1

Messi g`alaba golini urdi. U «Barsa»ni chorak finalga olib chiqdi

Sport 09.08.2020, 16:57
Messi g`alaba golini urdi. U «Barsa»ni chorak finalga olib chiqdi

Kataloniyaliklar sardori g`alaba golini urdi va penalti ishladi, ko`k-anorranglilar «Napoli»ni mag`lub etdi (3:1), jamoa chorak finalga chiqdi va 14 avgust kuni «Bavariya» bilan to`qnashadi.

Chempionlar ligasi. 1/8 final. Javob o`yini
Barselona — Napoli — 3:1 (3:1)
Gollar: Langle, 10 (1:0). Messi, 23 (2:0). Suares, 45+1 — penalti (3:0). Insine, 45+5 — penalti (3:1).
«Barselona»: ter Shtegen, Semedu, Pike, Langle, Jordi Alba, Serji Roberto, Rakitich, de Yong, Messi, Suares (Firpo, 90+2), Grizmann (Monchu, 84).
«Napoli» (Neapol): Ospina, Di Lorenso, Manolas, Kulibali, Mariu Ruy, Demme (Lobotka, 46), Zelinski (Losano, 70), Ruis (Elmas, 79), Kalexon (Politano, 70), Mertens, Insine (Milik, 79).
Ogohlantirishlar: Zelinski, 60. Suares, 90+2.
Hakam: Junayt Chaqir (Turkiya).
8 avgust. Barselona. «Kamp Nou» stadioni.
Birinchi o`yin — 1:1.

Bolalar bog`chasi
«Barselona» o`z muxlislariga OAV orqali o`zi haqida yangidan yangi xabarlarni etkazishdan to`xtamayapti. Gohida murabbiy almashishi haqidagi mojarolar, gohida Messining shartnomasi va uning kelajagi bo`yicha noaniqliklar, gohida Jozep Bartomeuning navbatdagi xato qarorlari...

Shunday xabarlardan biri — yarimhimoyachi Artur jamoaga qaytishdan bosh tortgani bilan bog`liq. Braziliyalik bu futbolchi o`zini Pyanichga almashtirishgani uchun xafa bo`ldi va mavsum yakunidagi o`yinlarda maydonga tushmaslikka qaror qildi. So`nggi lahzalarda u baribir Braziliyadan Barselonaga uchdi, koronavirusga test topshirdi va «Kamp Nou»ga yo`l oldi. Ammo uni stadionga kiritishmadi.

Buskets va Vidal diskvalifikasiya qilingan. Dembele va Umtiti jarohatda. Kike Setenning ixtiyorida jami 13 (!) futbolchi qolgandi. Butun dunyoga o`z akademiyasi bilan mashhur bo`lgan jamoada EChL o`yiniga tushishga tayyor bo`lgan atigi o`n uch futbolchi... Shifokorlar so`nggi pallalarda Langlega o`ynashga ruxsat berishdi. Bunday vaziyatda murabbiy hali yosh bo`lgan Ansu Fati va Puchga tayanishi mumkin edi (u bu futbolchilarni ikkinchi bo`limda o`ynatishni rejalashtirdi, ammo bunga hojat qolmadi), shuningdek, hali xalqaro turnirlarda biror o`yin o`tkazmagan akademiya futbolchilari chaqirildi. Haqiqiy bolalar bog`chasi.

Mehmonxonadagi izolyasiya
Jennaro Gattuzoda jiddiy muammolar yo`q edi. Birgina Insinening maydonga tushishi so`roq ostida edi.

Neapolitanliklar sog`liq va ehtiyotkorlik choralari haqida jiddiy qayg`urishdi. Jamoa o`yindan oldingi so`nggi mashg`ulotni ham juma kuni Italiyada o`tkazdi va shundan so`ng charter reys orqali Barselonaga uchdi. «Napoli» mehmonxonaga qamalib oldi, jamoa futbolchilari shahar aylanishga chiqishmadi. O`yinga bir yarim soat qolganida «Kamp Nou»ga yo`l olishdi.

