1

Mustaqillik solnomasi: Nimalarga erishdik? (Bu qiziq!)

Jamiyat 01.09.2020, 12:41
Mustaqillik solnomasi: Nimalarga erishdik? (Bu qiziq!)

29 yildirki 1 sentyabr – Mustaqillik kunini o`zgacha bir hayajon va xursandchilik bilan nishonlab kelyapmiz. Ming shukrki, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar yildan yilga xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinib, olqishlanmoqda. Bu balandparvoz gaplar emas, balki ayni haqiqatdir. Ayniqsa, so`nggi yillarda qabul qilingan qarorlar o`z natijalarini berib, bu yillar O`zbekiston tarixi solnomasida muhim o`zgarishlari bilan yodda qoladigan bo`ldi. Biz eng ulug` va eng aziz bayram arafasida mamlakatimiz hayotida tub burilish yasagan ahamiyatli islohotlarni yodga olishni lozim topdik. Bu umumlashtirilgan solnoma barchangiz uchun foydali bo`ladi, degan umiddamiz.

Qo`shni davlatlar bilan chegaralar ochildi

2017 yildan boshlab qo`shni Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmaniston Respublikalari bilan chegara postlari ochilib, qo`shni davlatlararo uzilib qolgan bir necha o`n yillik qo`shnichilik va qarindoshchilik aloqalari tiklandi.

Pensiyalar to`liq naqd ko`rinishda beriladigan bo`ldi

2017 yil 2 fevralda qabul qilingan “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to`lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi prezidentiningqaroriga ko`ra, 2017 yilning fevral oyidan boshlab barcha turdagi pensiyalar butun mamlakat hududida hech qanday cheklovlarsiz to`liq hajmda naqd shaklda beriladi

11 yillik maktab ta`limi qayta tiklandi

2017-2018 o`quv yilidan boshlab 11 yillik majburiy ta`limga qaytildi. Bu qarorni barcha ijobiy kutib oldi.

Erkin konvertasiya joriy etildi

“Qora bozor” va davlat banklarida ikki xil narx bilan aholini qiynab kelgan muammoga barham berildi. 2017 yil 5 sentyabrdan e`tiboran xalqaro operasiyalarni, jumladan tovar, ish va xizmatlar importi, kreditlarni qaytarish, xizmat safari xarajatlarini to`lash va boshqa savdo xarakteriga ega bo`lmagan o`tkazmalarni amalga oshirish uchun tijorat banklarida chet el valyutasini cheklovsiz sotib olish, tijorat banklarining konversion bo`limlarida sotib olingan chet el mablag`larini xalqaro to`lov kartalariga o`tkazish bo`yicha erkin sotib olishi va chet elda hech qanday cheklovlarsiz ishlatishi, shu jumladan bank hisobvaraqlari orqali chet elda o`qish, davolanish va boshqalar uchun to`lovni amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

Prezident virtual qabulxonasi ishga tushirildi

2017 yil sentyabr oyidan boshlab shikoyatlar va arizalarni ko`rib chiqilishi bo`yicha Prezident virtual qabulxonasi o`z ishini boshlab, shu kungacha millionlab arizalar ko`rib chiqildi.

Bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berildi

2018 yil 10 mayda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” qarori bilan O`zbekistonda bolalar va majburiy mehnatdan foydalanishga yo`l qo`yilmasligi borasida davlat organlari ishidagi tizimli kamchiliklar bartaraf etilib, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berildi.

Ishlayotgan pensionerlarning pensiyalari to`liq beriladigan bo`ldi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevnig “Fuqarolarning pensiya ta`minoti tizimi samaradorligini oshirish va pensionerlarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlashni kuchaytirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoniga ko`ra 2019 yil 1 yanvardan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalar to`liq miqdorda to`lanadigan bo`ldi.

Mahbuslar huquqlari himoyasi ham kuchaytirildi

2019 yil mamlakatimizda mahbuslarni afv etish instituti joriy etildi. Shu bilan birga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya va ijtimoiy sug`urta to`lash tartibi birinchi marta amaliyotga kiritildi. 

Urush maydonidagi ayollar va bolalar qaytarib kelindi

2019 yilda “Mehr-1” va “Mehr-2” insonparvarlik tadbirlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ana shu tadbirlar doirasida Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar maydonidan, Afg`onistondan asosan ayollar va bolalar yurtimizga qaytarib olib kelindi. 

Tadbirkorlik huquqlari himoyasi kuchaytirildi

 2019 yil mamlakatimizda ilk bor tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo`yicha Ombudsman instituti joriy etildi. Biznes sohasidagi soliqlar sezilarli ravishda qisqartirildi, kredit olish imkoniyatlari kengaytirildi. 

Mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar uchun qonun ishlab chiqildi

  2019 yil 5 dekabrda “Investisiyalar va investisiya faoliyati to`g`risida” O`zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilinib, ushbu qonun bilan mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar huquq va erkinliklari kafolatlari ta`minlandi. 

Saylov kodeksi qabul qilindi

Saylovga oid 21 ta qonun tizimlashtirilib, O`zbekiston tarixida ilk bor yagona Saylov kodeksi qabul qilindi. Bu milliy qonunchiligimizni mustahkamlash, demokratik saylovlarni o`tkazishni yanada takomillashtirish yo`lidagi muhim qadam bo`ldi.

