Tojikiston O`zbekiston va Afg`onistonga elektr energiyasi uzatishni to`xtatmoqda. Bu haqda Tojikiston prezidenti saytida mamlakat hukumati tomonidan e`lon qilingan murojaatda ma`lum qilingan.
«Bugun biz xalqaro shartnomalarda belgilangan muddatdan oldin O`zbekiston Respublikasi va Afg`oniston Islom Respublikasiga elektr energiyasini etkazib berishni to`xtatishga majbur bo`ldik. Hukumat cheklov haqidagi ushbu qarorga to`g`ri munosabatda bo`lishni so`rab, mamlakatning barcha aholisiga murojaat qiladi. Hozirgi qiyin vaziyatda mazkur ish qish mavsumida elektr energiyasi ta`minotidagi muammolardan qochishimizga yordam beradigan yagona chora hisoblanadi», deyiladi xabarda.
Tojikiston mamlakatning o`zida ham energiya ta`minotiga cheklov joriy etmoqda va murojaatda aholidan cheklovni to`g`ri qabul qilish so`ralgan:
«Tojikiston Respublikasi hukumati mamlakat aholisiga murojaat qiladi va «Barqi tochik» kompaniyasi tomonidan Norak suv omborida ko`proq suv zaxira qilish uchun kiritilayotgan elektr energiyasi ta`minotidagi mazkur cheklovni to`g`ri qabul qilishni so`raydi».
Murojaatda, mavjud vaziyatni hisobga olgan holda, mulkchilik shaklidan qat`i nazar, har bir fuqaro, har bir oila, barcha muassasa va tashkilotlar, kompaniya hamda korxonalar elektr energiyasidan tejamkor foydalanishni ta`minlashi shartligi aytiladi.
Shuningdek, ushbu holatga Vaxsh va Panj daryolarining shakllanish hududlarida qor kam yoqqani, yog`ingarchilik miqdori o`tgan yilgi ko`rsatkichning 50 foiziga teng bo`lgani sabab qilib keltiriladi.
«Tojikistonda bunday vaziyat birinchi marta sodir bo`lyapti. Bugungi kunda Panj daryosida suv oqimi avvalgi yillarga qaraganda 2 ming kub metrga, shuningdek Vaxsh daryosida 800 kub metrga, ya`ni 50 foizga kam. Norak suv omborida suv zaxirasi o`tgan yilga nisbatan 17 metrga pasayib ketdi», deyiladi murojaatda.
Agar bu holat yana davom etsa, u holda suv omboridagi suv zahirasi keskin kamayadi va qishda aholi va xalq xo`jaligi tarmoqlarini elektr energiyasi bilan ta`minlashda jiddiy muammolar yuzaga keladi. Shu sababli, hukumat o`z murojaatida kuz-qish davrida aholi elektr energiyasi ta`minotida muammoga duch kelmasligi uchun barcha zarur choralarni ko`rayotgani ta`kidlagan.
Kuz-qish mavsumlarida elektr energiyasi ta`minotidagi doimiy uzilishlar haqida hech qanday izoh berilmagan. Shuningdek, 27 iyul kuni kompaniyaning olti oylik faoliyati yakunlariga bag`ishlangan matbuot anjumanida «Barqi tojik» rahbarlari ham mazkur cheklov joriy etilishi haqida gapirmagan.
- Eslatib o`tamiz, Tojikiston sovuq ob-havo boshlangani va respublikaning ichki ehtiyojlarini ta`minlash maqsadida O`zbekistonga elektr energiyasi eksport qilishni o`tgan yilning dekabr oyida to`xtatgan edi.
- 2020 yilning may oyida kelib Tojikiston elektr energiyasini etkazib berishni tiklagani to`g`risida xabar berilgan.
- 22 iyul kuni O`zbekiston Tojikiston import qisqargani tufayli elektr ta`minoti tizimiga cheklovlar kiritilishi haqida ma`lum qildi.