Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo`jaevning koronavirus pandemiyasini oldini olish yuzasidan poytaxt aholisiga murojaat bilan chiqdi:
"So`nggi oylar davomida Toshkent shahrida epidemiologik vaziyatlar ijobiy tomonga o`zgarganligi sababli oilaviy tadbirlar, to`y-hashamlarning o`tkazilishiga ruxsat berildi. Ishlab chiqarish korxonalari, qurilish va xizmat ko`rsatish ob`ektlarining faoliyati qayta yo`lga qo`yildi. Xotirjamlikka berilganligimiz, sanitariya va epidemiologiya nazorati talablariga to`liq rioya etmaganligimiz, to`ylarni 30 dan ortiq kishilar ishtirokida o`tkazganimiz, oilaviy boshqa tadbirlarni ham ko`paytirganimiz, jamoa bo`lib yig`ilishlar ortgani kabi karantin talablariga zid bo`lgan harakatlar oqibatida oxirgi o`n kunda poytaxtimizda kasallikka chalinish holatlari keskin oshib, kunlik 30-40 tadan o`rtacha 150-200 tagacha ko`paydi, o`lim holatlari ham ortdi.
Koronavirus menga ta`sir qilmaydi, mendan uzoqda degan fikrda bo`lsak, adashamiz. Xavf ortda qolishi uchun hammamiz sanitariya-gigiena talablariga to`liq amal qilishimiz, beporvolikka yo`l qo`ymasligimiz, zarurat bo`lmaganda ko`chaga chiqmasligimiz, jamoa bo`lib yig`ilmasligimiz, avvaldan mo`ljallangan jamoaviy tadbirlarni ortga surishimiz lozim.
Bugun aksariyat xizmatlar, hatto savdo-sotiq ham onlayn yo`lga qo`yilgan bo`lib, har birimiz undan unumli foydalanishimiz zarur.
10 iyuldan uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat hamda axborot berishga qaratilgan tunu kun uzluksiz faoliyat ko`rsatuvchi 1105 qisqa raqamli Call-markazi faoliyati yo`lga qo`yilmoqda.
Uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga joyiga chiqqan holda tibbiy yordam ko`rsatishga ixtisoslashgan mobil guruhlar tashkil etiladi.
Salomatligingizda biror noxushlik va kasallik alomatlarini his qilganingizda befarq bo`lmang, darhol shifokorlarga murojaat qiling va nazoratda bo`ling, o`zingizni yakkalang va zarur muolajalarni o`z vaqtida ko`ring.
Koronavirusni jamiyatning birligi, jipsligi va bu borada belgilangan barcha qoidalarga rioya qilishi bilangina engishimiz mumkin.
Bu masalada bizga yordam bering, salomat bo`ling.
Hurmatli hamshaharlar!
O`zimiz, yaqinlarimiz, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz hamda farzandlarimizning hayotiga aslo befarq bo`lmaylik.
Karantin qoidalariga qat`iy rioya etsak bugungi murakkab vaziyatdan barchamiz tez kunlarda o`tib olamiz".






