Xabaringiz bor, “Murad Buildings” qurilish kompaniyasi tomonidan “Toshkent sity” majmuasida tibbiyot xodimlarining koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishdagi mardonavor harakatini e`tirof etgan va rus tilida yozilgan “Jasorat uchun tashakkur!” mazmunidagi banner keng jamoatchilik tomonidan tanqid qilingan edi. Xususan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi etakchisi Alisher Qodirov ham o`zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida tanqidiy munosabat bildirgandi.
Masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi va Toshkent shahar hokimligi mas`ullari bilan birgalikda “Tashkent Sity” hududida qad ko`tarayotgan “NEST ONE” turar joy va savdo majmuasiga tashrif buyurildi. Muhokamalar va turli e`tirozlarga sabab bo`lgan tashqi pannodagi mazkur yozuv va lavha yuzasidan majmua mutasaddilari bilan suhbatlashildi. Bu haqda Davlat tilini rivojlantirish departamentining rasmiy kanalida xabar qilinmoqda.
"Vaziyatni to`g`ri anglagan tadbirkor tomonidan bugun Davlat tilida bayon etilmagan banner olib tashlanganini guvohi bo`ldik.
Shu o`rinda aytish kerakki, Davlat tili uchun qayg`urgan tilimiz jonkuyarlariga masalaga befarq bo`lmasdan, hamkorlik va hamjihatlikda ishtirok etaganliklari uchun o`z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Tadbirkor sa`y-harakatini ham e`tirof etgan holda boshqa tadbirkorlarni ham milliy g`ururimiz hisoblangan Davlat tili mavqeini yuksaltirishga chaqirib qolamiz. Zero, davlat tilini himoya qilish barchamizning burchimizdir", - deyiladi Departament rasmiy xabarida.






