Hammasi oyim meni ogohlantirmay ammam bilan bir qiznikiga sovchilikka borgan kundan boshlandi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilgan ismini sir tutishimizni istagan yigit. — To`g`risi, bunaqa uchrashuvlarga chiqaverib, yuragimni “jiz” ettirgan qizni topolmagandim. Yoshim yigirma ettiga qarab ketgan bo`lsada, birorta qizni ko`z ostimga olib qo`ymaganimdan xafa bo`ldim. Yaxshi o`qishim, zo`r mutaxassis bo`lishim kerak, undan keyin qizlar masalasini ko`rib chiqsam bo`ladi, derdim.
Uchrashuvga chiqqan qizlarning qaysidir jihatlari menga ma`qul kelmas, uchrashuvdan keyin ularga qaytib qo`ng`iroq qilmasdim, qizlarning o`zi tushunib olishardi.
Oyimning aytishicha, qiz xushro`ygina, buxgalteriya yo`nalishida o`qir ekan. Otasi xususiy firmada ishlar, onasi oldi-sotti bilan shug`ullanarkan. Ertasi kun yugur-yugurlar bilan bo`lib, uchrashuvga besh daqiqa kechroq keldim. Qiz belgilangan joyda kutib turardi. Ochig`i, uni ko`rishim bilan qalbimda g`alayon ko`tarildi. Birinchi uchrashuvdayoq ikki soatdan ortiqroq aylanibmiz. Xullas, qiz meni go`zalligi, aql-zakovati, tarbiyasi, hayosi bilan o`ziga tamoman maftun qilgandi. Lekin uning xiyla o`ychanligi, parishonligi ham e`tiborimdan chetda qolmadi.
Uyga xursand bo`lib qaytdim. Onamning ham sevinchi ichiga sig`masdi. Ertasidan ikki taraf to`yga taraddudni boshlab yuborishdi. Oradan bir oycha vaqt o`tdi. Bu orada Sevinch bilan har kuni gaplashib, ora-sirada uchrashib turdik. Bir kuni uyga kelsam, onam tushkun kayfiyatda o`tiribdi.
- O`g`lim negadir ko`nglim chopmayaptida shularga, ularning oilasi bizga sal to`g`ri kelmaydimi, deyman-da?
-Nima bo`ldi, oyi? -dedim ustimdan bir chelak suv quyilgandek bo`lib. - Axir o`zlaring topgan qiz. Ularni umidvor qilib qo`ygansizlar. To`y taraddudini ko`rib yurgan paytda, birdan... tinchlikmi?
- Bolam... to`g`risini aytsam qizning o`zi yoqmayroq turibdi. Ko`zlari juda bejo... Ba`zi tanish-bilishlarning aytishicha, o`ziyam sal g`alatiroqmish... Har qalay, ko`nglim g`ash. Ishqilib, oxiri baxayr bo`lsin-da.
- Bu haqda oldinroq o`ylash kerak edi, - dedim tund kayfiyatda. –Birini ishi to`g`ri kelmasa, boshqasini yoshi, yana birni ko`zi bejo, g`alatiroq... Sizlarga qanaqasi yoqadi o`zi?, - deya zarda bilan chiqib ketdim. Eshik ortidan onamning yig`isi eshitildi...
Baribir, onamni norozi qilib uylanolmasligimni bilardim. Shu bois ularga yon berishga majbur bo`ldim. Nihoyat... qiz tarafga to`ydan ayniganimizni bildirdik. Bu xabarni eshitib Sevinchning ota-onasi sarosimaga tushib qolishdi. Ayniqsa, onasi...
- Nega? Biror yomon gap eshitdinglarmi? Qizimiz ko`r, kar bo`lmasa, chiroyi, aqli joyida bo`lsa? Niyatinglar qat`iy bo`lmasa, sovchi yuborib nima qilardinglar? Endi qizimizning taqdiri nima bo`ladi? Bilib qo`yinglar kim qizimni dilini og`ritsa hech qachon ko`karmaydi!
Bunday gaplardan tabiiyki, onamning ko`ngli battar ezilgan. Shunda singlim oraga tushdi. Menga baxtim uchun kurashishim kerakligini aytib, o`zimga ishonchimni oshirdi. Ota-onamga ham bu ishimiz to`g`ri emasligini, bir qizni baxtsiz qilib qo`yishimiz mumkinligini qattiq uqtirdi. O`zim ham Sevinchni o`ylab, halovatim yo`qolgan, usiz hayotimni tasavvur qilolmasdim.
