AsosiySport

O`zbekistonda velosportni ommalashtirishga qaratilgan memorandum imzolandi

'O`zbekistonda velosportni ommalashtirishga qaratilgan memorandum imzolandi'ning rasmi

Kecha, 26 avgust kuni poytaxtimizdagi Kongress-xollda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O`zbekiston velosiped sporti federasiyasi o`rtasida mamlakatimiz yoshlari orasida velosportni ommalashtirish bo`yicha uch tomonlama hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Marosimda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, O`zbekiston velosiped sporti federasiyasi prezidenti Tanzila Norboeva, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, O`zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa`dullaev, sportchilar, trenerlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda so`zga chiqqan T.Norboeva bugungi pandemiya sharoitida salomatlikning naqadar bebaho ne`mat ekanligi, sport bilan shug`ullangan inson har jihatdan sog`lom bo`lib, kasallikni oson engib o`tishi, velosport bilan shug`ullanish esa inson salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta`kidladi.

So`ngra Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiev ham so`zga chiqib, so`nggi yillarda O`zbekistonda velosportni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilayotganligiga urg`u qaratdi.

- Respublikamizda velosportni yanada rivojlantirish, mavjud infratuzilmani mustahkamlashga jiddiy e`tibor qaratilayotgani tahsinga loyiq. Bugun Toshkent va Namangan shaharlarida barpo etilgan velotrek majmualari xorijlik sportchilarda ham ijobiy taassurot qoldirib, ular yurtimizda o`quv-mashg`ulot yig`inlarini o`tkazish taklifini bildirishmoqda. Hozirda Jizzax shahrida barpo etilayotgan BMX velotrek majmuasi ham tez orada foydalanishga topshiriladi. Bu esa ushbu sport turi rivojida yangi davrni boshlab berishiga shubha yo`q, - dedi Dilmurod Xamidullaevich o`z ma`ruzasida.

Marosimda so`zga chiqqan O`zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa`dullaev, terma jamoamizning etakchi sportchisi, Tokio-2020 olimpiadasi litsenzianti M.Xolmurodov va boshqalar so`nggi yillarda O`zbekistonda velosport rivoji yo`lida amalga oshirilayotgan ishlarni yuksak darajada e`tirof etishdi.

Shundan so`ng uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ishonamizki, bugun imzolangan memorandum yurtimiz yoshlari orasida velosportni yanada ommalashtirish, jahon arenalarida yurtimiz sportchilari erishayotgan g`alabalar salmog`ining yanada ortishiga xizmat qiladi.

 

    Boshqa yangiliklar