1

Sirdaryoda "Tez yordam"ga yo`l bermagan sudyani IIB xodimlari "tarbiyalab" qo`yishdi (video)

Jamiyat 15.07.2020, 20:33
Sirdaryoda "Tez yordam"ga yo`l bermagan sudyani IIB xodimlari "tarbiyalab" qo`yishdi (video)

Sirdaryo viloyati nazorat-o`tkazish punktida sudya IIB xodimlari tomonidan kaltaklandi. Bu haqda jurnalist Zafarbek Solijonov o`zining Telegram’dagi sahifasida ma`lum qilgandi. Bosh prokuratura bu xabarni tasdiqladi. Sirdaryo viloyatidagi nazorat-o`tkazish punktida sudya IIB xodimlari tomonidan zo`rlab mashinasidan tushirib ketilgan. Uning avtomobili esa "Tez yordam" mashinasining yo`lini to`sgani uchun yo`ldan olib qo`yilgan.

Ichki ishlar vazirligi mazkur holat bo`yicha munosabat bildirdi va holat aks etgan videoni taqdim etdi. Video:

Vazirlik tomonidan ma`lum qilinishicha, Guliston shahri «Ulug` yo`l» MFY hududidan o`tuvchi M-34 Toshkent—Termiz avtomobil yo`lining 117-kilometrida «Toshkent» karantin blokposti tashkil qilingan. Guliston shahriga avtomobilda kirish mazkur yo`lning ikkita harakat qatori orqali tashkil qilingan. Mazkur yo`l xalqaro ahamiyatga ega ekanligi hisobga olinib, uning uchinchi qatori kechiktirib bo`lmaydigan xizmatlar mashinalarining to`xtamasdan harakatlanishi uchun ochib qo`yilgan.

Ta`kidlanishicha, 13 iyul kuni soat 09:30 da davlat raqami 01 X 172 DA bo`lgan oq rangli Nexia-1 haydovchisi «Toshkent» karantin blokposti orqali o`tish mo`ljallangan ikkita harakatlanish bo`lagi orqali harakatlanmasdan, uchinchi harakatlanish bo`lagi orqali Guliston shahriga kirmoqchi bo`lgan. Keyinchalik ma`lum bo`lishicha, avtomobil haydovchisi Jinoyat ishlari bo`yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi A.Ergashev bo`lgan.

Nexia’ning mazkur qatordan harakatlanishi shu yo`nalish bo`yicha harakatlanib kelayotgan tez yordam avtomashinalarining yo`lini to`sib qo`ygan.

Orqa tomondan tovushli signal va mayoqlarini yoqib harakatlanib kelayotgan tez yordam avtomashinasida og`ir kasal kelayotganligi bois shu erda xizmat o`tayotgan Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlariga aloqa vositasi orqali xabar kelib tushgan.

«Shu sababli xodimlar zudlik bilan tez yordam avtomashinasini to`siqsiz o`tkazib yuborish uchun mazkur haydovchiga avtomashinani to`g`riga harakatlantirish ishorasini ko`rsatgan bo`lsa-da, haydovchi o`zini tanishtirmasdan, xodimlarning talablarini bajarmasdan, avtomashinasini yo`lning qatnov qismida to`xtatib, tez yordam avtomashinalarining to`siqsiz harakatlanishiga xalaqit qilgan», — deyiladi vazirlik xabarida.

Shundan so`ng mazkur blokpostda xizmatga jalb etilgan va holatni kuzatib turgan Sirdaryo viloyati IIB xodimlari uning yoniga borib, YHXB xodimi bilan birga haydovchiga orqasidan harakatlanib kelayotgan tez yordam avtomashinasining yo`lini to`sib qo`yganligini tushuntirgan, biroq haydovchi avtomashinasini joyidan qo`zg`atmasligini aytib, xodimlarga qo`pol munosabatda bo`lgan.

Xodimlar mazkur haydovchi boshqaruvidagi avtomashina orqasida turgan tez yordam avtomashinasining to`siqsiz harakatini ta`minlash va tirbandlikni bartaraf etish maqsadida Nexia-1 avtomashinasi haydovchisini avtomashinadan tushirib, avtomashina yo`ldan olingan. Qayd etilishicha, muammo bartaraf etilganidan so`ng haydovchi o`zini tanishtirgan. Shundan so`ng haydovchiga ketishga ruxsat berilgan. Haydovchi va ichki ishlar organlari xodimlari o`rtasidagi muloqot xodimlarning bodikameralarida to`liq aks ettirilgan.

«Tasvirlarda ko`rganingizdek, haydovchi bilan ichki ishlar organlari xodimlari o`rtasida bo`lgan muloqot jarayonida kuch ishlatish yoki qo`pollik qilinmagan», — deyiladi vazirlik tomonidan taqdim etilgan videoda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1