1

Nukus garnizonida askarlarning Vatanga qasamyod qabul qilish marosimi bo`lib o`tdi

Jamiyat 13.07.2020, 15:13
Nukus garnizonida askarlarning Vatanga qasamyod qabul qilish marosimi bo`lib o`tdi

Joriy yil muddatli harbiy xizmatni Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlarida o`tash uchun kelgan ming nafarga yaqin yoshlar mana shunday sinovli damlarda yurtimizni ko`z qorachig`idek asrashni, uni himoya qilishni ahd qilib, Vatanga qasamyod qabul qilishdi. Bu haqda Darakchi.uzga Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Shu munosabat bilan Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida o`tgan tantanali tadbirda Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Ma`naviyat va ma`rifat markazi hamda O`zbekiston Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining Qoraqalpog`iston Respublikasi hududiy bo`limi vakillari ishtirok etdi.

Tantanali marsh sadolari ostida maydonga Jangovar bayroq olib kirildi. 

Shundan so`ng yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilar karantin qoidalari va ijtimoiy masofalanish tartiblariga rioya etgan holda ona yurtimizning sarhadlarini, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini so`nggi nafasi qolguncha himoya qilishga ont ichib, birinchilar qatorida Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilgan yangi“Vatanga qasamyod” matni bo`yicha sodiqlikka ont ichishdi. 

O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasining davlat madhiyalari yangradi.

Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov O`zbekiston Respulikasi mudofaa vazirining askarlarga yo`llagan tabriknomasini o`qib eshittirdi.

Qo`mondon Vatanga qasamyod qabul qilgani munosabati bilan tabrik nutqida askarlardan xizmati davomida Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatining boy tarixiy merosi, an`ana va urf-odatlarini chuqur o`rganib, harbiy kasbni mustahkam egallab, amaliy ko`nikmalarni doimo oshirib borishni so`radi.

“Aziz farzandlarim! Siz kabi vatanparvar, sadoqatli, fidoyi, zabardast yigitlarni voyaga etkazgan va yurtimizni himoya qilish uchun harbiy xizmatga yuborgan ota-onalaringizga cheksiz hurmatimni bildirgan holda muhtaram Prezidentimiz va shaxsan o`zim nomimdan minnatdorchilik bildiraman”, – dedi jumladan, polkovnik F.Shermatov.

Shuningdek, so`zga chiqqanlar askarlarni unutilmas kun munosabati bilan tabriklab, ularga yuksak ishonch bildirishdi.

Ta`kidlash joizki, pandemiya bilan kurashish, Koronavirus yuqumli kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida yurtimizda karantin qoidalari kuchaytirilgani sabab, tantanali tadbirda muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok eta olmadi. Ammo, harbiy okrug qo`mondonligining tashabbusi bilan tadbirda o`g`lonlarning qasamyod qabul qilish jarayoni aks etgan fotosurat hamda videolavhalar har bir ota-onaga elektron shaklda mesenjerlar orqali yuborilishi ta`minlandi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining askarlarga sovg`asi sifatida taqdim etilgan“O`zbekiston tarixi” va “Temur tuzuklari” kitoblari yigitlarga o`zgacha quvonch bag`ishladi. Har bir askarga Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonining yo`llagan nomma-nom tabriknomasi, yigit kishi hayotida bir marotaba bo`ladigan Vatanga qasamyod marosimi haqida iliq taassurotlarning bir umrga muhrlanishini ta`minladi.

Tadbir davomida yaqindagina Qurolli Kuchlar saflariga kelgan muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qurol bilan ko`rgazmali safva qo`l jangining murakkab elementlaridan iborat bo`lgan  chiqishlar, o`qotar qurollarni ko`zi bog`liq holda noto`liq qismlarga ajratish va yig`ish bo`yicha mashqlar namoyish etildi.

Nukus garnizoni Ma`naviyat va ma`rifat markazining harbiy orkestri jamoasi tomonidan milliy kuy va qo`shiqlar tantanaga bayramona ruh bag`ishladi.

Tantanali tadbirdan so`ng or-nomusini o`rtaga qo`yib, qasamyod qilgan askarlar sharafiga bayramona dasturxon yozildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1