AsosiyIqtisodiyot

Toshkentda zarur dori-darmonlar narxi nega oshmoqda?

'Toshkentda zarur dori-darmonlar narxi nega oshmoqda?'ning rasmi

To`rt oydan oshdiki, koronavirus infeksiyasi keltirib chiqargan pandemiya sharoitida yashamoqdamiz. O`tgan vaqt mobaynida O`zbekiston sharoitida pandemiyadan aholining sog`lig`ini ehtiyot qilish hamda turmush tarzi og`irlashishining oldini olish maqsadida aniq chora-tadbirlar olib borilmoqda.

O`zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi raisi, xalq deputatlari shahar Kengashidagi deputatlik guruhi rahbari Nigora EShMETOVA bu borada o`z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shu kunlarga kelib aholining ushbu kasallikni yuqtirib olish holati keskin oshib ketmoqda. Bu esa barchamizni, xususan, xalq vakillari bo`lgan deputatlardan ham faol harakat qilishni talab etmoqda. Aholi orasida to`g`ri tashviqotni yo`lga qo`yish, har bir fuqaroning o`zini-o`zi himoya qilishiga o`tishini tushuntirish, dori-darmon va zarur oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining asossiz oshib ketishiga yo`l qo`ymagan holda, deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarur bo`lmoqda.

Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo`lgan pensionerlar, imkoniyati cheklanganlar, yolg`iz yashovchi va ko`p bolalari oilalar og`ir sharoitga tushib qolishining oldini olish zarur.

Agar Toshkent shahar miqyosida pandemiyaga qarshi olib borilayotgan choralarni ko`radigan bo`lsak, so`nggi kunlarda garchi kasalliklarning soni oshib borsada, ularga yordam ko`rsatish borasida ishlar tizimlashtirildi. Xususan, davlatimiz rahbarining ko`rsatmasi bilan aholi salomatligini himoya qilish maqsadida poytaxtimizning barcha tibbiyot bo`limlari 24 soatlik ish rejimiga o`tkazildi. Unda aholiga qulaylik yaratish va tezkor choralarni ko`rish maqsadida qisqa raqamli Call-markazlar ishga tushirilib, kasallanganlarga hamda uy sharoitida davolanayotganlarga maslahatlar bermoqda. 

Buni birgina Yunusobod tumanidagi 50-oilaviy poliklinika misolida ko`rsak, kunlik telefon raqamlar orqali 1000 dan ortiq, fuqarolar bilan suhbatlar tashkil etilmoqda. Ularga amaliy yordam berilmoqda. Har bir tibbiyot muassasasida uy sharoitida davolanayotganlar uchun zarur bo`lgan o`nga yaqin turdagi dorilar bepul tarqatilmoqda. Shuningdek, tibbiyot muassasalarida birinchi tibbiyot yordam ko`rsatish markazlari ishga tushirilgan bo`lib, o`zining natijasini bermoqda.

So`nggi vaqtlarda aholi tomonidan dorilarning narxlari keskin oshib ketishi va taqchilligi ko`p muhokama qilinyapti. Shu borada deputatlik nazorati olib borilganda, poytaxtimizning Yunusobod, Mirzo Ulug`bek, Mirobod tumanlarida joylashgan bir qator dorixonalar faoliyati o`rganildi. Deputatlarning joylardagi o`rganishlaridan shu narsa ma`lum bo`ldiki, haqiqatdan ham shu kunlarda dorilarning narxlaridagi o`sish sezilarli darajada bo`lmoqda.

Ikkinchi tomondan aholi uchun, xususan, bemorlarga zarur bo`lgan ko`plab dorilar shu kunlarda sotuvda topilmayapti. Asosan Geparin, Kleksan, Plakvenil kabi dorilari bir oydan buyon sotuvda mavjud emasligi ma`lum bo`ldi. Barchaga ma`lumki, yurak xastaligi bor fuqarolarimiz koronavirusni yuqtirib olsa, og`ir kechayotganiga guvoh bo`lmoqdamiz. Shunday ekan, qisqa vaqt ichida ushbu dorilarni bemorlarga etkazib berish borasida choralar ko`rish zarur.

Yana tahlillarni davom ettiradigan bo`lsak, poytaxtimiz dorixonalarida Vitamin D, Sink, Arbidol kabi dorilar bo`yicha ham taqchillik mavjud, bu holatning ham oldini olish lozim.

Dorixonalarda sotilayotgan dorilarning narxlari o`zaro solishtirilganda, farqi sezilayotgan holatlar bo`lyapti. Buning oldini olish uchun taklifimiz: farmasevtika sohasiga mas`ul idoralar tezkorlik bilan dorilarning sotuvi va etarliligiga bo`yicha ish olib borishi zarur. Xususan, tizimga axborot texnologiyalarini keng joriy etish, mobil ilovalar orqali qidirishni yo`lga qo`yish choralarini ko`rish zaruriyati mavjud. Shunda poytaxt aholisi uyida turgan holda, dorilarning mavjudligi va narxlaridan xabardor bo`ladi. Bu esa ortiqcha ovaragarchilikning oldini olib, narxlar ustidan jamoatchilikning nazoratini kuchaytiradi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga O`zbekiston XDPdan saylangan deputatlarimiz reja asosida poytaxt dorixonalarida yuzaga kelayotgan muammolar bo`yicha deputatlik nazoratini davom ettiradi.

O`zingizni, yaqinlaringizni asrang. Barchangizning sog`lig`ingiz biz uchun muhim.

    Boshqa yangiliklar