Ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (avvalgi tuman IIB)da bo`lib o`tgan majlisdan yozib olinganligi taxmin qilingan ovozli xabar tarqaldi. Ushbu ovozli xabarda Olmazor tumani fuqarolarga nisbatan ma`muriy bayonnoma tuzishda juda kam ko`rsatkichga egaligi, natijada bu yuqori turuvchi rahbarlarni qanoatlantirmayotgani, tuman rahbarlari shahar miqyosida o`tkazilayotgan yig`ilishda buning uchun qattiq gap eshitishayotgani ta`kidlangan. Barchaga topshiriq berayotgan ichki ishlar mulozimi ushbu kamchilikni zudlik bilan bartaraf etish uchun bugundan boshlab har bir profilaktika inspektori fuqarolarga nisbatan turli moddalar bo`yicha 5 tadan ma`muriy bayonnoma tuzish haqida topshiriq bergan.
Jumladan, ovozli xabarda shunday deyiladi:
«Olmazor tumani HPB (tahr. – huquqiy profilaktika bo`limi) boshliqlari, 1-GOM, 2-3-5-6-8-GOM (tahr. - GOM – hududiy ichki ishlar bo`limi).
Hozir selektor tugadi, shahar rahbariyati - Vafoev o`tkazdi (tahr. - Vafoev Maxkam Mirjanovich, Toshkent shahar IIBB boshlig`ining yoshlar masalalari bo`yicha o`rinbosari, polkovnik). Juda “jyostkiy” bo`ldi selektor. So`rov qattiq bo`ladi.
Olmazor tumani “voobshe” dabdala qildi. Sizlarning qo`l ostingizda xodimlar ishlayaptimi, “uchastkovy”lar? (tahr. – profilaktika inspektori). “Rezultat” qilmagandan keyin, hammamiz dabdala bo`ldik.
Olmazor tumani yo`q, “bolshe ne sushestvuet” biz uchun deyapti. Hozir eshit, diqqat bilan! Kechqurun ham 22.00da selektor, men kiraman. Lekin qaysi “GOM” “rezultat” bermasa, men aytaman hozir qanaqa “rezultat”ligini, men qo`yib beraman. Uch kundan buyon “protokol” (tahr. – bu erda huquqbuzarlik uchun tuziladigan ma`muriy bayonnoma nazarda tutilmoqda) bermayapsizlar.
Mayli, hech bo`lmasa kunduzi 15-20 nafar “uchastkovy” chiqsa, ikkitadan “protokol” qilsa ham 40 ta bo`ladi. Balo ham yo`q. 11 ta “protokol” kecha, o`tgan kuni 6ta, uch kun oldin 6ta.
Kimdir ishga chiqyapti-ku kunduz kuni. Men yozib olaman, kunduz kuni qaysi “uchastkovy” ishlayapti va kechqurungacha u nima ish qildi, nechta “protokol” tuzdi. Har bir “uchastkovy” beshtadan “protokol” tuzsin, har xil modda bilan. Mayli, agar sud ishlamasa, “arest” (tahr. – ma`muriy qamoq jazosi) qilmasin, jin ursin. Boshqa modda bilan “protokol” tuzsin.
Qiyin bo`lyapti javob berish, sizlar kirmaysizlarda selektorga. Ketgan bo`lasizlar o`sha paytda.
Mayli, qatnashmanglar, lekin “rezultat” qilib beringlar. Menga gapiryapsan “odamlar o`lib ketyapti” deb. Qo`lingdan kelmaydi odamlarni qutqarish. Faqat shuning oldini olish bo`yicha ishlaysan, kimgadir yordam berasan, 183 bo`yicha “protokol” tuzilsa, shu yordaming bo`ladi (tahr. – MJtK 183-moddasi (mayda bezorilik) nazarda tutilmoqda). Boshqa narsa qo`lingdan kelmaydi odamni qutqarish uchun. Ishdamisan, demak ishlash kerak. Koronavirus, koronavirus, koronavirus deysanlar. “Rezultat” qilib ber menga, “rezultat” so`rayapmiz sendan.
54 bo`yicha mahallada yursa, dalolatnoma, raport, rasmga ol, yuboramiz SESga (tahr. – MJtK 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) nazarda tutilmoqda). Yoki boshqa material to`pla, mingta odam niqobsiz yuribdi.
Mayli, bitta “GOM”da uchta “uchastkovy” bo`lsa, ikkitadan, uchtadan tuzsin, o`nta “protokol” bo`ladi shunda», - deyiladi ovozli xabarda.
O`zA mazkur ovozli xabar bo`yicha o`z surishtiruvlarini olib bordi. O`rganishlar natijasida ovozli xabar Toshkent shahar Olmazor tumani IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi maxsus topshiriqlar bo`yicha inspektori podpolkovnik Farrux Xolovga tegishli ekanligi ma`lum bo`ldi va O`zA muxbiri F.Xolov bilan bog`lanib, holat bo`yicha uning munosabatini so`radi.
- Ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor tumani ichki ishlar organlari xodimlarining majlisidan yozib olinganligi taxmin qilingan bir ovozli xabar tarqaldi va undagi ovoz sizga tegishli ekanligi haqida ma`lumot oldik. Haqiqatdan bu ovoz siznikimi?