Messi uchun matras
COVID-19 mavzusi barchani ehtiyot bo`lishga majbur qilmoqda. Mundo Deportivo nashri Messi maxsus divanda - noodatiy matrasda uxlayotgani haqida yozib chiqdi. Unda nanoqismlar bo`lib, ular to`rt soat davomida viruslarni yo`q qiladi. Aytishlaricha, bu koronavirusdan 99,84 foizga himoyalaydi. Ayrim modellar ham uyquni yaxshilash uchun shunday yotoqlardan foydalanishadi.

Messi o`zi va oila a`zolari uchun Ispaniya kompaniyalaridan biri ishlab chiqargan shunday matraslarni sotib olgan.

Sotuvlar
Ko`k-anorranglilar jamoasining ushbu o`yinga tayyorgarlik ko`rishi jamoadagi ulkan o`zgarishlar haqidagi doimiy muzokaralar fonida kechdi. «Bozor ochiq» — Barselonadagi Sport nashri shunday muqova bilan chiqdi, birinchi sahifada ayrim suratlar o`rin olgandi:

— transferi hal bo`lgan Pyanich (u yaqin kunlarda jamoaga qo`shiladi), Trinkau, Pedri va Mateus;
— yozgi transferlardagi asosiy nishonlar sifatida qaralayotgan Lautaro Martines va Erik Garsiya;
— sotuvga qo`yilgan yoki allaqachon sotilgan Artur, Koutinyu, Todibo, Breytueyt, Rafinya, Xunior Firpo, Rakitich va Umtiti kabilar.

«Barsa» tarkibni kuchaytirishga harakat qilmoqda, «Barsa»ga transferlar uchun pul kerak, «Barsa» bu pullarni faqat o`z futbolchilarini sotish evaziga topishi mumkin. Buning imkoni bo`ladimi? Hozircha bu futbolchilarga talab yuqori emas.

Maydondagi joylashuv
Ispaniyadagi o`yinga biroz vaqt qolganida Seten o`yinni 3-5-2 sxemasida boshlashni rejalashtirayotgani haqida gaplar tarqalgandi, ammo u tezda bu g`oyadan voz kechdi va 4-3-1-2 sxemasini tanladi, unga ko`ra oldinda Messi, Suares va Grizmann harakatlanadi, ularni orqaroqdan de Yong, Rakitich va Serji Roberto qo`llab-quvvatlaydi. Jamoa bu sxemada ko`p marta muvaffaqiyatli o`ynagan. Barchasi kutilganidek bo`ldi.

Sariq kartochkalar
Hal qiluvchi o`yin oldidan ikki jamoada ham bir necha etakchi futbolchilar ikkinchi sariq kartochkadan saqlanishga majbur holatga kelgandi. «Barsa»da Semedu, Grizmann va... Messida chorak finaldan diskvalifikasiya bo`lish xavfi bor edi. «Napoli»da — Kulibali, Lorente va Mariu Rui.

Kataloniyaliklar diskvalifikasiyadan qochishga muvaffaq bo`lishdi - Junayt Chaqirga «ortiqcha» sariq kartochka ko`rsatishga sabab qoldirishmadi. «Barsa» futbolchilarining «sariqlari» kuyib ketdi, ular endi «Bavariya»ga qarshi o`yinni «toza» holda boshlashadi.

Langlening birinchi goli
Endi «Kamp Nou»dagi o`yin haqida. Oqlar o`yinnni zarbalar bilan boshlashdi va xavfli hujumlar uyushtirishdi. «Napoli» ilk daqiqalardanyoq hisobni ochib, o`yin taqdirini hal qilib qo`yishi mumkin edi. Samedu va Pike orqali rikoshetlar seriyasidan keyin to`p darvozaga yaqin turgan Mertensga kelib tushdi, ammo u to`pni darvoza to`riga joylay olmadi. To`p ustunga tegib maydondan chiqib ketdi.