Oliy ta`limga qabulda 3 tagacha yo`nalish tanlash mumkin bo`ldi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta`lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” qarori loyihasida abiturientlarning o`qishga kirish imkoniyatlarini oshirish maqsadida bir nechta o`zgartirishlar kiritilib, 2019-2020 o`quv yilidan boshlab, oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirishda abiturientlarga 3 ta ta`lim yo`nalishini tanlash huquqi berildi. 

“Jasliq” qamoqxonasi tugatildi

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2019-yil 2-avgust kuni “Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to`g`risida”gi (“Jasliq” qo`rg`onida joylashgan) qarorni imzoladi. Ushbu qaror ijrosi bilan “Jasliq” qamoqxonasi tugatildi. O`zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi bilan ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan va uncha og`ir bo`lmagan jinoyatlarni sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovlarda ishtirok etishi bo`yicha cheklov bekor qilindi.

Mehnat migrantlari bilan tizimli ishlash yo`lga qo`yildi

2019 yil 20 avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a`zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to`g`risida”gi prezident farmoni, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bilan ilk bor xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni mo`ljallayotgan mehnat migrantlarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash choralari amalga oshirilib, ularga kreditlar, mikroqarzlar hamda fuqarolarning hayoti va salomatligini sug`urtalash bo`yicha sug`urta mukofotini qoplash uchun subsidiyalar berildi. Ular uchun arzon uy-joylar qurilishi boshlandi. Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari bo`yicha respublika komissiyasi tuzildi. Hukumat tarkibida Xorijda vaqtinchalik mehnat qilayotgan O`zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo`llab-quvvatlash masalalari departamenti tashkil etildi.

Gender tenglik bo`yicha qonun qabul qilindi

2019 yil 2 sentyabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to`g`risida” O`zbekiston Respublikasining qonuni ishlab chiqilib, ikki jins vakillari o`rtasidagi teng huquqlilik kafolatlari ta`minlandi. 

Fuqarolik olish tartibi soddalashtirildi 

2020 yil 13 mart kuni O`zbekiston Respublikasi prezidenti “O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida”gi qonunni imzoladi. Qonun asosida O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish tartiblari soddalashtirildi.

“Propiska” tizimi isloh etildi

2020 yilning 22 aprelida “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo`yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to`g`risida” O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni qabul qilinib, yillar davomida aholining og`riqli nuqtasi bo`lgan muammoga barham berildi. 

5 taga ta`lim yo`nalishini tanlash imkoni yaratildi

2019-2020 o`quv yilidan etiboran abiturientlar uchun kunduzgi va sirtqi ta`lim yo`nalishlaridan 5 taga yo`nalishni tanlash imkoniyati yaratildi.

Kambag`allikka qarshi kurashishga kirishildi

2020 yildan e`tiboran prezident darajasida kambag`allikka qarshi kurashish ishlari boshlab yuborildi. Bunda viloyat, tuman sektorlari rahbarlari uyma-uy yurib, aholining daromadsiz qolayotgan qatlamini aniqlab, o`z hudud imkoniyatlaridan kelib chiqib, fuqarolarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash choralari ko`rishga kirishdi. Kambag`al deb topilgan “temir daftar”ga kiritilgan aholini ma`lum daromad manbaiga ega bo`lishlari uchun imkoniyatlar yaratib kelinmoqda. 

Xulosa o`rnida 

Bundan tashqari mamlakatimiz madaniy hayotida ham muhim o`rin tutgan “Maqomchilik”, “Baxshichilik” va “Hunarmandchilik” festivallarining tashkil etilishini ham e`tirof etib o`tish lozim. Bu kabi Mustaqillik solnomasini ko`plab muhim sanalar bilan boyitishimiz mumkin. Buning uchun esa sahifalarimiz kamlik qiladi. Biz eng muhim sanalarnigina e`tiboringizga havola qildik. Mustaqillik sharofati hamda yurtboshimiz tashabbuslari bilan amalga oshirilgan bu kabi ishlar natijasida Buyuk Britaniyaning “The Economist” haftalik jurnalida o`tgan yili yurtimizni “Yil davlati” sifatida e`tirof etilishi, Amerikaning “Harper's Bazaar” nashrida esa, 2020 yilda albatta sayohat qilish lozim bo`lgan 20 ta eng yaxshi yo`nalish ro`yxatida O`zbekistonni birinchi o`ringa loyiq, CNN Travel sayti 2020 yilda sayohat uchun eng yaxshi joy, deb topilishi ham qilingan ishlarning samarasi desak, mubolag`a bo`lmas. Dunyoni egallagan pademiya sharoitida ham kayfiyatlarimizni tushirmasdan, eng ulug` va eng aziz bayramni yaxshi kayfiyatda kutib olishingizda tilakdoshmiz. Mamlakatamizda ezgu islohotlar solnomasi kengayaversin! Mustaqilligimiz abadiy bo`lsin!

 

Sardorbek RAHMONQULOV

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1