Nihoyat, ota-onam taqdirga tan bergandek bo`lishdi. Oradan uch-to`rt kun o`tib dadam bilan bosh egib bordik. Tabiiyki, ular ham bizdan xafa bo`lishganini yashirib o`tishmadi. Qisqasi, to`yimiz bekamu-ko`st o`tdi. Hammasi iziga tushganidan barcha xursand. Faqat onam igna ustida turgandek, qil ustida yurgandek edi...
To`yni ertasi kuni Sevinch uy yumushlarini bajarib yurib birdan xonaga otilib kirdi. Ortidan yugurdim. Ko`zlari juda g`alati, yuzlari ham shishib ketgandek, qo`llarini bir-biriga ishqalab turardi. Yuzidan esa kulyaptimi, yig`lamoqchimi - bilib bo`lmasdi. Nazarimda onamga ham shunaqa ko`ringan bo`lsa kerak, degan xayol miyamni changitib o`tib, yuragim zirillab ketdi. Nima gapligini so`rasam:
-Mazam bo`lmay ketyapti, shunaqa vaqtlar meni hamma yolg`iz qoldirishi kerak, hatto siz ham...- dedi. Men ham indamay chiqib ketdim. Onamga ham uni bezovta qilmaslikni tayinladim. Shom tushishidan sal avval uyga keldim. Qarasam, onam oshxonada ovqat tayyorlayotgan ekan.
- Ie, keliningiz qani, oyi? Nega siz..?, - so`radim ajablanib.
- Kelinni ikki marta chaqirdim. Chiqmadi. Charchagandir-da...
Xonaga kirsam Sevinch haliyam uxlab yotgan ekan. Uyg`otmoqchi bo`ldim, ammo qimir etmadi. Turtishda davom etdim. Yigirma daqiqalarda zo`rg`a uyg`otdim.
- Voooyy... Kechiring, bilmay qolibman... - dedi xijolat bo`lib.
- Mayli, hechqisi yo`q...tezroq chiqaqol endi, - deb xonadan chiqdim. Hovlida singlimni ko`rdim. Sevinchning ahvolini so`radi. Sal tobi qochibdi, hozir chiqadi ” dedim. Ovqat suzildi hamki u chiqmasdi. Singlimni yubordim. U ham ichkarida qolib ketdi. Xavotir olib, kirsam yana haligi holat. Ko`zlar bejo... Zum o`tmay ortimizdan onam kirdi.
- Qizim tuzukmisiz? Nima bo`ldi?, - so`radi onam xavotirlanib.
- Hammasi yaxshi. Faqat, ko`z oldim qorong`ilashib ketyapti,- dedi Sevinch.
- Charchagandirsiz, ertagacha ko`rmagandek bo`lib ketasiz, -dedi oyim.
Singlim ham uyiga ketdi. Sevinch kelinlik odati bo`yicha tong saharda turib, hovli supurishi kerak. Tonggi oltida soat jiringladi. Ammo, Sevinch qimir etmadi. Har qancha urinmay, harakatlarim bekor ketdi. So`ng tokchada turgan suvni olib yuziga sepdim. Jim. Bir yarim soat o`tdi...
- Bolalar tong yorishib ketdi, turaqolinglar, - deya eshikni taqqillatib ketdi onam. O`zim turib, tashqariga chiqdim. Yuvinib, ukalarim bilan nonushta qildim. Aksiga olib, bugun yakshanba, onam ishga bormaydilar.
- Kelin tuzukmi? - so`radi onam. Nima deyishimni bilmasdim.
-Unchamas... Hozir chiqadi.
Ovqatlanib bo`lgach, xonamga kirdim. Bir soatcha o`tganidan keyin sekin ko`zini ochdi. Hammayog`i ho`l bo`lib ketganidan ajablanmay, iymanibgina, menga qaradi.
- Kechiri-i-ing... Yana uxlab qolibman-daa..- dedi erkalangan tovushda.
- Senga nima bo`lyapti Sevinch? Qancha suv sepsam sezmading, tushunmay qolyapman,- dedim hayratimni berkitolmay.
