1

Jahon banki O`zbekistonga qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish uchun 500 mln dollar qarz beradi

Iqtisodiyot 12.07.2020, 11:48
Jahon banki O`zbekistonga qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish uchun 500 mln dollar qarz beradi

Jahon banki O`zbekistonning qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish loyihasini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 500 million dollarlik qarz yo`naltiriladi. Bu bo`yicha O`zbekiston tomonidan Bosh vazir o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Jahon banki tomonidan Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy direktor Liliya Burunchuk bitim imzolashdi.

O`zA yozishicha, loyiha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan tegishli ravishda 276 million va 224 million dollar miqdorida moliyalashtiriladi.

Ushbu loyiha tufayli O`zbekistonning barcha mintaqalaridagi fermerlar va agro korxonalar vakillari uchun zamonaviy texnologiyalar, texnik maslahat, ishlab chiqarish, agrologistika, fitosanitariyaning turli bosqichlarida qo`llab-quvvatlash xizmatlaridan, shuningdek, savdo hajmini oshirish uchun zarur axborot manbalaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi. 

Loyiha O`zbekistondagi qishloq xo`jaligi ilmiy-tadqiqot institutlarini modernizasiya qilish, amaliy tadqiqotlarni o`tkazish va tarmoqqa ilg`or ishlanmalarni joriy etishga yordam beradi. 

Jahon banki vakili Marko Mantovanelli: "Bu yil O`zbekistonda COVID-19 pandemiyasi tufayli inqirozga uchragan boshqa sohalardan farqli o`laroq, qishloq xo`jaligi o`sish namoyish etishi kerak. Bu oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan doimiy mavjud talab bilan bog`liq. Tarmoq mamlakat iqtisodiyotini tiklash lokomotivlaridan biriga aylanishi mumkin. Bugungidek qiyin kunlarda yangi loyiha minglab fermerlar va agrokorxonalar vakillariga ishlab chiqarish hajmi va o`z mahsulotlari eksportini oshirishda yordam beradi", - deya ta`kidlad. 

Ta`kidlash kerak, "Ilm, ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish" yilida hujjatlarni imzolash elektron shaklda amalga oshirilmoqda. Mazkur kelishuv Jahon bankining mintaqada ushbu formatda imzolangan birinchi hujjatiga aylandi.

Ma`lumot uchun: Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) Jahon bankining asosiy kredit beruvchi muassasasi bo`lib, ayni payt 189 a`zo davlatga tegishli global rivojlanish tashkiloti hisoblanadi. Dunyodagi eng yirik rivojlanish banki sifatida, XTTB Jahon banki guruhi missiyasini kreditlar, kafolatlar, tavakkalchiliklarni boshqarish bo`yicha mahsulotlar va maslahat xizmatlarini taqdim etish orqali qo`llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, XTTB mintaqaviy va global muammolarga javob choralarini muvofiqlashtiradi.

Xalqaro rivojlanish uyushmasi (XRU) Jahon banki tarkibida 1960 yilda tashkil etilgan bo`lib, tuzilma faoliyati iqtisodiy o`sishni jadallashtirish, tengsizlikni kamaytirish va aholining yashash sharoitlarini yaxshilash dasturlarini amalga oshirish uchun kredit va grantlar taqdim etish orqali kambag`allik ko`lamini kamaytirishga yo`naltirilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1