2017 yildan e`tiboran mamlakatimizda to`liq 9+3=12 yillik ta`lim tizimidan 11 yillik o`qishga o`tildi. Natijada, maktab va kollej o`quvchilari tomonidan sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni 2,5 barobarga kamayishiga erishildi. Shu bilan birga, ko`pchilik ota-onalar tomonidan bu qaror to`g`ri qaror ekanligi e`tirof etildi.
XTV matbuot kotibi bergan ma`lumotga kshra bugungi kunda xalq ta`limi tizimida 9 942 ta umumiy o`rta ta`lim maktablarida 6,2 mln. nafarga yaqin o`quvchi tahsil olayotgan bo`lib, ularga 481 ming nafar o`qituvchi ta`lim-tarbiya berib kelmoqda.
Umumta`lim maktablarida o`quvchilar tomonidan sodir etilishi mumkin bo`lgan turli g`ayriijtimoiy hatti-xarakatlarning oldini olish bo`yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Aytish joizki, bugun xalq ta`limi sohasida tarbiyasi og`ir, huquqbuzarlik sodir etishga moyil o`quvchilar bilan tizimli ishlar yo`lga qo`yilgan.
“Davomat”, “O`quvchi” tadbirlari maktabga muntazam kelmayotgan o`quvchilarni maktabga qaytarish choralarini ko`rish maqsadida joriy etilgan.
G`ayriijtimoiy hatti-xarakatlarni sodir etishga moyil bo`lgan o`quvchilarni maktabning ichki nazoratiga olinishi tizimining mavjudligi bunday kategoriyadagi o`quvchilar tomonidan keyinchalik jinoyatlar sodir etilishining oldini olishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, so`nggi yillar davomida umumta`lim maktablari o`quvchilari o`rtasida sodir etilgan jinoyatchilikning koeffisenti har 10 ming nafar o`quvchiga nisbatan tahlil qilinganda 2016 yilda har 10 ming nafar o`quvchidan 0,9 nafari jinoyat sodir etgan, 2017 yilda ushbu ko`rsatgich 0,8 o`quvchi, 2018 yilga kelib 0,8 o`quvchini tashkil etgan bo`lsa, 2019 yilning 12 oyi holatiga 0,7 o`quvchini tashkil qildi.
Kasb-hunar ta`limi tizimidaga holatni tahlil qiladigan bo`lsak mazkur ko`rsatkich 2016 yilda — 10 o`quvchi, 2017 yilda— 10, 2018 yilda— 9, 2019 yilda— 8 ni tashkil qilgan.
Mamlakatimizda 11 yillik ta`limning qayta tiklanishi natijasida respublikada jami voyaga etmaganlar o`rtasida jinoyatchilikning koeffisenti 2016 yilda — 2,4 ni tashkil qilgan bo`lsa, 2019 yilda mazkur ko`rsatgich 1,0 ni tashkil etdi. Mazkur holat 11 yillik ta`lim tizimiga qaytish qarori to`g`ri bo`lganligining yorqin isboti sifatida xizmat qiladi.
Solishtirish uchun, 2019 yilning yakuni holatiga mazkur ko`rsatgich AQShda — 44,7 o`quvchi, Rossiya Federasiyasida — 23,7 o`quvchi Qozog`iston Respublikasida — 7,6 o`quvchi, Tojikistonda — 3,6 o`quvchini tashkil qilgan.