Mehmonlar faol, keskin va qiziqarli o`ynashdi, to`pga egalik qilishdi, hujumlar qilishdi. Lekin golni «Barsa» urdi. Jordi Alba qarshi hujum uyushtirdi, Suares to`pni Messiga o`tkazib yubordi, argentinalikning zarbasidan keyin burchak to`pi belgilandi. To`p burchakdan oddiygina qilib yuqorilatib uzatildi — Langle deyarli yuqori sakramasdan bosh bilan Ospinaning uzoq burchagini aniq nishonga oldi. Bu vaziyatda u raqib himoyachisini biroz turtib yuborgan bo`lsada, hakam bunga ortiqcha e`tibor qaratmadi. 

Bu ushbu himoyachining ko`k-anorranglilar safida Chempionlar ligasi o`yinida urgan ilk goli bo`ldi. U avval ham turnirda gol urgan, «Sevilya» safida «Spartak» darvozasini ishg`ol etgandi.

Messi

Shundan so`ng argentinalik futbol dahosi katta sahnaga chiqdi. Messi raqib jarima maydoniga shiddat bilan yorib kirib, yiqilib, o`rnidan turib, to`pni yo`qotmagan holda olg`a intildi va yana bir marta yiqilish oldidan chap oyog`ida bergan zarbasi bilan to`pni himoyachilar orasidan darvozaning olis burchagiga yo`naltirdi. «Kamp Nou»dagi EChL doirasidagi 68 o`yinda urilgan 67 gol. Avvalgi 66 golini urgan o`yinlarda u va jamoa faqat ikki marta yutqazgan, shanba kungi o`yinda ham raqibga ochko berilmadi.

«Napoli» — Lionel EChL o`yinlarida darvozasini ishg`ol etgan 35-jamoa bo`ldi. Krishtianu Ronalduning ro`yxatida bunday jamoalar soni ikkitaga kamroq.

O`yin davomida bu buyuk futbolchi dubl ham qayd etdi. Ammo de Yongning zargarona uzatmasidan keyin Messi to`pni o`ziga bo`ysundirishda qo`lini ishlatgani ma`lum bo`ldi. Videoarbitrlar Mete Kalkavan va Ali Palabiyik takroriy lavhalardan keyin golni bekor qilishdi va hisob o`zgarmay qoldi.

Ammo bo`lim oxirida u baribir boshqa yo`l bilan maqsadiga erishdi, Kulibali to`pni jarima maydonidan uzoqlashtirmoqchi bo`lganida orqadan kelib to`pga oyoq qo`ygan Messini ko`rmay qoldi va uning to`pig`iga zarba berdi. Junayt Chaqir buni ko`rmagandi — videoassistentlar yordamida penalti belgilandi va Suares kuchli zarbasi bilan hisobni 3:0 ko`rinishiga keltirdi. Umumiy hisob 4:1 ko`rinishini oldi. Bunday vaziyatda mehmonlar o`yinga qaytishi mumkin edimi?

Ha. Chunki Rakitich Kulibalining xatosini takrorladi, birinchi bo`limga qo`shib berilgan daqiqalarda u Mertensga xuddi shu tarzda qo`pollik qildi. Insine 11 metrlik nuqtadan aniq zarba berib, jamoasining imkoniyatlarini saqlab qoldi.

«Barsa» istamadi, «Napoli»ning qo`lidan kelmadi
Ikkinchi bo`limda Seten futbolchilarni almashtirishga shoshilmadi, kataloniyaliklar kuch sarflamaslik uchun hujum qilishmadi va qisqa paslar bilan pozision futbol namoyish etishdi. Messi ikkinchi bo`limdadeyarli ko`rinmadi, Suaresni esa faqat raqiblar bilan to`qnashuvlar vaqtida katta planda ko`rsatishdi.

