sa`y-harakatlarni birlashtirish zarurligini qayd etdi. Jahon jamoatchiligiga murojaat qilar ekan, A. Guterrish: "Biz nafaqat so`zlashimiz, balki tinglashimiz ham lozim. Bu muloqotda har biringiz ishtirok etishingiz juda ham muhim. Biz sizlarning munosabatlaringizni bilishni istaymiz, dunyodagi barcha odamlar hayotini qay tariqa yaxshilashimiz mumkinligi yuzasidan qanday fikrlaringiz borligidan xabardor bo`lishni xohlaymiz", deb alohida ta`kidladi.

Muloqot ishtirokchilari tomonidan ilgari suriladigan g`oyalar 2020 yil sentyabrida davlatlar boshliqlari va BMT rahbariyati muhokamasi uchun taqdim etiladi. O`zbekiston tomonidan tashkil etilayotgan global munozaralar turkumi BMT Bosh kotibining chorloviga javob  va BMT Global tashabbusiga qo`shiladigan hissa hisoblanadi.

 

Inson huquqlari bo`yicha 

O`zbekiston Respublikasi 

Milliy markazining

matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1