Qarshida bosqinchilik bilan shug`ullangan 15 nafar kishidan iborat «Jihodchilar» guruhi a`zolari qo`lga olindi.
Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxs tomonidan tashkil etilgan noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo`yildi. Guruh a`zolari bosqinchilik jinoyatlarini sodir etish orqali yo`l xarajatlariga pul yig`ib, so`ngra Suriyaga borib, terrorchilik tashkilotlari safiga qo`shilishni rejalashtirgan. Ular Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar xodimlarining qo`shma tadbirida qo`lga olindi. Bu haqda "O`zbekiston 24" telekanali lavha tayyorlagan.
Guruhni tuzgan 52 yoshli fuqaro avval “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimiga a`zo bo`lgani uchun 2004-2008 yillarda jazo muddatini o`tagan bo`lsa-da, yana shu yo`lda davom etgan. U yashash manzilida bu safar 1994, 1996, 1998 yilda tug`ilgan farzandlari, 2000 yilda tug`ilgan jiyani va 1974-1998 yillar oralig`ida tug`ilgan 11 nafar fuqarodan iborat noqonuniy guruh tashkil etib, “Jihodchilar” oqimi g`oyalarini qo`llab-quvvatlab kelgan.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqda guruh ochib, unga diniy-ekstremistik oqimlar va terrorchilik tashkilotlarining g`oyaviy rahnamolari bo`lmish Abu Saloh, Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy va boshqalarning hijrat, jihod va shahidlikka chorlovchi audio, video materiallarini joylashtirib, targ`ibot ishlari olib borgan.
Guruh etakchisining ko`rsatmasi bilan uning a`zolari bosqinchilik jinoyatlari orqali yo`l xarajatlari uchun pul yig`ib, so`ngra Suriyaga borib, terroristik tashkilotlar safiga qo`shilishni rejalashtirgan.






