AsosiyIqtisodiyot

1 sentyabrdan hojatxonasi yo`q "zapravka"lar faoliyati to`xtatiladi

'1 sentyabrdan hojatxonasi yo`q "zapravka"lar faoliyati to`xtatiladi'ning rasmi

O`zbekistonda 1 sentyabrdan boshlab hojatxonalar bilan ta`minlanmagan AYoQShlarga neft mahsulotlari va gaz etkazib berish, shuningdek, ularning lisenziyalari muddati ham to`xtatilishi mumkin. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 sentyabrdagi «Yo`lbo`yi va turistik infratuzilmani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 martdan boshlab jamoat maqsadlariga mo`ljallangan va kecha-kunduz ishlaydigan, sanitariya, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiena shoxobchalari bilan jihozlanmagan avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor stansiyalari (AGTKS), avtomobillarga gaz quyish stansiyalari (AGQS) va avtomobillarga yoqilg`i quyish stansiyalari (AYoQSh)ning faoliyat ko`rsatishiga yo`l qo`yilmasligi belgilangan.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida turizm hamda unga bevosita bog`liq bo`lgan tarmoqlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 10 iyulda 433-son qarorni qabul qilgan. Unda 2020 yilning 1 sentyabridan sanitariya-gigiena shoxobchalari bilan jihozlanmagan AGTKS, AGQS va AYoQShlarning faoliyat ko`rsatishiga yo`l qo`yilmasligi belgilangan.

AGTKS, AGQS va AYoQSh hududlari sanitariya, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiena shoxobchalari bilan jihozlanmasa, shuningdek, Respublika va Hududiy ishchi guruh a`zolari tomonidan aniqlangan kamchiliklar 2020 yilning 1 sentyabriga qadar bartaraf etilmasa, u holda:

  • «O`ztransgaz» AJ va «Hududgazta`minot» AJ hududiy bo`linmalari tomonidan — AGTKSlarga gaz etkazib berish;
  • «O`zbekneftgaz» AJ hududiy neft bazalari tomonidan — aniqlangan kamchiliklar to`liq bartaraf etilmagunicha AYoQShlarga neft mahsulotlari etkazib berishni vaqtincha to`xtatish yoki Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 18 sentyabrdagi «Avtomobil yonilg`isi quyish shoxobchalarining ishini takomillashtirish va respublika iste`molchilarini neft mahsulotlari bilan ta`minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to`g`risida»gi 397-sonli qarori talablariga muvofiq neft mahsulotlari etkazib berish shartnomasi bekor qilish;
  • Neft, gaz hamda gaz kondensatini qazib chiqarish, qayta ishlash va sotish, magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularni ta`mirlash bo`yicha faoliyatni lisenziyalash komissiyasi tomonidan — lisenziya talablari va shartlari belgilangan tartibda bajarilmaganligi munosabati bilan AGTKS va AYoQShlar orqali siqilgan va suyultirilgan gazni sotish faoliyatini amalga oshirish lisenziyasining amal qilishini to`xtatilishiga olib kelishi mumkin.

Hukumatning 793-son qarorida qayd etilishicha, respublikadagi avtomobillarga yoqilg`i quyish xizmatini ko`rsatuvchi 4000 dan ortiq stansiyalarning atigi 20 foizi hojatxonalar bilan ta`minlangan.

    Boshqa yangiliklar