1

Andijonda erkak qizi va rafiqasining hayotdan ko`z yumishiga sababchi bo`ldi

Jinoyat 07.07.2020, 13:17
Andijonda erkak qizi va rafiqasining hayotdan ko`z yumishiga sababchi bo`ldi

Yodgora Nasibullaeva (ism-shariflar o`zgartirilgan) 2019 yil dekabr oyining boshlarida o`zi ko`ngil qo`ygan yigitga unashtirilgach, bu hayotda undan baxtiyor odam yo`q edi. O`sha oqshom Yodgora to`ydan so`ng qaynona-qaynotasining duosini olishni, shirindan-shakar farzandlar ko`rib, baxtli oila bekasi bo`lishni diliga tukkancha mijja qoqmay chiqdi. Ammo…

Ammo to`yu tantana ham, kelinlik baxti ham Yo. Nasibullaevaga nasib etmadi.

Albatta, farzandini unashtirgach, ota-ona to`y tashvishida tinim bilmay qoladi. Shu ma`noda aytganda, 2019 yil 15 dekabr kuni O`g`iloy Abdurazzoqova ham qizi Yodgora bilan birga Andijon shahriga, xalq ti­lida «Jahon bozori» deya ataluvchi savdo majmuasiga yo`l olishdi.

Negaki, O`g`i­loy opa qi­zining — bo`lajak kelinning sepiga kiyim-kechak sotib olish niyatida edi. Tabiiyki, to`y oldidan hov­li-joyni bir karra ta`mirlash, obodonlashtirish ham an`anaga aylangan.

Binobarin, ona-bola bozorga ketgach, oila boshli­g`i Ismoil Abdurazzoqov ta`mirlash ishlariga tushib ketdi. Kun peshinga yaqinlashganida shaxsiy «Damas» avtomashinasida Asaka avtoshohbekatiga borib, bozordan qayt­gan xotini va qizini uyga olib kel­di. So`ng­ra kelini Sharifaxon tushlik tayyorladi.

Tushlikdan so`ng qaynona-kelin va qizlar odatdagi uy yumushlari bilan andarmon bo`lishdi, Ismoil aka esa, ertalab boshlagan ishlarini davom ettirdi. Shuningdek, hasharga kelgan ukasi Diyorbek Abdurazzoqov bilan birga ko`mir tashidi. Biroq qish kuni emasmi, xash-pash deguncha kech kirib, qorong`u tushdi. Ana shu mahal yuz-qo`lini yuvib artinarkan, I. Abdurazzoqov ishtahasini ochish uchun ichkari xonada turgan aroqdan 200 grammini «otib ol­di». So`ng kechki ovqatga o`tirmay turib, darvozani qulflab qo`ymoqchi bo`ldi-yu, ammo kalitini topolmadi.

— Darvoza kaliti qaerda, nega tayinli joyga qo`y­maysizlar?, — dedi Ismoil aka jahl aralash.

— Qarang, biron joyga tushgandir. Osmonga uchib ketmagan, — dedi xotini pisanda qilgan ko`yi.

Xotinining bu kesatig`ini eshitib, Ismoil aka battar asabiylashdi, oqibatda er-xotin biroz g`ijillashib olishdi. Aslida shunaqa payt­da ayol kishi bir pog`ona past tushib, bitta gapdan qolsa, nur ustiga a`lo nur bo`ladi. Lekin O`g`iloy opa yana tiliga erk berdi.

— Doim shu zormandani ichib olib, janjal qo`zg`aysan, — dedi ayol xo`jayinini sensirab battar izzat-nafsiga tegib.

Qaynonasining qaynotasiga qilgan bunday hurmatsizligini ko`rib, kelini Sharifa labini tishladi. Ammo koshki edi shu bilan ularning g`idi-bidisi tugasa. Yo`q, aksincha, tortishuv yana yan­gi mavzu ustida davom etdi. Ya`ni oila boshlig`i qizi Yodgoraning to`yini yoz faslida o`tkazishni, ungacha kam-ko`stlarni bartaraf etib, tayyorgarlik qi­lib borishni ta`kidlasa, O`g`i­loy opa «To`yni bahorda o`tkazamiz», deb turib oldi. Aksiga olib, Yodgora ham onasini himoya qilib, otasini jerkib tashladi.

Buni qarangki, ayni janjaldan so`ng oradan ko`p vaqt o`tmay Ismoil Abdurazzoqov spirtli ichimlik ta`sirida uxlab qoldi. Bi­roq u tun yarmida uyg`onib ketdiyu, qaytib uxlolmadi. Xotinining o`jarligi, kalondimog`ligi, boya kelinining oldida g`ururini toptagani sira xayo­lidan nari ketmasdi. Uning asablari qaqshab, yuragi alam va g`azabga to`­lib borardi. Bir chog`, sira alami bosilavermagach, u xo`jalik pichog`ini qo`liga oldi-da, tosh qotib uxlayotgan xotining chap ko`kragiga 3 marta, so`ng biqiniga 2 marta sanchdi. U pichoq sanchayotganda, xotinining og`zini chap qo`li bilan berkitib turdi.

