Bloger Shaxnoza Soatova o`zining telegram kanalida yarim kun SES eshigida sarg`ayib, test topshirolmay qaytgani haqida ko`rganlarini yozdi.

"Zarilmi shu test menga, bo`ldi, o`zim uchun qaror qildim, menda katta ehtimol bilan Covid-19...
Kontakt bo`lgan, haroratim 4-kun 37 - 37,5 atrofida ushlanib turibdi. Qizim, onam, ukam, kelinim - hammamiz isitmaladik, onam ta`m bilmayaptilar, yo`talyaptilar. Kelinimda qattiq quruq yo`tal va 39 darajagacha isitma kuzatildi, menda esa faqat tana qaqshab og`rishi va isitma. Tez yordam va poliklinika menda kovid bo`lishi mumkin deb faqat masofadan maslahat beryapti, lekin test yo`qligi uchun rasman kovid deb tan ham olmayapti. Xullas, betartiblik va tizimsizlik. O`zing uchun o`l etim.
Koviddan davolanaveraman endi. Albatta, mustaqil davolanaman, chunki testsiz birov meni koviddan davolamaydi, test topshirolmayman, demak yopiq doira.
"Hurmatli" Sog`liqni saqlash vazirligi! Shuncha payt faloncha kasal tuzaldi deb hisobot berib, shundoq ham tuzalib ketayotgan odamlar bilan statistikangizni boyitdingiz. Yana ularni tantana bilan uyiga kuzatib ajoyib shoular qildingiz. O`sha paytda resurslaringizni to`g`ri taqsimlab, hozir o`zingiz qo`llayotgan usulni qilsangiz, ya`ni yoppasiga emas, faqat o`ta zarur hollarda kasalxonaga kovid bilan zararlanganlarni yotqizsangiz bo`lmasmidi? Vrachlarni zo`riqtirmay, boshqa resurslarni ham oqilona taqsimlash bo`lmasmidi shu. Kecha hammaga, bugun esa hech kimga bo`lyapti endi.
Bo`ldi, testlashni ham to`xtating, baribir bu testlaringiz na real ahvolni ko`rsatyapti, na kerakli odamlarni qamrab olyapti. Resurs uvol bo`lyapti va tibbiyot xodimlar riskda qolyapti, xolos.
Undan ko`ra hozir, aynan shu kunlarda o`zida koronavirus belgilarini sezganlar qaerga borishi, nima qilishi, o`zini o`zi qanday davolashi haqida yo`riqnoma chiqarib tarqating. Hozir eng keraklisi shu. Chunki aholi u yoqda tursin, tibbiyot hodimlari ham bilmayapti nima qilishni. Internetda aylanib yurgan turli reseptlarni tartibsiz qo`llashyapti!
Masalan, uch kun avval isitmam chiqqanida poliklinikaga telefon qildim, u tezyordamga qil dedi. Koll-sentr ham tezyordamga yo`naltirdi, tezyordam poliklinikaga, poliklinika yana tezyordamga... Oxiri telefonim ovoz yozyapti, shikoyat qilaman deganimdan so`ng uchastka vrachim telefonda dorilarni aytib turdi. Mana ahvol!
Hamma test topshiraman deb kasal yuqtirib yuribdi bir-biriga va vaqtni ham boy beryapti. Odamlarga hozir, bugun nima qilsa, qaerga murojaat qilsa to`g`ri va xavfsiz bo`lishini aytish kerak. Aytish uchun o`zinglar bilasizlarmi bu savollarning javobini?" deb yozadi blogger.