O`yinning bu qismida ko`p ishni de Yong o`z zimmasiga oldi, u ishonch bilan to`pni jamoada saqlab turdi va jamoa bosimni deyarli his qilmadi. Uning klassik darajadagi uzatmalari maydonda o`yin juda zerikarli bo`lib ketmasligini ham ta`minladi.

O`yinning 81-daqiqasida Milik yana bir gol urgandi. Ammo hakam yordamchisi Baxattin Duran u «o`yindan tashqari» holatda bo`lganini qayd etdi.

Ko`k-anorranglilar o`yinning ikkinchi qismida pragmatik o`yin bilan hisobni hakam hushtagi chalinishiga qadar saqlab turdi. Jamoa Turin va Madridning ikki jamoasidan farqli ravishda aqlliroq o`ynadi va navbatdagi Chempionlar ligasi kubogi uchun yo`lni davom ettirdi. Hozircha Seten va Rakitich bilan.

Levandovski «Bavariya»ni chorak finalga olib chiqdi

Foto Reuters

Polshalik hujumchining ikki goli va ikki golli uzatmasi myunxenliklar ikkinchi marta «Chelsi»ni tor-mor etishi (4:1) va chorak finalga chiqishini kafolatladi. Chorak finaldagi raqib — «Barselona».

Chempionlar ligasi. 1/8 final. Javob o`yini
Bavariya — Chelsi — 4:1 (2:1)
Gollar: Levandovski, 10 — penalti (1:0). Perishich, 24 (2:0). Abraham, 44 (2:1). Tolisso, 76 (3:1). Levandovski, 83 (4:1).
«Bavariya» (Myunxen): Noyer, Boateng (Zyule, 64), Alaba, Kimmix (Odriosola, 71), Myuller, Perishich (Koutinyu, 64), Tiagu Alkantara (Tolisso, 70), Gnabri (Xavi Martines, 81), Goreska, Deyvis, Levandovski.
«Chelsi» (London): Kabalero, Zuma, Kristensen, Emerson, Jeyms, Barkli, Kovachich, Kante, Maunt, Abraham (Jiru, 81), Hadson-Odoi.
Ogohlantirishlar: Kabalero, 8. Emerson, 43.
Hakam: Xasegan (Rumniya).
8 avgust. Myunxen. «Allyans Arena» stadioni.
Birinchi o`yin — 3:0.

Sport nuqtayi nazaridan bu o`yin nimchorak finaldagi barcha qarama-qarshiliklar orasida eng zerikarli bo`lishi kerak edi, fevralda «Stemford Brij»dagi o`yindayoq nemislar inglizlarga hech qanday imkoniyat qoldirishmagandi. Asosiy evrokubok tarixida hali biror marta pley-offning birinchi uchrashuvida o`z uyida uch yoki undan ortiq javobsiz gol o`tkazgan jamoa keyingi bosqichga o`ta olmagan. Bunday mag`lubiyatlarning jami soni 92ta bo`lgan, shunday ekan «Chelsi» javob o`yinida faqat o`zi uchun o`ynashi mumkin edi, Frenk Lempard yoshlarga tajriba to`plash uchun imkoniyat berishga qaror qildi.

Xans Flik olib borgan ishlar natijasida «Bavariya» so`nggi yillarda nihoyat kubok uchun asosiy da`vogarga aylandi. Myunxenliklar so`nggi rasmiy o`yinni 4 iyul kuni o`tkazishgandi, evrokuboklarga qaytish arafasidagi repetisiyada «Marsel» sparring vazifasini bajarib bergandi (1:0). Germaniya chempionlari bu o`yinni odatiy yig`in ritmida o`tkazgan, tanaffusda jamoaning yarmi almashtirilgandi, qolgan futbolchilarga ham ikkinchi bo`limning dastlabki 15 daqiqasida dam berildi.

