AsosiyJamiyat

Bolani bog`chaga joylashtirishda «lgotniklar» kamayadi

'Bolani bog`chaga joylashtirishda «lgotniklar» kamayadi'ning rasmi

Ilgari ijtimoiy tarmoqlarda bolalarni davlat bog`chalariga joylashtirishda bir qator imtiyozi mavjud shaxslarning farzandlariga beriladigan imtiyozlar yuzasidan ancha noroziliklar uchrar edi. Davlat xizmatlari agentligi tomonidan o`tkazilgan ijtimoiy so`rov natijalari ham bundan dalolat beradi.

Ko`p marotaba ta`kidlanganidek, DXA aholi dardini tinglaydi va ularni qiynab kelgan muammolarni bartaraf etishga harakat qiladi. Navbatdagi normativ-huquqiy hujjat ham aynan shunga qaratilgan.

Demak, muhokamaga qo`yilgan loyihada bolalarni davlat bog`chalariga qabul qilish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamentida mavjud imtiyozlar qisqartirilmoqda.

Endilikda faqatgina ikki turdagi imtiyozlar, I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslarning bolalari hamda etim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun qoldirilmoqda.

Shuningdek, faqatgina bolaning ota-onasi emas, balki yaqin qarindoshlariga ham yo`llanma olish imkoniyati yaratilmoqda. Misol uchun, avval, bolaning bobo va buvilari nevaralari uchun ariza yuborishi mumkin emas edi.

Bundan tashqari, maktabgacha ta`lim axborot tizimini takomillashtirish va uni Maktabgacha ta`lim vazirligining rasmiy veb-sayti bilan integrasiya qilish orqali bog`chalardagi tarbiyalanuvchilar va bo`sh o`rinlar haqidagi ma`lumotlarni real vaqt rejimida yuritish, navbatlarni shakllantirish va ularning elektron hisobini olib borish, yo`llanma va xabarnomalar berish imkoniyatini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Bolalarni davlat maktabgacha ta`lim muassasalariga qabul qilish jarayonining aktuallashtirilganligi hamda muassasalardagi bo`sh joylarning elektron hisobini yuritish, bolalarni muassasalarga qabul qilish uchun elektron navbatni shakllantirish, bolalarni muassasalarga qabul qilish uchun yo`llanmalarni rasmiylashtirish maktabgacha ta`lim axborot tizimi tomonidan amalga oshirilishi yo`lga qo`yilganligi sababli tegishli o`zgartirishlar kiritilmoqda.

Qaror loyihasining qabul qilinishi O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`laridan ortiqcha xarajatlarni talab etmaydi.

    Boshqa yangiliklar