Prezident Shavkat Mirziyoevning «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta`sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik sub`ektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo`llab-quvvatlashning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoni imzolandi.
Unga ko`ra, 2021 yil 1 iyulga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan o`rnatilgan joylashtirish, qurish va foydalanish bo`yicha vaqtinchalik talablarga rioya qilgan holda hamda tuman (shahar) hokimliklarini xabardor qilish orqali iste`molchilarga ovqatlanish xizmatlarini ko`rsatish uchun o`zlariga tutash bo`sh er uchastkalarida engil konstruksiyalarni bepul joylashtirish va qurish huquqiga ega.
Belgilanishicha, 2021 yil 1 iyulga qadar karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab tadbirkorlik sub`ektlariga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan shartnoma tuzmasdan davlat soliq xizmati organlarini savdo muddati, mahsuloti va transport to`xtashi taqiqlanmagan joylarni ko`rsatgan holda xabardor qilish orqali avtodo`kon, avtomagazin, avtotirkama, avtosisterna va fudtraklar orqali savdo qilish huquqi taqdim etiladi.
O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi o`zining rasmiy sayti va mobil ilovalar orqali ko`chma savdoni boshlash to`g`risida elektron xabarnomalarni bepul qabul qilishni ta`minlaydi.