O`sha o`yinda e`tiborga molik jihat og`ir jarohat tufayli butun mavsumni o`tkazib yuborgan Zyule yana maydonga tushishi bo`lgandi. Agar «Chelsi» bilan o`yinni oxirigacha etkaza olmagan Boatengning jarohati jiddiy bo`lib chiqsa, Niklas keyingi o`yinda ilk daqiqalardan maydonga tushishga tayyor bo`lishi kerak bo`ladi. Boshqa variantlar yo`q, Pavar ham olti haftagacha o`yindan tashqarida qolgan va agar jamoasi finalgacha etib borsa ham u o`ynay olmaydi.

Umuman olganda, bir oylik tanaffus «Bavariya» o`yiniga salbiy ta`sir ko`rsatmagan. «Marsel» bilan o`yinda jamoa 19-daqiqadayoq hisobni ochgandi. «Chelsi» 10-daqiqadayoq o`yinni maydon markazidan qaytadan boshlashiga to`g`ri keldi. Bu avvalroq ham sodir bo`lishi mumkin edi, ammo VAR o`yinga aralashdi. Takrordan keyin Hasegan «nuqta»ni ko`rsatdi va ofsayd holati bekor qilindi. Levandovski bilan birga-bir vaziyatda qo`pollik ishlatgan Kabaleroga sariq kartochka ko`rsatildi, polshalik futbolchining o`zi penaltini aniq amalga oshirdi.

U o`yindagi yakuniy hisobni ham o`rnatdi, bu gol bilan u o`z faoliyatidagi fantastik raqamni qayd etmoqda - mavsumdagi 44 o`yinda 53 gol. Shundan 13 gol EChL o`yinlariga to`g`ri kelmoqda, u bavariyalik mashhur to`purar — Gerd Myullerning natijasini yangilamoqda, shuningdek Mario Gomesning rekordini takrorlamoqda. Levandovskida mutlaq rekordchi bo`lish imkoniyati ham bor.

Robert — jamoaviy o`yinchi. U ikkinchi gol urilgan vaziyatda barcha himoyachilarni o`zi bilan ovora qildi va Perishich qulay vaziyatga chiqishini kutdi. Yangi mavsumda u Sane bilan yanada ko`proq ishlar qilishi mumkin.

Ha, bu o`yinda Abrahamga gol sovg`a qilgan Noyer xato qildi. Ammo bu xato nazorat o`yini qatoridagi o`yinda, butun diqqat jalb etilmagan o`yinda ro`y berdi. Chorak finalda «Barselona»ga qarshi o`yinda jamoa boshqacha tayyorgarlik bilan tushadi. Ehtimol bu finaldan oldingi final bo`lar, Lissabonda «Bavariya» va «Barselona» chorak finalning eng kuchli juftligi ekaniga shubha yo`q.

«Chelsi» hozircha bu darajaga chiqa olmadi. Yangi mavsumda Verner, Ziyosh kabi hujumkor futbolchilar qatoriga yangi markaziy himoyachilar ham kerak, Oblak kelsa darvoza chizig`i muammosi ham hal qilinadi. Hozircha londonliklar boshqalar kabi futbol titanlarining janglariga tomoshabin bo`ladi. Noyer terma jamoasidagi raqobatchisi ter Shtegenga qarshi, shanba oqshomida gollar va paslar yog`dirgan Levandovski Messiga qarshi, Myuller Suaresga qarshi... Bu ulkan qarama-qarshilik bo`ladi, hozirdan muxlislar hayajonga tusha boshlagan.

Ma`lumot uchun, bu yil EChL chorak finaldan jahon chempionati taqvimida davom etadi. Barcha 8 jamoa bir shaharda - Lissabonda yig`iladi. Chorak final va yarim final bittadan o`yindan iborat. 

1/4 final
12 avgust, chorshanba
«Atalanta» — «PSJ»
13 avgust, payshanba
«Leypsig» — «Atletiko»
14 avgust, juma
«Barselona» — «Bavariya»
15 avgust, shanba
«Manchester Siti» — «Lion»

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1