- Ha, bu ovoz meniki.
- Bu voqea qachon bo`lgandi? Va o`zi umuman bu bo`yicha qanday izoh bera olasiz?
- Bu voqea 14 iyul kuni bo`lgan. Telegramda tuman rahbariyati va 8 ta hududiy IIB rahbarlari a`zo bo`lgan guruhimiz bor. O`sha erda ko`rsatma va topshiriqlarni etkazamiz. Bu ovozli xabarni o`sha ichki guruhda qoldirgandim. Lekin qanaqa qilib keyin bu tarqab ketdi, ochig`i bilmadim. Eshitgan bo`lsangiz, biz har doim xodimlardan ish talab qilamiz. Ish ko`rsatkichini talab qilish 100 yil oldin ham bo`lgan, 100 yil keyin ham bo`ladi. Misol uchun fuqarolar niqobsiz yursa, baribir chora ko`rish kerak, yo`qsa bir-biriga yuqadi, kasallik tarqaydi. Qaerdadir janjal bo`lsa, profilaktika inspektorini yuboramiz, chora ko`radi, og`ir jinoyatlarning oldi olinadi. Bu faqat oldini olish uchun, tinchlik-osoyishtalikni ta`minlash uchun qilingan narsa edi, birovlarga yomonlik uchun emas.
Nonvoy non yopsa, oylik oladi. Bizning profilaktika inspektorlari esa hududini ko`rikdan o`tkazsa, shu hududda huquqbuzarliklar bo`lmasa, shunga oylik oladi. Ish ko`rsatkich bo`lishi uchun ma`muriy bayonnoma qiladi-da u.
- Ovozli xabardan anglashiladiki, demak, ichki ishlar xodimlari uchun ma`muriy bayonnoma tuzish bo`yicha kunlik reja bor ekan-da?
- Hech qanaqa reja yo`q, lekin huquqbuzarlik har kuni baribir sodir etilyapti, to`g`rimi? Agar niqob bo`yicha chora ko`rmasa, hamma niqobsiz yuradi va bir-biriga yuqtirib, vaziyatning dabdalasini chiqaradi. Aniq reja yo`q, faqat vaziyatdan kelib chiqqan holda qilinadi bu ishlar. Qaerdadir huquqbuzarlik ko`p bo`lyapti, baribir profilaktika inspektorlari umuman ishlamasa, umuman chora ko`rmasa, bo`lmaydiku.
O`z navbatida ushbu ovozli xabar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`ldi. Jumladan, jurnalist Hamza Jumaev Telegramdagi kanalida mazkur ovozli xabar bo`yicha quyidagicha munosabat bildirdi:
«Bu audioni egasini ham tushunishga urindim... Lekin, eng quyi qismda ishlayotganlarga ham oson emas... Ichki ishlardan «rezultat» talab qilayotganlar! Aytingchi? Xalqqa nima beryapsiz? Bola chaqasining rizqini izlab ko`chaga chiqsa -yu, uning 10 baravarini bosib protokol qiling-da, yana «xalqdan rozilik» kuting. Tag`inam odamlarimiz sabrli, qanoatli. Karantin, desa o`tiradi. Qorni och bo`lsayam qulog`im tinch bo`lsin, deydi. Esiz, esiz....»
Human.uz sayti bosh muharriri, jurnalist Muslim Mirzajonov esa ushbu holatni o`lganning ustiga chiqib, tepib tashlashga qiyoslagan.
«Hamma o`z dardida. Hamma o`zini qutqarish bilan band. Bemorlar tuzalish haqida, odamlar bugun nima eyishi, qaerdan pul topish haqida, tinchlik posbonlari esa "protokol plani" haqida jon kuydirmoqda.
Bu audio qachon tarqagani, selektordan "bo`kib" chiqqan ovoz egasi qaysi rahbar ekani noma`lum. Ammo undan talab qilinayotgani va u profilaktika inspektorlari (uchastkovoy)ga qanday talab qo`yayotgani ko`rinib turibdi. Kuniga 5 ta protokol tuzish...
Bu degan kuniga besh nafar fuqaroga chirqiratib, shtraf bosish...
O`lganning ustiga chiqib, tepib-tepib tashlanglar! Barakalla!», - deb yozadi Muslim Mirzajonov.
Eslatib o`tamiz, yaqinda ichki ishlar vaziri maslahatchisi general-polkovnik Zokirjon Almatov Kun.uz nashriga bergan intervyusida yo`l-patrul xizmati inspektorlari misolida ichki ishlar organlari xodimlaridan “bugun nechta protokol qilding” deb so`rash odatiga chek qo`yilganini ma`lum qilgandi.
«Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bunga qarshi kurashadi. Bugun nechta protokol qilding, bugun nechta mast topding, deb so`roq qilinadigan holatlardan yiroqmiz. Bizning asosiy vazifa tinchlikni, ko`chalarda odamlar o`lmasligini ta`minlash.
To`g`ri, biz xodimlardan ularning hududida sodir bo`lgan avariyalar uchun hisob so`raymiz, ammo bugun necha kishini jarimaga tortding, deb so`ramaymiz. Bunga barham berildi», - degan edi Zokirjon Almatov.






