Kuy bag`rida yashirilgan muxabbat

Mutolaa 18.12.2015, 11:41
Kuy bag`rida yashirilgan muxabbat

Mironshoh otasi Amir Temurning nazariga tushgan, shuhrati butun Sharqqa yoyilgan mashhur bastakor Abdulqodir Marog`iyning yangi asarin tinglamoq uchun muhtasham anjuman tashkil etdi. Bastakor bir oy    avval yozgan asarining qo`lyozmasini unga taqdim etib, tortinibgina kichik bir anjuman o`tkazishni so`ragandi. Hukmdor mamnuniyat ila rozilik bildirgan,  o`sha ondayoq uning bog`chasida misli ko`rilmagan hozirlik ishlari boshlab yuborilgan edi.

Ikki oydan ortiq davom etgan qurilish va ta`mirlash ishlarida Tabrizning eng mashhur usta va  hunarmandlari jalb etildi. Ayni damda bog`cha behad fusunkor manzara kasb etgan, rang-barang gulllarning atiridan bosh aylanar, jozibasidan ko`z qamashardi. Naqshinkor yo`laklarda bejirim tabriz gilamlari to`shalgan,  har qadamda o`rnatilgan fonuslardan taralgan shu`lalar kechasi ham xuddi kunduzgidek chor-atrofni charog`on etardi.

Birozdan keyin majlis boshlanishidan darak berib, engil musiqa sadolari yangradi. Garchi aysh-ishrat kechalari bu erda tez-tez o`tkazilsa-da, bog`cha yaqin orada bunday katta taraddudni ko`rmagandi. Buning boisi hammaga ma`lum edi: bastakorning yangi asari Amir Temurning suyukli nabirasi, Mironshohning o`g`li Xalil Sulton ga bag`ishlangan edi.

Mironshoh o`smirlik yoshiga qadam qo`ygan o`g`lini o`tgan yozda, Movarounnahrga, sohibqiron Amir Temur huzuriga jo`natgandi. Maqsadi o`g`lining ko`zlari ochish, jahongirning siyosat va fotihlik borasidagi saboqlaridan bahramand etish edi.  Biroq ko`p o`tmay, sohibqiron Xalil Sultonning saroydagi joriyalardan biri – Shodimulkka ko`ngil qo`yib, saltanat ishlariga qiziqmay qo`yganini Mironshohga etkazgan, bir muddat yigitchani Tabrizga, o`z otasining huzuriga jo`natishni ma`qul ko`rgandi.

Mana, ikki oydirki, Xalil Sulton Tabrizda istiqomat qilayotir. Har kuni Samarqandga qaytish uchun izn so`rasa-da, Mironshoh turli bahonalar bilan o`g`lini yo`ldan qaytarar, hammasi vaqt hukmida ekaniga ishonardi.

Saroyda uyushtirilayotgan bu majlis ham Xalil Sultonni oz bo`lsa-da, chalg`itishga qaratilgan edi

...Necha kundirki, Abdulqodir cheksiz bezovtalik ila mashq qilar, o`zi yozgan musiqaning go`zalligidan hayratini yashirmagan cholg`uchilari bilan asarni qayta-qayta ijro etishardi.

Har gal ijroni ma`lum bir joyida to`xtatib, yangi ohanglar, yangi tuzatishlar kiritar, ushbu kuyning mukammal musisiqy asarga aylantirish uchun qo`lidan kelganini ayamasdi. Ammo borlig`ini sariqpechak misol o`rab olgan bezovtalik unga tinchlik bermas. Qo`llariga tushov solar, hayajonini tobora oshirardi.

“Ishqilib cholg`uchilar uning ko`ngliga yoqadigan tarzda ijro etishsin-da! Shuncha saddi-basga yarasha hukmdorga ma`qul kelsin!”.

Musiqa sevikli o`g`liga bag`ishllangani uchun o`z a`yonlari ila majlisga tashrif buyurgan Mironshoh bog`chaning yuqori qismida qurilgan taxtiga ko`tarilishdan avval, ijrochilarga yaqinlashib, so`rashgan bo`ldi. Mironshoh bir xil ko`rinishdagi saroy musiqachilarining har birini shaxsan tanirdi, faqat bittasini tanimadi. Bu xonanda yigitni bastakorning o`zi asar ijrosi uchun atayin taklif etgandi. Hukmdor taxtiga chiqishidan avval musiqachilarning yoniga kelishidan maqsad  ham yangi yigit bilan tanishmoq edi

Ozg`in jussali, bug`doyrang, xushbichimgina xonanda Mironshoh bilan yuzma-yuz kelganida, taomilga ko`ra, tiz cho`kib, boshini egib turdi. Mironshoh o`rnidan turishga ijozat berdi:

-O`g`lim, Ozarboyjonning qaeridansan? – deb so`radi.

-Marog`alikman, - dedi yigit.   

-Senam marog`alikmisan?

