AsosiyJamiyat

Deputat: Monopolistlarimizning “bezbetlarcha” katta-katta mablag`larga "ega" bo`layotganligi asablarni tarang qilmoqda

'Deputat: Monopolistlarimizning “bezbetlarcha” katta-katta mablag`larga "ega" bo`layotganligi asablarni tarang qilmoqda'ning rasmi

Yaqinda Prezident Farmoni bilan Moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi kurashish jamg`armasi tashkil etilgandi. Jamg`armaning asosiy maqsadi qoronavirusga qarshi kurashish bo`yicha choralarga sarflanishi kerak bo`lgan mablag`lar tashkil etadi. Kuni kecha ushbu jamg`armaning daromad va harajatlari e`lon qilindi. 

Ushbu hisobotdan ta`sirlangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati Rasul Kusherbaev o`zining telegram kanalida quyidagi fikrlarini yozib qoldirdi:

" - Raqamlarni ko`rib, mana shunday og`ir sharoitda ham bizni “boqimanda”, xalq hisobiga kun ko`rib yurgan monopolistlarimiz “bezbetlarcha” katta-katta mablag`larga ega bo`layotganligi asablarni tarang qilmoqda.  

E`tibor qiling: koronavirusga qarshi kurash tadbirlari uchun mamlakat bo`yicha 907 mlrd, shifoxona va karantin majmualarini qurish va jihozlash uchun jami 684 mlrd. so`m ajratilgan bir vaqtda iqtisodiyotni qo`llab quvvvatlash degan band bilan bizni “boqimanda”, “erkatoy” monopolchilarimiz bo`lgan “Uzbekistan airways” AJga ssuda tariqasida 406 mlrd, “Uzbekistan airports” AJga ssuda tariqasida 101 mlrd, “O`zbekneftgaz” AJga subsidiya hisobida 401 mlrd, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJga ssuda tariqasida 40 mlrd, “Issiqlik eelektr stansiyalari” AJga subsidiya tariqasida 500 mlrd, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga ssuda tariqasida 250 mlrd so`m miqdoridagi mablag`lar ajratilgan. Bir nechta monopolistga ajratilgan mablag` jami koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilayotgan mablag`dan ham ko`p. Bu insofsizlik emasmi?

Iste`molchi sifatida xalqimizga tanlov imkoniyatini bermaydigan hurmatli monopolchilarimizni faoliyatidan odamlarimiz shu kunga qadar rozi bo`lib kelganda ham alam qilmasdi. Ayting qaysi biridan biz rozimiz: dunyoda neft narxi minus darajaga tushgan vaqtda ham benzin narxini bir ikki haftaga nomiga tushirib, yana qaytarib qo`ygan “o`yinchi” “O`zbekneftgaz”danmi, bilet narxlari osmon, sifati past “Uzbekistan airways” nomli havo yo`llaridanmi yo joylarda normal chiroq yoqib o`tirishdan ham mahrum qilayotgan elektr tarmoqlaridanmi?  

Ayting hurmatli monopollar: xalq boshiga tushgan kulfat vaziyatda siz qaysi xizmatingiz uchun bu pullarga sherik bo`layapsiz? Shu kunlarda ham xalq bo`yniga o`ligingizni tashlashga uyalmaysizmi?

Mana monopoliyaning oqibati: ular davlat va xalqni tanasidagi zulukdek o`lguncha so`rishadi, xalq kulsa ham o`lsa ham ular doimo yuk, millionlab odamlar bir nechta “erkatoy”ni boqishga mahkum bo`ladi. Shu sabab, davlat bu zuluklardan kechib maydonni mard, halol, mas`uliyatli  raqobatchilarga tezroq bo`shatib berishi kerak." 

    Boshqa yangiliklar