AsosiySport

Angliya futboli afsonasi Jek Charlton 85 yoshida vafot etdi

'Angliya futboli afsonasi Jek Charlton 85 yoshida vafot etdi'ning rasmi

The Guardian nashrining xabar berishicha, bugun Angliya milliy terma jamoasi sobiq himoyachisi Jek Charlton 85 yoshida og`ir xastalikdan vafot etdi. Futbol tarixida o`zidan yorqin iz qoldirgan insonning faoliyati barchaga qiziq va ibratli.

U 1935 yilning 8 mayida Angliyaning Ashington shahrida futbolchilar oilasida dunyoga kelgan. Yoshligidan futbolga mehr qo`ygan. Uning naq beshta amakisi turli yillarda «Lids Yunayted», «Chesterfayld», «Bredford» hamda «Nyukasl» jamoalarida faoliyat olib borgan. Lekin Charltonlar avlodi eslanganda ko`proq uning o`zi va amakilari emas, balki o`sha mashhur ukasi Bobbi yodimizga keladi

U tug`ilgan shahar Angliyaning yirik ko`mir industriyasiga aylangan bazasi hisoblanar va oiladagi hammaning ishi shu soha bilan bog`langan edi. Shuning uchun ham bo`lsa kerak, yosh Charlton oilaning katta farzandi sifatida ro`zg`or yumushlariga ancha erta o`zini ura boshlaydi. Lekin o`sha paytlari moliyaviy jihatdan qancha qiynalmasin, mashhur klublar o`rtasidagi bahslarni tribunadan turib kuzatib borishni kanda qilmasdi. Oilada uning bu qiziqishini faqat onasi Sissiegina ilg`ay olgan.

Onasi hatto, birmuncha vaqt davomida o`sha paytlardagi mahalliy maktab jamoalariga murabbiylik ham qilgan. Nisbatan futbolni tushungan va uning ichida faoliyat yuritgan ayol o`z farzandlarining ushbu sport turiga bo`lgan qiziqishiga befarq qaramagan va ularning tarbiyasiga asosan o`zi mas`ul bo`lgan. Sissie dam olish kunlari o`tkaziladigan o`yinlarga farzandlarini olib borgan. Keyinchalik ham Jek Charlton o`z intervyularida yoshlik davrlaridagi «Nyukasl»ning o`yinlari yorqin va chiroyli bo`lgani hamda ularning birortasini o`tkazib yubormaganligini birma-bir xotirlaydi. Balki, hayoti davomida butun umr muxlislik qilgan klubiga nisbatan uyg`ongan mehr mana shu davrlarda shakllangan bo`lsa ajab emas.

Jek Charltonning futbolchilik faoliyati 15 yoshida boshlangan. Mahalliy «Lids» jamoasidan tushgan taklifga dastlab, otasi sabab rozilik bildira olmaydi. Eski joyi, ko`mir shaxtasida bir qancha muddat ishlab yurishga majbur bo`ladi. Lekin baribir u o`z kelajagi — futboldan uzoqqa ketolmas edi. Bundan tashqari «Lids»da to`p tepayotgan amakisi Jimning qistovi sabab, nihoyat, uzoq kutilgan transfer amalga oshadi. 1950 yili Jek Charlton «Lids Yunayted» akademiyasiga qabul qilinadi. Oradan ikki yil o`tgach Rich Karter qo`l ostidagi klubning asosiy tarkibiga kelib qo`shilad. Shu yildan boshlab endi Jek uchun katta futbol karerasi boshlanadi. O`zining debyut o`yinini 1953 yilning 25 aprelida «Donkaster Rovers» klubiga qarshi o`tkazgan hamda uchrashuv 1:1 hisobida yakunlangan.

«O`sha payti asosan markazda o`ynar edim va buning effekti o`zimga ham unchalik sezilmasdi, keyin meni Karter yoniga chaqirib, qaerda o`ynashimni tayinlagan: »Sening asosiy vazifang — raqib hujumchilarini kuchsizlantirish«, — deya uqtirgan. Shundan beri markaziy himoyada o`ynab kelmoqdaman», — degan edi Charlton bir intervyusida. 

Tabiatan mehnatkash va intiluvchan bo`lgan bu yigit mashg`ulotlardan sira qochmas va o`zining ustida tinimsiz ishlar edi. Lekin jamoasida u kabi o`yinchilar ancha kamligi sabab klub miqyosida u aytarli sovrinlarga erisha olmaydi. Bir necha yillar davomida «Lids Yunayted»ning Angliya ikkinchi divizionida zo`rg`a jon saqlab yurishi hamda qolgan futbolchilar bilan yuzaga kelgan ba`zi kelishmovchiliklar Jekning hayotiga salbiy ta`sir ko`rsatadi. U klubi uchun borini berib o`ynardi va ba`zida murabbiyga ham o`z so`zini o`tkaza olgan. Bu esa trenerlarga yoqmaydi.

Keyinchalik u tez-tez tungi klublarga boradigan, mashg`ulotlarga kechikib qatnashadigan odat chiqardi. Bu esa rahbariyatga ma`qul kelmas, endi u juda ko`p muddat zaxira o`rindig`ida qolib ketardi. O`yin amaliyoti etarlicha bo`lavermagach, ichkilikka berilib, qisqa vaqt mobaynida Jekning hayoti izdan chiqdi. 

