1

“O`zbekkino” milliy agentligi qoshida Jamoatchilik kengashi tuzildi

Madaniyat 03.07.2020, 18:22
“O`zbekkino” milliy agentligi qoshida Jamoatchilik kengashi tuzildi

Endilikda O`zbekkino buyurtmasiga asosan suratga olinadigan filmlar byudjet xarajatlarini ushbu Kengash nazorat qiladi. 

Bugun, 3 iyul kuni “O`zbekiston kino tarmog`i islohotlari va jamoatchilik nazorati mexanizmlari” mavzusida media klubning navbatdagi uchrashuvi o`tkazildi. Tadbir davomida “O`zbekkino” MA qoshida ustoz kinoijodkorlar, etuk kinematografistlardan tashkil topgan yangi Jamoatchilik kengashi tarkibi ma`lum qilindi. Jamoatchilik kengashi kino mahsulotlarga sarflanayotgan xarajatlarni o`rganish va nazorat qilish bilan shug`ullanuvchi mustaqil tuzilma sifatida faoliyat olib boradi.

Mahoratli rejissyor va kinooperator Hamidulla Hasanov (O`zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi boshqaruv kengashi a`zosi) raisligidagi kengash a`zolari tarkibida etuk kinorejissyorlar Sanjar Boboev (O`zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi a`zosi), Qamara Kamolova (O`zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi a`zosi), Aliaskar Fatxulin va Sobir Nazarmuhammedov (O`zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi a`zosi), Karim Mirxodiev (O`zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi a`zosi) va Azamat Ergashev (Kengash kotibi, O`zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi a`zosi) kabi ajoyib o`zbek aktyorlari, kinoperatorlar Botir Bozorboev (Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti kafedra mudiri, Kengash raisi o`rinbosari), Nozim Tolipov va Marat Soliev (O`zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi a`zosi), kinoprodyuser Farrux To`laganov, kinodramaturg Madina Mo`minova, kinotanqidchi Baxtiyor Yakubov, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zolari, dramaturglar Mirzapo`lat Toshpo`latov va Anvar Ergashev, jurnalist va kinoshunos Boris Babaev, ovoz rejisseri Anvar Fayzullaev va mualliflik huquqi bo`yicha yurist Jasur Po`latovlar o`rin olishgan. Tadbir davomida Kengashning asosiy maqsad va vazifalari hamda sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Jamoatchilik kengashi a`zolari fikr va mulohazalarini aytib o`tishdi.

Tadbirda shuningdek kino sohasi bilan bog`liq dolzarb savollarga javob berildi. Kino sohasini yorituvchi jurnalistlar va blogerlar kinoasarlarning byudjeti va sifati haqida taklif va e`tirozlarini aytishdi. 

Anjuman doirasida ishtirokchilarga Agentlik tizimidagi mas`ullar va yangi kinofilmlar to`g`risidagi ochiq ma`lumotlar bayon qilingan qo`llanma tarqatildi. Shuningdek tadbir tashkilotchilari taniqli kinorejissyor Rashid Malikovni tug`ilgan kuni bilan tabriklashdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1