Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahridagi davlat mulki ob`ektlariga investisiyalarni jalb etishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qaroriga asosan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq «O`zbekenergo» AJ ma`muriy bino inshootlarini yaxlit holda savdoga qo`yadi.
Toshkent shahri, Mirzo Ulug`bek tumani, Istiqlol ko`chasi, 6-uyda joylashgan yaxlit bino-inshootlarning boshlang`ich narxi 85 012 644 286,1 so`m.
Ob`ektning investisiya majburiyati yirik megapolislarda qo`llaniladigan shaharsozlikning ilg`or namunalari, zamonaviy qurilish me`yorlari va me`moriy echimlarini o`zida aks etgan, kamida 200 o`rinli zamonaviy mehmonxona, savdo majmuasi hamda ko`ngilochar xizmat ko`rsatish markazini barpo etish.
Bu erda mavjud bino va inshootlarni buzish hisobiga belgilangan tartibda yangi binolarni qurishga ruxsat beriladi. Tanlov g`olibi – tashqi dizayn va qurilish loyihasini Qurilish vazirligi bilan kelishishi lozim.
Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar “E-ijro auksion” elektron onlayn auksion savdo maydonchasi orqali qabul qilinadi. Talabgor «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» DUKning maxsus hisob raqamiga ob`ektni sotib olish qiymatining 5 foizidan kam bo`lmagan miqdorida zakalat puli kiritishi lozim bo`ladi.
Shuningdek, tanlovda ishtirok etish uchun topshiriladigan tegishli hujjatlar bilan birga loyihani amalga oshirish konsepsiyasi ham taqdim etilishi lozim.
Talabgorlardan kelib tushgan takliflar umumlashtirilgan holda ko`rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish uchun Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o`tkazish bo`yicha davlat komissiyasiga kiritiladi. Komissiyaning tanlov yakunlari bo`yicha qarori, tanlov savdosida ishtirok etish uchun ariza topshirishning so`ngi muddatidan boshlab bir oy ichida ommaviy axoborot vositalarida e`lon qilinadi.