Lekin tez orada yaqinlari ko`magida yana eski formasiga qayta boshladi, o`z oldiga jiddiy maqsadlar qo`ydi. Bunda, ayniqsa, eski murabbiyi Rich Karterning xizmatlari katta edi. «Rich menga har bir o`yin oldidan o`zimga bo`lgan motivasiyam oshishiga yordam berardi», — deb eslaydi futbolchi. Charlton mahoratini yildan yilga o`stirib borgani sayin mehnatining mahsullari ham uzoq cho`zilmadi. Nihoyat 1955-56 yilgi mavsumda klubi «Lids» bilan uzoq yillik tanaffusdan so`ng birinchi divizionga chiqa oldi. Bu natija o`sha paytlar uchun juda katta yutuq edi. Shundan keyin milliy terma jamoaga ham muntazam jalb etiladigan bo`ldi. Lekin 1958 yili jamoani uzoq boshqargan murabbiy Rich Karter iste`foga chiqqach, «Lids» uchun alg`ov-dalg`ovli yillar boshlanadi. Klub ikkinchi divizionga tushib ketadi va bir necha marta murabbiy almashish hodisasi kuzatiladi. 

Charlton sermahsul himoyachi bo`lgani sababli uni hatto, markaziy hujumda ham o`ynatib ko`rishadi. Bu kabi omillar borgan sari jamoa tizimiga salbiy ta`sir ko`rsatar edi. Lekin shunga qaramay bir necha yildan so`ng kelgan yangi rahbariyat klubda yangi era boshlanishiga sabab bo`ldi — 1962 yili jamoa boshqaruviga Don Revi keladi va katta burilish yasashga urinib ko`radi. U va Charlton boshchiligida «Lids» yana birinchi divizionga ko`tariladi. 

Umuman, 1962 — 1966 yillar klub uchun ancha omadli o`tdi. Bu orada jamoa elitada «Manchester Yunayted»ga raqobatbardosh bo`lib shakllandi, chempionlik poygasida qatnashdi, ketma-ket 25 martalik mag`lubiyatsiz seriyani yaratdi, bir marta Angliya kubogi finaliga ham chiqdi. Evrokuboklarda garchi uzoqqa bora olmasa-da, yorqin o`yini bilan «Lids» muxlislar qalbidan joy oldi. Bu kabi yirik natijalarda, shubhasiz, Jek Charltonning xizmatlari beqiyos. Bu orada u himoyadagi ajabtovur o`yinlari evaziga grand klublar qiziqishiga ham tushdi. «Liverpul» ustozi Bil Shenkli tomonidan o`sha paytdagi super summa — 30 ming funt sterling taklif etildi, MYu bosh murabbiyi Meyt Byusbi hatto, futbolchining o`zi bilan ham uchrashib ko`rdi. Lekin Jekka bu kabi takliflar yoqmas edi. U qadriyatlarga suyanardi, sobiq jamoasiga sodiqlik namoyish etib, barchaga rad javobini berardi. Shuning uchun ham klubi ramziga aylandi.

Yuqorida ta`kidlaganimizdek, o`zi uchun «oltin davr» hisoblangan yillarda terma jamoa miqyosida ham ulkan zafarlarga erishdi. Angliya har doim dunyo futboli gigantlari safida qayd etib kelingan. 

Charlton bu erda havas qilarli o`ynadi. Muntazam mundiallarda qatnashib bordi,1966 yili bosh sovrinni qo`lga kiritdi. Finalda GFR mag`lub etildi. Ikki yil o`tib, u va jamoadoshlari Evropa chempionatida kuchli uchlikdan joy olishdi. 1967 yilda yil o`yinchisiga nomzodlar qatoriga kiritildi.

Bu kabi muvaffaqiyatlar Jek Charltonning murabbiylik faoliyatidagi ulkan tajribasiga ham tamal toshi bo`lib xizmat qildi, desak, yangilishmaymiz. Murabbiylikka o`tgach, turli yillarda «Middslbro», «Sheffild» va «Nyukasl» klublarini boshqardi. «Middlsbro» uning qo`l ostida ikkinchi ligada 1973-1974 yilgi mavsum g`olibiga aylandi. «Sheffild»ni esa qiyin damlarida uchinchi diviziondan yuqoriga olib chiqa oldi. 1986 yili Irlandiya termasi bosh murabbiyligiga tayinlandi hamda 1990 yilda olamshumul natija — shogirdlarini chorak final yo`ligacha olib bordi. Aynan ushbu natija Irlandiya futboli tarixida o`chmas iz qoldirdi. Bundan tashqari, «Evro — 88 va »JCh — 90"larda ham uning qo`l ostida Irlandiya yorqin o`yin ko`rsatdi. Nihoyat, 1996 yili iste`foga chiqdi. Ko`rinib turibdiki, murabbiylik sohasida ham maqtashga loyiq natijalar ko`rsatgan. Futbolchilik faoliyatida esa kamdan kam holat — 23 yil davomida bir klub safida o`ynagan.

Binobarin, Jek Charltondek fidoyi, irodali, mehnatkash va iqtidorli futbolchi siymosi muxlisu mutaxassislar tomonidan uzoq yillar davomida yodga olinishi, to`p surgan hamda ustozlik qilgan jamoalari tarixida abadiy muhrlanib qolishi shubhasiz.

    Boshqa yangiliklar