Oqi­batda boyaqish ayol to`lg`anib-to`lg`anib jon taslim qiladi.

Shundan so`ng ko`zi qonga to`lib, battar quturib ketgan er boyagi janjalda onasining yonini olgan qizidan ham alamini olishni ko`zlaydi. Shu qabih niyatda u narigi xonada kelinoyisi bilan yotgan Yodgorani chaqirdi.

— Onang juda charchabdi, shekilli, uyg`otmadim. Sen javondan yuvilgan kiyimlarni olib bergin, — dedi u, Yodgora biron-bir yomonlikni xayoliga keltirmay uyqusiragan ko`yi javonni titkilayotganda esa, es-hushini yo`qotgan ota uning ortidan borib, ustma-ust pichoq sanchadi. Aniqroq aytganda, qotil ota 18 marta pichoq sanchib, Yodgorani tiriklik ne`matidan mahrum qildi. So`ng ikkala murdaning ustiga ko`rpa tashlab qo`ydi-da, Rossiya Federasiyada ishlayotgan o`g`liga qo`ng`iroq qildi.

— Onangni o`ldirib qo`y­dim, tezda etib kel!, — dediyu, birdan telefonni o`chirdi. Kelini ham uyqudan uyg`onib, Yodgorani so`ragandi, onasi bilan birga uxlayotganini aytib, tinchlantirdi.

Ammo oradan bir soat o`tar-o`tmas ukasi Qudratillo hovliqqan ko`yi kirib keldi.

— Tinchlikmi, yangamga ni­ma bo`ldi? To`lqinjon Rossiya­dan telefon qildi, — deb so`­radi.

— Tinchlik, hech gap bo`lgani yo`q. Sen uyingga boraver!

I. Abdurazzoqov shunday deya ukasini ortiga qaytarib yubordi. Keyin uning o`zi tu­man IIBga borib, qotillikka qo`l urganiga iqror bo`ldi.

Pirovardida unga nisbatan Ji­noyat­ kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o`ldirish) 2-qismi «a», «v», «j»-band­lari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Shuni alohida ta`kidlash lozimki, tergov jarayonida stasionar tartibda sud-psixiatriya ekspertizasi o`tkazildi. Unga ko`ra, I. Abdurazzoqov jinoyat sodir etgan vaqtda aqli raso bo`lgani, tibbiy yo`sindagi davolanishga muhtoj emasligi aniqlandi.

Sud majlisida ko`rsatma bergan sudlanuvchining katta qizi Gulsora Abdurazzoqova, kelini Sharifa Abdurazzoqova va qaynog`asi Sobitali Hojimatov oiladagi hayot risoladagidek kechgani, qo`ni-qo`shni, qarindosh-urug` va yon-atrofdagilar ilgari bu xonadonda janjalga guvoh bo`l­maganini tasdiqlashdi.

Jinoyat kodeksining 8-moddasida jinoyat sodir etishda aybdor bo`lgan shaxsga nisbatan qo`llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta`sir cho­rasi odilona bo`lishi, ya`ni jinoyatning og`ir-engilligiga, aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bo`lishi, 54-moddasida esa, sud jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, qilmishning sababini, etkazilgan zararning xususiyati va miqdorini, aybdorning shaxsini hamda jazoni engillashtiruvchi va og`irlashtiruvchi holatlarni hisobga olishi lozimligi qayd etilgan.

Binobarin, jinoyat ishlari bo`yicha Andijon viloyat sudi Ismoil Abdurazzoqovni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish to`g`risida hukm chiqardi.

Albatta, bu mudhish qotillik haqida fikr yuritganda, qo`ngilda turli xil fikr-mulohazalar paydo bo`ladi. Bu o`ta og`ir jinoyat nega sodir bo`ldi? Buning sabablari nima bilan izohlanadi?

Bu savollarga daf`atan aniq javob topish mushkul. Ammo shunisi aniqki, oilada er-xotin o`rtasida o`zaro hurmat-izzat, mehr-oqibat va ahillikning yo`qolgani, ayolning oilada o`z o`rnini bilmasligi, erning spirtli ichimlik iste`mol qilishi bu mudhish voqeaning kelib chiqishiga sabab bo`lmaganmi?

Adhamjon MIRZAEV, jinoyat ishlari bo`yicha Andijon viloyati sudi raisining o`rinbosari,

Xurshid SULTONOV, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1