Abdulqodir ta`zim ila bir qadam oldinga chiqdi:

-Hukmdorim, Marog`ada tug`ilgan har bir insonning go`zal nafasi bo`lur! –

 Mironshoh xonandagi ijozat berib, Abdulqodirning qo`ltig`iga kirdi va a`yonlari qurshovida uni taxt tomon boshladi.

Hukmdor taxtiga joylashib olgach, xonandayu sozandalar uning qarshisidan saf tortdilar. Hukmdorning o`ng tarafida o`g`li Xalil Sulton, chap tarafda taxtning yoniga qo`yilgan kursida bastakor o`tirra, hammaning butun diqqat-e`tibori cholg`uchilarda edi. Ohista o`z cholg`ularini sozlay boshlagan ijrochilar bastakorning ishorasini kutishardi.

Ziyofat ahli bog`chada to`shalgan gilamlar ustida o`tirib olishgandi. Xizmatchilar qo`llaridag kumush ko`chalar bilan mehmonlarga xushbo`y sharbat va qizil sharob, xilma-xil shirinliklar ulashishardi.

Bastakor Mironshohning ijozati ila ijrochilarga ishora berdi. Zarif musiqa sadolari kechaning sukutini buzdi. Saroy majlislari an`anasiga ko`ra, Avval Amir Temur, keyin esa, Mironshoh sharafiga bastalangan kuylar  chalindi. Keyin raqqosalar xirom etdi. Biroz tanaffusdan keyin Sulton Xalil sharafiga bitilgan “Navoi Qumri”ning ijro etilishi ma`lum qilindi. Biroz muddat bog`chada sirli sukunat cho`kdi. Boyagi xonanda yigitning g`ayrioddiy ovozi yangrashi bilan majlis ahli bu ovoz sehriga maftun bo`lib qoldi.

Xonandaning nafis ijrosi har bir uyg`oq yurakni sel qilishga qodir edi. Butun anjuman ana shu sohir ohanglar izmida edi. Nozik simlardan taralayotgan go`zal unlar qorong`ilik bag`riga singib, kechani sokin allalardi...

Bu Abduqodirning hozirga qadar yaratgan ijod namunalari orasidan eng yaxshisi edi. Uning o`zi ham ayni damda dilrabo kuy va ohanglar qanotida ettinchi falakda suzib yurardi.

...Abdulqodir Qumrining muhabbatini umrining eng gullagan damlarida elib o`tgan shabbodaga qiyoslar, faqat fojia bilan tugagan bu savdoning g`amgin  xayollarini har doim o`zidan yiroqlatishga urinib kelardi. Biror marta ismini aytib chaqirmagan bo`lsa-da, u go`zal chindan qumriga – miitti, qushchaga o`xshab ketardi.

Bastakor avval bu ilohiy sevgisiga qaytishni, Qumrini yodga olishni istagandi. Biroq bu sevgining hadik va hayajonidan qo`rqardi ham. O`sha qizning muhabbatiga loyiq emasligini, unga munosib javob berolmasligini o`ylab, bu sevgidan o`zini olib qochgan, bu muhabbat samara bermasligini o`ylab, o`zini, kelajagini aldagandi u.

Keyinchalik, buning imkonsizligini tushundi. Samarqandda yashagan yillari Qumrini o`ylab, tunlari bedor o`tadigan bo`ldi. Vatani, yaqinlarining sog`inchi o`sha qizning timsolida qiyofasida namoyon bo`lar, uni hayajon va anduhga solardi.

Qishloqma-qishloq, yurtma-yuz kezib Qumrini izladi. Uni topish umidida Samarqanddan Bag`dodu Arbilgacha bo`lgan joylarni kezib chiqdi. Go`yoki u qiz hech qachon bu yorug` olamda bo`lmagan, tug`ilmagan, yashamagandek edi. Shu tariqa Amir Temurning nevarasiga bag`ishlangan bu asar o`zi bilmagan holda “Navoi Qumri”ga aylangandi.

Abdulqodir bu qo`shiqni qo`liga qalam olib yozmagandi. Bu ohanglar uning ruhidan, qalbidan sizib, ilohiy ijod mahsuli o`laroq maydonga kelgandi. U barcha hislarini, tuyg`ularini borlig`idan sidirib, kuyga aylantirgandi.bu qo`shiq emasdi. Musiqa emasdi. Uni eshitib bo`lmasdi. Tinglagan odam borki, ruhi, butun borlig`i titroqqa tushar, inson ekanini, dard ichida tug`ilib, o`lguncha qayg`u ko`lankasida yashashini anglab etardi.

Hozir musiqani tinglagan har kishi uning sadolari, ohanglari ichida yashiringan ilohiy ishqni tuyar, bu sevgining buyukligi, azamati va qudratini tan olardi.

