1

“Otamni bog`lab qo`yib, gunoh qilyapman...”

Mutolaa 12.12.2015, 13:06
“Otamni bog`lab qo`yib, gunoh qilyapman...”

Ushbu sahifamizga murojaat qiluvchilar juda ko`p. Doim ta`kidlaganimizdek, kimdir dardini maktub orqali bayon qilsa, boshqasi qo`ng`iroq qilib, dilini yoradi. Ammo qalbida asrab yurganlarini aytguvchilar aksariyat hollarda ayollar bo`lgani bois, erkaklarning murojaati biroz bizni sergak torttiradi. Bu gal ham shunday bo`ldi. O`zini Mahmud deb tanishtirgan muxlis buxorolik ekanligini va so`zlarini yozib olishimni ta`kidladi.

  • Yozib olyapman, gapiravering, — dedik erkakni xotirjam qilib.
  • Aslida buni aytmasam ham bo`lardi. Biroq o`ylab ko`rib, demoqchi bo`lganlarim juda ko`p erkaklarga saboq bo`lishini o`ylab, bog`lanishga jur`at qildim.

Aytmoqchi bo`lganlarim otam haqida. Otam qishlog`imizdagi doimiy kasbi bo`lgan, obro`li, hurmatli odamlardan bo`lgan. Hozir keksalik nafaqasida, ko`chada ko`rganlar borki, unga ta`zim bilan salom beradi.

Otam bu kasbda xizmat qilgan chog`larida hali yurtimiz  mustaqil bo`lmagandi. Haydovchi olib ketar va olib kelib qo`yar, birgina shuning o`zi ham otamning obro`yini osmon qilardi.

Qishloqning sodda, oqko`ngil odamlari otamning ortidan “Katta odam”, “Formali amaki” deb gapirishar, g`ururlanishar va hatto hayiqishar ham edi.

Odam juda katta lavozimda ishlamasa-da, kasbini hurmat qilgani, yaxshi ko`rgani uchun har tong onamga ham ishonmay, kiyimlarini o`zi dazmollar, tuflisini menga arttirardi. Tuflisini moylaganimdan keyin momiq latta bilan o`n daqiqacha ishqatardi. Shunaqa yarqirardiki, tufli...

So`ng otam hovlida chang tegmasligi uchun, ohista, bitta-bitta qadam tashlab ishga ravona bo`lardi. Kechki payt esa qosh qorayganda, ba`zida undan ham kechroq birorta ulfatini ergashtirib kelardi.

  • Tovug`ingdan bittasini... Tez! O`g`lim ma, sen haligi kishinikiga chop, “Bo`yni uzuni”dan berarkansiz, degin... — derdi uyga kirar-kirmas.

Bizning yuragimiz zirqirardi.

  •  Otasi, ichmay, shunchaki suhbatlashib o`tirsangiz-chi... — pichirlardi onam sho`rlik.
  •  Sen pul beryapsanmi? — tishlanib gapirardi otam.

Shu bilan bazm boshlanar, onam bitta tovuqni ovqat qilib olib kelar, men yo ukam aroq keltirardik.

Shu bilan yarim tungacha otam haydovchisi, hamkasbi bilan “otamlashib” o`tirardi. Ba`zida hamkasbi ikkita yo uchta ham bo`lardi. Haydovchi ularni olib ketardi. Hiqillab, kayfi oshib qolgan otam ularni kuzatgach, uyga kirib onamga baqirardi:

  • Tur joyingdan! Nima yotish bu? Mana bular nega yotibdi?

Yarim tun bo`lib olgani uchun emas, barchamiz otamning ulfatlari ketguncha biron soat uxlab olishni reja qilib, apil-tapil yotib olardik. Sababi, bunday kunlari otam bizni uxlagani qo`ymasdi.

  • Tur hammang! Otaga hurmat shumi? Men yotganim yo`q hali, sizlarga uxlab nima bor? — baqirardi otam.

