AsosiyJAMIYAT

SSV: Mazkur vidoelavha barchamiz uchun achchiq saboq bo`lishi kerak. Ertaga o`zimiz yoki yaqinlarimizning ham koronavirusga chalinmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi (Video)

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ogohlantirishicha, koronavirus infeksiyasining duny...

'SSV: Mazkur vidoelavha barchamiz uchun achchiq saboq bo`lishi kerak. Ertaga o`zimiz yoki yaqinlarimizning ham koronavirusga chalinmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi (Video)'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ogohlantirishicha, koronavirus infeksiyasining dunyo mamlakatlari aholisi orasida tarqalishi yanada shiddatli tus olmoqda.

Jumladan, bizga qo`shni mamlakatlarda ham so`nggi kunlarda aholi orasida kasallik qayd etilganlar soni keskin ko`payishi natijasida, tibbiyot tizimi katta bosim bilan ishlamoqda, joy va dori-darmon taqchilligi yuzaga kelgan. Yurtimizda ham oxirgi kunlarda aholi orasida kasallik qayd etilishi sezilarli darajada oshgan. So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, ayni paytda mamlakatimizda “COVID-19” aniqlanganlar 10143 nafarni tashkil etmoqda.

Shundan 6584 nafari sog`aygan bo`lsa, o`lim ko`rsatkichi 35 nafarga etdi. Davolanayotgan bemorlar 3524 nafar bo`lib, shundan 285 nafari o`rta og`ir, 25 nafari og`ir, 8 nafari esa o`ta og`ir ahvolda. Bemorlarning 172 nafarida pnevmoniya jarayoni kechmoqda. Yurtimizda koronavirus bilan bog`liq har qanday xavotirli holatga qarshi oldindan zarur choralar ko`rilgan bo`lsa-da, koronavirus yuqtirganlarning oshib borayotgani barchamizni xushyor torttirishi lozim. Hozirda ko`pchiligimiz koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish, uning oqibatlari haqida ko`plab ma`lumotlardan xabardormiz. Uning tez yuquvchanligi va alomatlari borasida ham ma`lum tushunchalarga egamiz. 

Ammo “COVID-19”ga chalingan bemorlarning ahvolini o`z ko`zingiz bilan ko`rganingizda yanada xushyor bo`lib, karantin qoidalariga qat`iy rioya etishning qanchalik muhim ekanligiga yana bir bor amin bo`lasiz. Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasidan olingan quyidagi videolavhada, guvohi bo`lganingizdek, bemorda koronavirus infeksiyasi o`ta og`ir kechmoqda.Ahvoli og`irlashgani bois, shifokorlar tomonidan sun`iy nafas olish apparatiga ulanib, tezkor reanimasion tibbiy muolajalar ko`rsatilmoqda.

Mazkur vidoelavhadagi jarayon barchamiz uchun achchiq saboq bo`lishi kerak. Ertaga o`zimiz yoki yaqinlarimizning ham koronavirusga chalinib, shu ahvolga tushmasligimizga hech kim kafolat bera olmaydi. Chunki, yon-atrofimizda kasallik tashuvchi bo`lib yurganlar yoki koronavirusga chalingan bo`lsa-da, hali alomatlari yuzaga chiqmagan fuqarolar bo`lishi mumkinligini aholi orasida kasallikni yuqtirib olayotganlarning ko`payib borayotganida ham ko`rish mumkin. 

Bunday vaziyatda koronavirus tarqalishining oldini olishda aholining karantin qoidalariga rioya etishi tibbiyot xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar sa`y-harakatlaridan ham ko`ra, samaraliroq hisoblanadi. Shu bois, Sog`liqni saqlash vazirligi aholini imkon qadar faol muloqotdan, turli tadbirlar o`tkazishdan tiyilishlarini, va albatta, ijtimoiy masofa saqlash, qo`llarni yaxshilab qayta-qayta yuvish, ko`chaga chiqqanda niqobni to`g`ritaqish kabi karantin qoidalariga qat`iy rioya etishlarini so`rab qoladi.

Boshqa yangiliklar