1

Karantin hozir kuchaytirilmasa, dekabrgacha O`zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni qancha bo`lishi ma`lum qilindi

Jamiyat 14.07.2020, 07:20
Karantin hozir kuchaytirilmasa, dekabrgacha O`zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni qancha bo`lishi ma`lum qilindi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov karantin tartibining iqtisodiyot va aholi daromadlariga ta`siri haqida mulohazalarini bildirdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning bildirishicha, O`zbekistonda 10 iyuldan 1 avgustga qadar davom etishi kutilayotgan kuchaytirilgan karantin tartibi iqtisodiyot va aholi daromadlariga bahordagi karantin kabi jiddiy salbiy ta`sir ko`rsatmaydi.

“Cheklov choralarining hozirgi bosqichini ob`ektiv ravishda avvalgisi bilan solishtirib bo`lmaydi, chunki hozirgi cheklovlar asosan xizmat ko`rsatish, umumiy ovqatlanish sohalari, ya`ni odamlarning ommaviy to`planishi bilan bog`liq bo`lgan tarmoqlarga tegishli. Amaldagi chora-tadbirlar virus tarqalishini sekinlashtirishga qaratilgan. Bir vaqtning o`zida kamroq odam yuqtirsa, o`ta og`ir bemorlarni davolash osonroq bo`ladi.

Joriy karantin sabab iqtisodiy faoliyatning umumiy pasayishini ham kutmaslik kerak. Faoliyati to`xtab qolgan korxonalarning kamida 70 foizini sentyabr oyigacha, qolgan barchasini esa 2020 yil oxirigacha qayta ishga tushishi kutilmoqda — bu hukumat topshirig`i bilan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tayyorlangan prognozda o`z aksini topgan.

Pandemiya yaqin orada susaymaydi va iqtisodiy faoliyat epidemiologik vaziyatga qarab olib boriladi. Aytishim mumkinki, agar epidemiyaning yangi to`lqini boshlanganligi sababli karantin choralari kuchaytirilmasa, markazimiz prognozlariga ko`ra, 2020 yilning dekabr oyiga qadar koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni deyarli 64 ming bemorga etishi mumkin, ushbu bemorlarni parvarish qilish uchun esa qo`shimcha 3,6 trillion so`m mablag` kerak bo`ladi.

Taqqoslash uchun, bugungi kungacha O`zbekistonda koronavirusning tarqalishiga qarshi kurash xarajatlari (testlar, dorilar, himoya vositalari, tibbiyot xodimlariga to`lanadigan to`lovlar) uchun 750 milliard so`mga yaqin mablag` sarflangan. Shundan kelib chiqib, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari joriy etilgan cheklovlarni maqsadga muvofiq deb topgan.

Karantin choralarini kuchaytirish samarasini 15—20 kun ichida baholash mumkin bo`ladi. Hammasi biz bu choralarga qanchalik rioya qilishimizga bog`liq. Albatta, iqtisodiyot yangi xavf-xatarlarga moslashishi kerak va ayni paytda iqtisodiyot sohalari kasal fuqarolar soniga qarab ochilishi yoki yopilishi mumkin”, deydi Obid Hakimov.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1