AsosiyJAMIYAT

Unutilmagan Sardoba – unutilgan fojia. Toshqindan eng birinchi zarar ko`rgan mahallani bugun tanimaysiz (foto)

Sardobajon! 2020 yilning 1 may kunidan Vatanimizning har bir fuqarosi bu joy nomiga joniga...

'Unutilmagan Sardoba – unutilgan fojia. Toshqindan eng birinchi zarar ko`rgan mahallani bugun tanimaysiz (foto)'ning rasmi

Sardobajon! 2020 yilning 1 may kunidan Vatanimizning har bir fuqarosi bu joy nomiga joniga yaqindek joni achib, jonajoni kabi “jon” so`zini qo`shib aytadigan bo`ldi. Uning fojiasi barchani larzaga solib, o`sha kun qalblarda unutilmas kunga aylandi. Bugun esa vaziyat umuman o`zgacha. Sardobaliklar o`sha kunlarni unutishni boshlagan. O`tgan 10-15 kunlardan beri toshqindan zarar ko`rgan aholi qayta tiklangan uylariga qaytishmoqda. Jonajon mahallasidagi o`zgarishlarni ko`rib, ko`zlariga ishonishmayapti. Qilingan ishlar va o`zgarishlardan hayratga tushib, o`ziga eng birinchi aytadigan gapi – “Xudoga ming qatla shukr! Hammasi orqada qoldi. Prezident va`dasidan chiqdi!” 25 iyul kuni Qurilish vazirligi hamrohligida Sardobaga qilgan press-turimizni eng avvalo toshqindan birinchi zarar ko`rgan eski “Qo`rg`ontepa” MFYdan boshladik.

“eski” so`zini bejiz ishlatmadik. Chunki Xorazm va Navoiy viloyatidan kelgan mutaxassislar tomonidan qayta tiklangan bu mahalla fuqarolar yig`iniga endi “Muhammad al-Xorazmiy” nomi berilgan. Ko`chalaridan biri esa Navoiy (eski Barhayot ko`chasi) nomi bilan ataladi. MFY aholisi ham homiylarning hurmatiga mahalla va ko`chalarining bu nomda nomlanishini bajonidil qabul qilishgan.

Toshqindan eng birinchi talafot ko`rgan “Muhammad al-Xorazmiy” MFY Sardoba suv omboridan 5 km uzoqlikda joylashgan. Bugunga kelib mahalladagi ta`mirlash ishlari 92 % bajarib bo`lingan. O`tmish va bugungi kechinmalarini bilish maqsadida mahallaning Navoiy ko`chasida istiqomat qiluvchi Hamidulla Umarovni suhbatga tortdik. 

  • Toshqindan so`ng shu kungacha qaerda yashadingiz?
  • Hamma har xil. Kimdir boshqa tumanda ijarada, kimdir biron qarindoshinikida. Men esa shu erda edim. O`z uyimning qayta ta`mirlanishiga o`zim ham yordam berdim. O`z uyim bo`lishiga qaramasdan, qilgan mehnatim uchun menga ham hamma qatori 2 million so`m oylik maosh berishdi. Bunday ishlaganlar ko`p mahallamizda.
  • Uyga oilangiz bilan qachon ko`chib kirdingiz?
  • 2 haftalar bo`ldi. Hamma sekin-sekin ko`chib kelishayapti. Toshqindan keyin bu erlarni ko`rmaganlar ko`zlariga ishonishmayapti. Axir bunday sharoitlar hatto oldin ham bo`lmaganda.
  • Uyingizda nimalar o`zgardi?
  • Butunlay hammasi o`zgardi. Prezidentimizga ming bor rahmat, haqiqatdan biz bilan ekanliklarini his qildik! Mana yangi uy, uy ichiga kirgan suv, qishlog`imizda oldin bo`lmagan gaz, hatto kanalizasiyagacha o`rnatildi. Ko`chalarimiz obod va zamonaviy. Uyimiz ichidagi hamma narsalar yangi – to`liq maishiy texnika, gilam, ko`rpa-to`shaklargacha! Bundan tashqari yana har bir oilaga 40 million so`mdan pul berildi. Yana bizga nima kerak? Biz o`tgan kunlarni esdan chiqardik. Endi yangidan hayot boshlaymiz. Bizga uylarimizni 1 sentyabrgacha ta`mirdan chiqarib berishni va`da qilishgandi. Va`dadan bir yarim oy oldin biz uyga kirdik.
  • Qora mollaringiz bor edimi?
  • Bor edi. Uni ham sentyabrgacha olib kelishni va`da qilishyapti. Biz ishonamiz. Shunchasi bo`ldi, buyog`i ham bo`ladi. Shu yordamlarni bermasa ham bir amallab yashardik. Lekin biz e`tibordan qolmadik. Siz uyimizga qarang, bunday zamonaviy uyga mol olib kelib boqishga ko`zingiz qiyadimi (kuladi)?

Aholining qora mollar, uy hayvonlari bo`yicha ko`rgan zararlari va ularni qoplash bo`yicha Sirdaryo viloyati kotibiyati mudiri Nodirbek Abdullaevdan so`raganimizda hozirda ishchi guruh tomonidan bu kabi yo`qotishlarning ham hisobi yuritilayotgani va sentyabrgacha bu zararlar ham qoplanishini aytdi.

Xulosa o`rnida

Vaziyatning bevosita guvohi sifatida Sardoba tumani aholisining bugungi hayotiga havasim keldi. Har narsada bir hikmat bo`lganidek, bir fojia ortidan Sardoba tumani aholisi hatto ba`zi shaharlarda ham yo`q bo`lgan sharoitlar bilan ta`minlandi. Muhimi u erda istiqomat qiluvchi aholining ko`zlaridagi afsus o`rnini bugun bayramona xursandchilik, kelajakka, davlat va yurtboshiga ishonch to`ldirganini ko`rdik. 

Sardorbek Rahmonqulov 

 

    Boshqa yangiliklar