Ikki yarim yashar bolani urib o`ldirgan Milliy gvardiya xodimi 19 yilga qamaldi

Jamiyat 04.08.2020, 16:01
Ikki yarim yashar bolani urib o`ldirgan Milliy gvardiya xodimi 19 yilga qamaldi

Bu haqda xabar.uz saytida maqola e`lon qilindi. 

Samirning zuvalasi qorilgandayoq otasi tashlab ketgandi. Shar`iy nikoh asosida turmushga chiqqan onasi qappaygan qorni bilan qolaverdi. Turli malomat-u mish-mishlarga qaramay, ona baribir uni dunyoga keltirdi.

Toshkent viloyatining poytaxtga yaqin tumanidan bo`lgan ona-bola ikki yilcha goh u qarindoshi, goh bu qarindoshinikida yashadi. So`ng poytaxtga ko`chib, ona ofisiantlik qilishga tushdi, biroq topgani ijara haqi va enaga pulidan ortmadi. Samirning otasidan aliment undiray desa, buning bir dunyo dahmazasi bor ekan: avval otalik faktini tasdiqlatib, so`ng bola ta`minoti uchun da`vo qo`zg`ashi mumkinligi tushuntirildiki, shundog`am ahvoli tang ayolda sudma-sud yurishga imkon qayda?!

Bola ikki yoshdan o`tganda onasi rizqini Turkiyadan qidirishga qaror qildi. Samirni avval tanish enagaga (oyiga ma`lum haq evaziga) qoldirdi. Enaga bir-ikki oy qaragach, orada o`rinli sabab chiqib, uzrini aytdi. Shundan so`ng ona tug`ishgan opasiga sim qoqdi: jiyaningga o`zing qarasang enaga puli begona bo`lmasdi...

Opaning o`zi jo`jabirday jon, oilasi bilan ijarada yashaydi. Eri — Milliy gvardiya xodimi, maoshi chakkimas, ammo baraka yo`q. Uchta bolasi qatori Samirni ham qaramog`iga olsa, singlisi beradigan pul ilma-teshik ro`zg`orning bittasiga yamoq bo`larmidi?!

Ayni shu omil tabiati o`ta og`ir erining roziligini olishda muhim omil bo`lgani bor gap...

Xullas, Samir xolasinikida yashay boshladi. Murg`ak joni shu xonadonda uzilishini qaydan bilibdi, sho`rlik?!

Xolasining eri Yomon (albatta, bu shartli nom, maqoladagi ism-shariflar o`zgartirilmoqda, «xolasining eri»ni «Yomon» atashimiz boisiki, unga sof o`zbekcha ismni ravo ko`rgimiz kelmadi, rosti!), darhaqiqat, ismi-jismiga monand ekan. Ulfatchilikni o`ta xush ko`radigan Yomon ichgan kuni xonadonida qiyomat qo`pardi. Mast payti qildan qiyiq topib, xotinini do`pposlar, bunday janjallardan bolalarining ruhiyati allaqachon lat eb bo`lgandi. Samir ham qo`rqqanidan bir gal ishtonini ho`l qilib qo`yadigan darajaga etdi. Bu esa ichvolganda shu go`dak ko`ziga balodek ko`rinadigan Yomon uchun tayyor bahona bo`lardi deng. Birinchisidayoq u Samirning «bulbulchasi»ni siqib ushlab, oshpichoqni o`ynatib dedi: «Yana ishtoningga siyib qo`ysang... kesvoraman!». O`shanda xolasi uni erining changalidan yulqib olgandi, ammo Yomon «tarbiya»ga shu qadar berilib ketganidan pichoqning uchi bola a`zosining bir chetini tilib ketadi...

Shundan keyin Samir nafaqat Yomon ichib kelgan payt, balki ovozini eshitgandayoq ishtonini ho`llab qo`yadigan bo`ldi. Va har safar kaltak ostida qolardi. Shunday «tarbiyaviy soatlar»ning birida Yomon bolani qiynab, elkalarini tishlab-tishlab olsami?! Tish izlarini xolasi uni cho`miltirayotganda ko`rib qoladi. Biroq «miq» etmaydi, etolmaydi. Kaltak tagida qolishi aniq-da... 