Yaqinroq o`tib qolsangiz, tutib olib kaltaklashdan ham toymasdi. Biz ham mayli, onam bechoraga qiyin bo`lardi. Albatta, biror joyi ko`karmasa bo`lmasdi. Bitta gapni takrorlab, toqatimizni toq qilardi:

  •  Nima uchun? Men yotmasdan uxlaysizlar? Otaga hurmat shumi? Nega ikkita o`g`il, beshta qiz tuqqansan? Nega qiz ko`p?

Sho`rlik onam bu savollarga javob bersa ham, bermasa ham jabr ko`rardi. Biz tong mahaligacha otamning zug`umlaridan qochib yurar, onam esa u kishini amallab uxlatishga urinar, buning uddasidan chiqishi mushkul bo`lardi. Sababi, shuning uchun ham otam mijg`ovlanardi:

  •  Nega muncha “yoting, uxlang”, deyaverasan? Uxlamayman ham, yotmayman ham. Nima keladi, qo`lingdan? Nima? Qo`shnilar menga xo`jayin emas! Hovli o`zimniki xohlasam baqiraman, xohlasam bo`kiraman! A? Bolalar?! Nega ular uxlashi kerak, a? Ota o`tiribdimi, hurmati uchun ular ham o`tiradi!

Xullas, onam u desa bu derdi, bu desa u derdi. Bir ham junjikib tashqarida ularga uzoqdan qarab o`tiraverardik. Qish kunlari otamning birdan quvib solishini bilganimiz uchun choponlarda yotib turar, baqirganidan yugurgilab chiqib ketardik. Juda kamdan-kam hollarda otam biron soatda uxlab qolmasa, aksariyat paytlari saharga yaqin yotar va bir-bir yarim soat uxlar-uxlamas turib, bir kosa qatiqni simirardi-da, ishga otlanardi.

Go`yo qaro tun uning ko`ziga parda tortgan-u, oilasi, farzandlarini begona ko`rsatgan, tongning sof havosi esa barchasini tarqatib, unut qilgandek boshqa odamga aylanardi:

  •  Onasi, boshim otilib ketyapti, muzdek qatig`ingdan olib kel. O`g`lim, sen tuflimni yarqiratib qo`y-chi?

Shukrki, bu kabi hodisalar har kuni emas, haftada ikki-uch bor takrorlanardi. Otam ishdan yolg`iz qaytgan chog`larida biz shunchalar xursand bo`lardikki...

Chunki bunaqa paytlarda u kishi ichmas, mehribon otalar kabi dasturxon boshida birga o`tirar, bizni tezroq dam olishga undardi va o`zi ham tinchgina yotib uxlardi.

“Shayton suvi” uni shu qadar o`zgartirib yuborishiga hayron qolardik. Qo`shnilar ham hayron qolardi.

  •  Katta odamlarning qilig`i ham qiziq bo`ladi-da! Sira ishongimiz kelmaydi, sizni kaltaklashiga, bolalarini quvib solishiga, — derdi hamma gapdan boxabar yon qo`shnimiz ham ba`zan yuz-ko`zi ko`kargan onamga achinib.

Bizning ham ishongimiz kelmas, ammo uyqusiz tunlar, onamning so`lg`in va bejalgan yuzi yuragimizni tirnar, aroqqa bo`lgan cheksiz nafratni tobora kuchaytirib borardi.

Eng yomoni, otam faqat ishga borar, o`zini va kiyimlarini tartibli qilishni o`ylagani uchun ro`zg`or, uy-joyning ko`rinishi havas qilgulik emasdi.

Bu yillar o`tgani sari yanada ta`sirini o`tkazdi. Biz bo`y etib, o`zimiz hammasini eplaydigan darajaga kelgunimizcha, uyimiz eskirib, nurab bo`ldi. Atrofimizdagi barcha uylar yangicha tus olgani sari biz g`arib va nochor oilalar qatoridan joy ola boshladik. Keyin otam nafaqaga chiqdi. Shu bilan barchasiga chek qo`yilar deb o`yladik. Afsus, endi har kuni uyda bekor bo`lgan otam bekorchilikdan ham ichar va janjal avj olardi. Oxiri uning nomlari qatoriga “Alkash” degani ham tirkaldi.

Achinarlisi, biz ming yaxshi bo`lishga chiranganimiz bilan yomon otaning farzandlari edik. Balki shuning uchundir, ko`nglimizdagi qizlarga ham uylana olmadik. 