- Ochig`i... sal eskichaga aloqam bor. Kechasi bilan uyqum kelmadi, tongga yaqin uxlab qolibman,- dedi yig`lab.
“Bechora... o`ziga bog`liq bo`lmagan holat shekilli...” degan o`y kechdi xayolimdan. So`ng “hammasi joyida, siqilma oyimga o`zim tushuntiraman” deb tinchlantirib qo`ydim. Shunda birdan singlim kelib qoldi. Ularni yolg`iz qoldirib, tashqari chiqdim.
Bir ozdan keyin Sevinch singlim bilan kulishib chiqib keldi. Bundan ko`nglim yorishdi. Kechgacha uy yumushlarini qilishdi. Kechga yaqin Sevinch yana xonamizga kirib ketdi. Yuragim zirillab ketgan bo`lsa-da, ortidan kirishga yuragim betlamadi.
Birozdan keyin singlim ham ketmoqchiligini bildirdi va xayrlashgani Sevinchning yoniga kirdi. Zum o`tmay “Akaaa!!!” degan qichqiriq ovozi yuragimni tilib ketdi. Ortidan yugurib kirdim. Ne ko`z bilan ko`rayki Sevinch ochiq deraza oldida kiprik qoqmay, taxtadek qotib turardi...
Oyim kelinning onasini chaqirishni tayinladilar. Qaynonam ovozimni eshitishi bilan:
- Voy sho`riim yana boshladimi? O`zi, shundan qo`rqqandim. Hozir boramiz, - deya telefonni o`chirdi. Hayallamay kelinning otasi va opasi kirib kelishdi. Opa kira solib murda kabi oqarib ketgan, sezilar-sezilmas nafas olayotgan singlisiga tashlandi.
- Sevinch tur! Va`da berganding-ku! Nega yana uxlab qolding! Tur, turaqolsangchi, - deya singlisini shapatilay ketdi. Singlim opani arang ushlab qoldi.
Ota-onam qaynotam bilan mehmonxonaga kirib ketishdi. Bu gal qaynotamning boshi xam. Otam “siqilmang, ko`rgulik” dedilar xolos. Onam qanday qilib bu darddan qutulish chorasini topish mumkinligini maslahat soldilar. Qaynotam to`ydan avval ham bu holat ikki marta bo`lgani, biroq doktorlar sog`lom deya xulosa berganini aytdi. Biz baribir ishonqiramay ertasi kun doktirga ko`rsatishni rejalashtirdik.
Shifokor uni tekshiruvdan o`tkazib sog`lom ekanini tasdiqladi. Biroq, shifoxona koridoriga chiqqanimizda Sevinch o`zini yana g`alati tuta boshladi. Uni eshik oldidagi stulga o`tqazdim. U bir dam erga termilib turdi-yu, ko`zini yumib yana uxlab qoldi. Bu holatni ko`rgan ota-onam hayratdan yoqa ushlashdi.
O`sha kuni uni bir nechta doktor tekshirib, bir to`xtamga kelisholmay har xil fikr bildirishdi. Bittasi sog`lom desa, yana biri ruhiy kasallik alomatlari sezilyapti dedi. Shundan keyin kelinni uyga olib ketib bir xafta qilmagan amalimiz ko`rsatmagan do`xtirimiz qolmadi. Biroq zig`ircha foydasi bo`lmadi. Onam bu haqda avvalroq aytmagani uchun kelin tomonni aybladi. Kelin taraf bizni... Xullas, bu katta nizoga aylanib ketdi...
Men tamomila gangib qolgandim. Kimning holiga achinishni bilmasdim. Baxtim sarob bo`lib chiqqani uchun o`zimgami? Hali baxt neligini anglamay turib, baxtsizlikka ro`baru kelgan jufti halolimgami? Orzu-havaslari ro`yoga aylangan ota-onamgami?...
Ba`zan bir savol yuragimni o`rtayveradi? Nega o`z orzu-havaslarimizni ro`yobga chiqarish uchun boshqalarni hayotini barbod qilamiz? Axir men unga ishonib, o`z taqdirimni bog`lamoqchi bo`lgandim. Nega bu haqda meni, ota-onamni avvaldan ogohlantirishmadi? Axir inson taqdiri, hayoti o`yinchoq emas-ku?
Nozima yozib oldi