Shu yilning yanvar oyida Yomon yana ichib keldi. Shu darajada mast ediki, ijarada yashaydigan ko`p qavatli uy yo`lakchasidagi eshik kodini eslolmadi hatto. Xotinini baqirib chaqirar ekan, etti pushtisini avra-astarini ag`dargan ko`yi yo`lak eshigini ochishini aytdi. Xotini birinchi qavatga tushib, eshikni ochgani hamono er odatdagidek bilak kuchiga zo`r berdi. Ayol ko`chaga qarab qochadi... Ammo qayoqqayam borardi?! Eri uyga kirib, bir baloni boshlashidan cho`chigan ayol yaqin o`rtada o`zlari ijarada turgan xonadon egalariga borib, Yomonni insofga chaqirib qo`yishlarini so`radi.

Birovning pand-nasihati mast odamga ta`sir qilarmidi?! «Xozayin»lar ketgach, Yomon battar quturdi, alamini karrasiga olishga tushdi. Ayol qochib ichkariga xonaga kirvolgach, Yomon Samirga tashlandi. Yana ishtonini ho`l qilib qo`ygani bahona bo`ldi-yu go`dakni yotqizvolib, duch kelgan joyiga uraverdi, tepaverdi...

Bu orada bolani erining changalidan qutqarmoqchi bo`lgan ayol unga qo`shilib kaltak edi...

...Kechasi bilan dong qotib uxlagan Yomon ertalab xotinidan Samir o`lib qolganini bildi. Shundayam sir boy bermay tayinlaydiki, bola zinadan yiqilib tushishi oqibatida tili tortilib o`ldi, deysan, xo`pmi? Agar aytganimni qilmasang...

Yomon ishga, ayoli jonsiz Samirni ko`tarib qishlog`iga ketdi. Borib qaynonasiga voqeani aytdi. Qaynona ham o`g`lining gapni qaytardi: bolani tili tortilib o`lgan demasang, uyimiz kuyadi, kelin....

Murdani ko`mish uchun o`lim guvohnomasi kerak, bu esa shifokordan bir parcha hujjat talab qiladi. Qachonki murdani qishloq feldsheri ko`rib, «tili tortilib o`lganiga» shubha qilganidan so`ng yopilayotgan qozonning bir uchi xiyol ochildi. Bundan hushyor tortgan Samirning buvisi (ona tomonidan) ichki ishlar organiga qo`ng`iroq qiladi. Vaziyatga organ xodimlari aralashgach, go`dakning murdasi ekspertizaga yuborildi. Ekspertlar esa bola tili tortilib emas, etkazilgan tan jarohatlari oqibatida vafot etganini tasdiqladi...

...Yozganlarimizda zarracha mubolag`a yo`q. Hammasi sud hukmida qayd qilingan va isbotini topgan holatlar. Bayonda biroz badiiy bo`yoqlardan foydalanildi, xolos. Tag`inam jinoyat tafsilotlariga atroflicha to`xtanilgani yo`q, rosti, hukmni o`qigan uncha-muncha odam «dod!» devorishi hech gapmas. Ishni ko`rib chiqqan jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi raisi o`rinbosari Akbarali Turabov bejiz ta`kidlagani yo`q: sudlanuvchi Jinoyat kodeksining ikkita — 97-modda 2-qismining «v,j» bandlari (ojiz ahvoldagi shaxsni o`ta shafqatsizlik bilan o`ldirish) hamda 110-modda 2-qismining «a,v» bandlari (voyaga etmagan bolani muttasil ravishda qiynab, do`pposlash) bilan ayblanganining o`zi hamma-hammasini aytib turibdi. Ayblovlar sudda tasdig`ini topgani bois ham sudlanuvchi 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Jazo o`z yo`liga. Biroq o`ta tushunarsiz holatki, bunday vahshiytabiat kimsa Milliy gvardiyaga qanday kirib qolgan? Bu dargoh duch kelganni ishga olavermaydi. Talabgorning bo`y-basti, jismoniy holati muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq asosiy e`tiborni jismoniy holatga qaratavermay, talabgorning dunyoqarashi, ayniqsa, ruhiy holatini ham jiddiy taftish qilish kerakka o`xshaydi. Jamiyat va fuqarolar tinchlik-osoyishtaligi uchun mas`ul organ xodimi jismonan tetik bo`lishi barobarida ruhan xotirjam ham bo`lishi kerak. Shundagina o`ttizga to`lmay qotilga aylangan Yomonlarning bu organga hatto «adashib kirib qolishi»ning oldi olinishi mumkin.

Darvoqe, Samir...

Go`daklar mas`um (gunohlardan pok) bo`ladi, demakki, ularni farishtaga qiyoslashda mubolag`a yo`q. Samir ham Xudoning hali hur bandasi edi. Ikki yarim yilgina umr ko`rgan go`dak xo`rlikdan o`lim topdi, biroq baribir hurligicha ketdi!..

Ko`ngilga beradigan g`arib taskin shu.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1