  • Alkashga beradigan qizimiz yo`q. Ota shu, o`g`li go`r bo`larmidi? — deyishdi ochiqcha.

Singillarimga ham namuna bo`ladigan joylardan sovchi kelmadi. Xullas, birgina aroqning kasofati etti farzandning ham taqdiriga ta`sir qildi.

Bittagina qilgan foydasi, ikki o`g`il ham aroqqa nisbatan kuchli nafrat bilan o`sdik va og`zimizga ham olmadik. Ichmaymiz, chekmaymiz, “oilam” deymiz. Shukr, birovdan kam, birovdan ziyod bo`lsa-da, o`ziga yarasha turmushimiz bor.

Men qo`ng`iroq qilishga va shuncha yillik dardim to`kib solishga undagan narsa esa, etmishdan oshayotgan otamning hamon ichishi va keksa onamga ozor berishi...

Ba`zan shunchalar to`lib ketamanki, o`zimni zo`rg`a bosaman. Boshida bir nima deyolmasdik. Endi biz ham otamiz, farzandlarimiz bor. Bir oilaning egasimiz. Shuning uchunmi, ichmagan chog`larida botinib otamga gapiraman:

  •  Ota, endi el-yurtga namuna bo`ladigan, mahallani boshqaradigan yoshdasiz. Ichganingiz nimasi? Ichganingiz ham mayli, onamga nega qo`l ko`tarasiz? Shu zormandani og`zingizga olmasangiz nima bo`ladi?
  •  Senga nima? Menga aql o`rgatadigan bo`ldingmi? Ichsam, o`zimning pulimga ichaman! Kerak bo`lsa, qari bo`lsam ham sendan ko`p topaman! Vaqtida ishlab qo`yganman, endi eyman-ichaman!
  •  Eng, iching! Lekin onamni tinch qo`ying-da!
  •  Onang bilan ishing bo`lmasin! Mening kampirim u! Xohlasam, uraman, xohlasam so`kaman!

Olganim shu gap bo`ladi, har gal. Endi-endi garchi gunoh va ayb bo`lsa-da, ichib kelgan otamni bog`lab, yotqizib qo`yyapman. Albatta, bu onamning sog`lig`i, omonligi uchun.

  •  Unday qilma, bolam. Otangni norozi qilma! Ech, mayli ursa urar! Shuncha yil o`lmadim, endi ham bir nima qilmas... — deydi onam.

Men baribir chidolmayman! Farzandlarim voyaga etdi. Hademay uylantiraman. Bo`lajak kelinim oldida shunday kun kechirishni ko`z oldimga keltirsam, dunyoga sig`may ketaman.

Ukamning tinchini o`ylab, uy solib uni ro`zg`orini bo`lak qilib, o`zim ota-onam bilan qolganman. Shukr, uning oilasi havas qilgulik.

Lekin mening farzandlarim, ayniqsa, bittagina qizim mung`ayib qolgandek.

  • Dada, bobom ichmasin. Maktabda sinfdoshlarim kuldi, — dedi tunov kuni ko`zlariga yosh to`lib.

Chidolmay ketdim.

Aziz erkaklar, ukalar, akalar! Agar siz ham bilib-bilmay “shayton suvi”ga oshno bo`layotgan bo`lsangiz, darhol uzoqlashing! Mening hayotim bir saboq bo`lsin, sizga! Aroq faqat ichayotgan odamni emas, uning avlodlari, shirin farzandlari, nevaralari dilini ham vayron, kelajagini barbod qiladi. Dilbandlaringizning ko`krak kerib yurishini istasangiz, faqat ibratli narsalarni o`zingizga sifat qilib oling! Shularni aytish, erkaklarni hushyorlikka chorlash uchun murojaat qilgandim. Tinglaganingiz uchun rahmat!

Ochig`i, biz bu muxlis bilan xayrlashishga ham ulgurmadik. U darhol go`shakni qo`ydi  Lekin o`zidan so`ng siz kabi bizni ham mulohazaga, mushohadaga tortdi.

KAMINA yozib oldi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1