Bastakor Qumrining  saroy bog`chasi yaqinidagi haramda, qorong`i hujraning qalin pardali derazasi ortida o`tirgan bu mahzun saslarni yurak qoniga singdirayotganidan bexabar edi. Yillab axtargani – o`zidan bir necha qadam narida, chaqirsa ovoz etadigan joyda pinhon ekanini qaerdan ham bilsin u sho`rlik? Bilmasdiki, ayni damda  sohir kuyning o`ziga atalganini anglagan qiz o`z yog`ida o`zi qovrilar, ismsiz hislar haroratidan tobora erib borardi.

Bu ilohiy taronaning qudratiga taslim bo`lgan Mironshohning qalbidan yillar davomida egallab olgan qahr, zulm va  kibr g`uborlari  to`zg`ib, ularning o`rnini allaqanday soflik, beg`uborlik ola boshlagandi. Uning quloqlariga shu nafis ohanglardan boshqa narsa kirmas, ko`zlari noaniq kengliklarga mahzun termilib qolgandi.

 ...Ilkis Mironshoh taxtidan qalqib turishi bilan musiqa to`xtab qoldi. Hali musiqa ta`siridan chiqolmay tusrgan majlis ahli ham sarosima ichida hukmdorga tikildi. Mironshoh boyagi, musiqa tinglayotgan chog`dagi halim qiyofasini butkul unutgandi. Qat`iyat chaqnab turgan ko`zlari bastakorga qadaldi:

 -Bu qo`shiq kimga atalgan?

Bastakor kutilmagan savoldan o`zini yo`qotib qo`ydi. A`lohazrat nega buni endi so`rayapti? Asar uning o`g`liga atalganini shoh bilmasmidi? Agar bilmasa, bukncha taraddud kim uchun ko`rildi?

 U o`zini imkon qadar qo`lga olishga tirishdi:

 -Shahzoda Xalil Sultonga atab yozganman, onhazrat!

-Ne jasorat ila menga yolg`on so`ylarsen?

Abdulqodirning xayoliga ham kelmagan bu ayblov uni tamoman shoshirib qo`ydi. Rangquti uchdi, nima javob berishni bilmagani uchun jim qoldi. 

 -Bu asar muhabbat haqidadir!

Majlisda tosh sukut hukm surardi. Hamma nafas olishga ham qo`rqib, bu suhbatning qanday yakun topishini kutardi. Odamlar buyuk bastakorning Mironshoh g`azabiga uchraganidan afsuslana boshlagan edilar.

-Qo`shiqni qaytadin  ijro etingiz! – dedi Abdulqodirga yuzlanarkan.

Yana bog` uzra musiqaning orombaxsh sadolari oqa boshladi. Hukmdorning yuziga qayta boshlagan muloyimlik ijrochilarga ham ilhom baxsh etdi.

Xalil Sulton ham o`ziga baxshida etilgan musiqaning sehridan mast edi. Bu sohir sadolar otasining nasihatlari ila bir muncha sovugan hislarni yana alanga oldirgandi. Samaroqandda qolgan Shodimulk begimning ishqi yana uning borlig`ini o`z izmiga solgandi.

Yo rabb! Bu bastakor uning dilidan o`tgan  tuyg`ularni qanday sezdi ekan? Uning ishq qissasini Abdulqodirga kim etkazdi ekan?

Yigit botinini ostin-ustun qilayotgan bu savollarning azobidan . o`zini qo`yarga joy topolmasdi.Bu musiqani hozir Shodimulk ham eshitganida edi. Qiziq, u hozir nimalar qilayotgan ekan? Nimalarni o`ylayotgan bo`lsa? Bobosi uni o`ldirib yubormoqchi ham bo`lgandi. Bir amallab uni o`limdan asrab qoldi. Endi uning hayotini kim qo`riqlaydi? Nega uni ajal ostonasida qo`yib keldi. Yo`q, ayni damda u Shodimulkning yonida bo`lishi kerak. Shart.

Sulton Xalil o`rnidan turib sezdirmay majlisni tark etdi. Endi hech qanday kuch uni visolga eltuvchi yo`ldan qaytara olmasdi. Musiqa uning-da qalbini afsunlagan, o`z izmi ixtiyoriga solgandi. U yashirin yo`l bilan saroydan chiqib, otiga mindi. Arg`umog`iga qamchi bosib, o`zini xuddi tilsim kabi o`ziga tortayotgan Samarqand sari yuzlandi.

 ...Musiqa tugagach, Mironshoh asar xususida o`g`lining fikrini bilmoq uchun o`ng tarafiga o`girilganida, hech kimni ko`rmadi. Ko`ngli bir noxushlikni sezgandek, darhol xufiyaboshini chaqirib, o`g`lining qaerdaligini so`radi. Ko`z ochib yumguncha tashqariga chiqib qaytgan xufiyaboshi Sulton Xalil otiga minib, saroyni tark etganini ma`lum qildi. Mironshoh soqchilar sardoriga  shaharning barcha  darvozalarini, chiqish yo`llarini yopib, o`g`lini ortga qaytarishni amr etdi.

Ammo endi bundan naf yo`q, Sulton Xalilning oti qanot chiqarib uchgandi.

 

Voqif Sultonli

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1