AsosiyJamiyat

Mas`ullar har doim ham o`g`ri emas! Erning xotinidan yashirgan puli uchun ham mansabdor javobgarmi?

'Mas`ullar har doim ham o`g`ri emas! Erning xotinidan yashirgan puli uchun ham mansabdor javobgarmi?'ning rasmi

Bir narsani tushunmayman. Nega doim mas`ullar har jabhada aybdor bo`laverish kerak? Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanman, mansabdorlar go`yoki yoppasiga poraxo`r, qallob yoki o`g`ridek izohlarda talqin qilinadi. Kechirasizu, qachonki biz bu noreal qarashlarimizni o`zgartirma ekanmiz, asl haqiqatdan yiroqlashib ketaveramiz. Jurnalistning vazifasi kimningdir yonini olish emas, balki, haqiqat uchun kurashishdir. Shunday ekan, mening bugungi haqiqatim barcha mansabdorlarning ham aybdor emasligini isbotlashga qaratilgan. 

Qurbon hayiti arafasida aholining ehtiyojmand qatlamiga tarqatilgan 1 million so`m atrofidagi yordam pullari mavzusi bayramni unuttirib yuboradigan darajada kun mavzusiga aylandi. Kimdir o`g`irladi, kimdir o`g`irlatdi, kimdir tuhmat qildi. 

Jurnalist Shokirjonovning Telegram kanalida e`lon qilingan bu e`tiroz e`tiborimni tortdi:

“Assalomu alaykum!

Men Surxondaryo viloyati Qumqo`rg`on tumani «Joziba» mahallasida yashayman. Shu mahalla raisi S.Norqulov va o`rinbosari A.Pirimqulov kam ta`minlangan oilalarga moddiy yordam ko`rsatish uchun ajratilgan mablag`larni «1.000.000 so`m oldim», deb imzo qo`ydirib ammo 500.000 so`m berib suiiste`mol qilishmoqda.

Bu pullar chet el banklaridan qarzga olinmoqda. To`lov vaqti kelganda bu pullarni barcha soliq to`lovchilar to`lashga majbur bo`ladi. Iltimos, shu muammoni echishga yordam beringizlar”.

Biroz o`tib, tumanning Telegram kanaliga ushbu e`tirozga munosabat bildirildi. Keltirilishicha:

Ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo`llab-quvvatlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 2020 yil 30 iyuldagi PF-6038-son Farmoniga muvofiq joylarda aholi qatlamlariga moddiy yordam pulining o`z vaqtida, to`g`ri va to`liq ajratilishi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda qizg`in muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Jumladan, jurnalist Shokirjonovning telegram kanalida joriy yilning 31 iyul kuni Surxondaryo viloyati Qumqo`rg`on tumani “Joziba” mahallasida yashovchi fuqaro O`.Berdiyarovning murojaati e`lon qilindi. 

Unda ma`lum qilinishicha, “Joziba” mahallasi raisi S.Norqulov va o`rinbosari A.Pirimqulov kam ta`minlangan oilalarga moddiy yordam ko`rsatish uchun ajratilgan mablag`larni “1.000.000 so`m oldim”, deb imzo qo`ydirib, ammo 500.000 so`m berib suiiste`mol qilishganligi ko`rsatilgan. Mazkur holat Qumqo`rg`on tuman prokuraturasi, tuman hokimligi vakillari, tuman 4-sektor rahbari, tuman Kengash deputati hamda murojaat etuvchi fuqarolar ishtirokida zudlik bilan joyiga chiqib o`rganildi.

Aniqlanishicha, 2020 yil 31 iyul kuni taxminan soat 12:00 larda Qumqo`rg`on tumani “Joziba” mahallasi raisi S.Norqulov va uning o`rinbosari A.Primqulovlar farmonga asosan “Joziba” mahallasida yashovchi ehtiyojmand oila boshlig`i To`raev Safar Bo`tayarovichning xonadoniga borib, bir martalik bir million so`m pullarni foto suratga olib fuqaro S.To`raevga to`lov qaydnomasi asosida imzo qo`ydirib bergan. 

O`rganishda, fuqaro O`.Berdiyarov (xonadon kuyovi) qaynonasi X.Pardaeva bilan suhbatda mahalla tomonidan 500.000 so`m berganligini aytgan. Aslida esa, O`.Berdiyarov qaynotasi S.To`raevga berilgan bir million pullarni sanab olgan, ammo, qaynonasi X.Pardaevaga 500.000 olganligi haqida yolg`on gapirgan, qolgan 500.000 so`m pullarni ko`rsatmay o`zida saqlagani va ushbu pullarni o`z ehtiyoji uchun ishlatmoqchi bo`lgan. 

Fuqaro O`.Berdiyarov esa qaynonasining gapiga asosan, aslida nima bo`lganligini qaynotasidan so`ramasdan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining pochtasi va Kun.uz sayti maxsus muxbiri
Sh.Shokirjonovga telefon orkali murojaat qilgan. 

Tekshirishda, S.To`raevga taqdim etilgan bir million so`m pullar mablag`lari xozirda o`zida ekanligi to`g`risida tegishli tashkilotlar tomonidan 01.08.2020 yilda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
 


Huddi shunga o`xshash holat yaqinda Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi mahallalardan birida ham sodir bo`lgandi. Er va xotin oylar davomida turli ijtimoiy nafaqalarni olib yurib, bir-biriga aytishmagan. Natijada, ularda ma`sullarga nisbatan ishonchsizlik uyg`ongan. Keyin uyalmay “pul talashish namoyishi”ga chiqishgan. Aslida esa bu ishonch fuqaro va davlat o`rtasida emas, er va xotin o`rtasida ko`tarilgani isbotlandi. 

Mana shu toifadagi insonlarga aytadigan birgina so`zim – uyaling! Davlat rahbari aynan sizning farovonligingiz uchun kurashayotgan, mas`ullar minglab aholi orasidan sizni munosib topib, ijtimoiy himoyasiga olgan bir paytda noshukrlik qilmang. Siz va siz kabi insonlar barchaning bayram kayfiyatini buzdingiz. Xalq orasida norozilik kayfiyatini uyg`otdingiz. Siz, avvalo, davlat emas, o`z oilangiz orasida o`zaro ishonch qozoning. Zero, oila ham kichik bir davlat, kichik jamiyatdir. Unda ishonchning darz ketishida mas`ullar aybdor emas. Hech bo`lmasa, shu paytda ularni ayblamang.

 

Sardorbek Rahmonqulov 

    Boshqa yangiliklar