AsosiySalomatlik

Osteoxondroz umurtqa churrasiga olib keladi

Ichki a`zolarning o`zi joylashib turgan bo`shliqdan shu bo`shliq devoridagi nuqsonlar tufayli tashqariga turtib chiqishidan sodir bo`ladigan kasallikka churra (grija) deyiladi. Churralar aksariyat hollarda qorin bo`shlig`i, plevra, ko`krak, chov-yorg`oq sohalarida tug`ma va orttirilgan tarzda uchraydi. Bugungi kunda umutrqalararo disk churrasi ham turli yoshdagilar o`rtasida ko`p uchrashi kuzatilmoqda. Xo`sh, umurtqa churrasi nima sababdan kelib chiqadi?

Ushbu savollarga javob topish uchun oliy toifali jarroh, tibbiyot fanlari nomzodi Otaboy Madaminovga murojaat etdik.

Osteoxondroz asorati ostida

Ko`p hollarda 35-40 yoshdan oshgan kishilarda umurtqalar oralig`idagi tog`ayning qayishqoqligi kamaya boradi. Negaki yosh o`tgani sayin tana quruqlashib umurtqalar ham suyuqlikka ehtiyoj sezadi. Aynan shu vaqtda umurtqa suyaklari bir-biriga tegishining oldini oladigan suyuqlik ozayib, tog`aylar noziklashadi.

Umurtqa diskining qurishi va elastikligi (qayishqoqligi) ning yo`qolishi tufayli osteoxondroz kasalligi paydo bo`ladi. Bu esa bora-bora umurtqa disk churralari rivojlanishiga imkon yaratadi.

Aslida umurtqa pog`onasini umurtqa suyaklari va umurtqalararo disklar tashkil etadi. Umurtqaning harakatchanligini umurtqalararo disk bajaradi. Yillar davomida og`ir jismoniy mehnat qilish, muntazam og`ir yuk ko`tarish, bir xil holatda qimirlamasdan o`tirish oqibatida bu disklar zo`riqadi va ularda degenerativ o`zgarishlar yuzaga keladi. Natijada umurtqa disklarining fibroz xalqalarida yoriqlar paydo bo`ladi. Umurtqa disklari ichidagi pulpoz (umurtqa harakatlarini ta`minlovchi yadro) shu yoriqlar orqali umurtqa kanali tomonga siljiy boshlaydi. Yoriqdan chiqib kelgan mana shu disk hosilasi umurtqalararo disk churrasidir.

Umurtqa churrasining oldini olish uchun bir joyda uzoq vaqt qimirlamay o`tirish, doimo og`ir yuk ko`tarish, gavdani noto`g`ri tutish (yoki egilib yurish) oqibatida kelib chiqadigan osteoxondrozni o`z vaqtida davolash zarur bo`ladi.

Chanoqda sezuvchanlik yo`qoladi

Agar bemorning bo`yin sohasida muntazam og`riq bo`lsa va u qo`llarga tarqalsa, shuningdek, tomir tortishishi, bosh og`rishi va aylanishi ro`y bersa bo`yin umurtqasi diskida churra borligidan darak beradi.

Beldagi doimiy og`riq oyoqlarga tarqalganda esa umurtqa diskining churrasi kuzatiladi.

Churra kasalligi rivojlanib ketganda bemor yon tomonga qiyshayib yurolmay qoladi, keyinchalik churra umurtqa kanaliga siljib orqa miya va asab tolalarini ezib qo`yadi. Buning natijasida bemor vazn yo`qotadi, teri quruqlashadi, doim asabiylashadi. Hatto uning belidan pastki a`zolarda (ayniqsa chanoq sohasida) sezuvchanlik yo`qolishi ham mumkin. Oxir-oqibat peshob va ich kelishining boshqarilishi izdan chiqadi.

Umurtqa diski churrasining ilk alomatlari sezilgandayoq mutaxassis ko`magida davolanish zarur. Aks holda churra og`ir oqibatlarga olib keladi.

ANIQLASh VA DAVOLASh

  • Umurtqalararo disk churrasi avvalo magnit rezonansli tomografiya tekshiruvi aniqlanadi va shundan so`ng muolaja belgilanadi. Konservativ davo qilinganda dori-darmonlar yoki fizioterapiya muolajalari yordamida churra bor joyga maxsus dori suyuqliklari yuboriladi, vitamin terapiya va manual terapiya qo`llaniladi, kasallikning og`ir-engillik darajasiga qarab umurtqani maxsus asbobda “tortish” usuli amalga oshiriladi.
  • Bordiyu konservativ davo yordam bermasa, jarrohlik muolajasi bajariladi. Bunda orqa miya va nerv ildizlarini ezib qo`ygan disk churrasi kesib olib tashlanadi.
  • Bemorlar kasallik rivojlanib ketmasligi uchun o`zlarini ehtiyot qilishlari zarur. Ayniqsa og`ir yuk ko`tarish, bir joyda uzoq vaqt tik turish yoki o`tirish, semirib ketishdan saqlanishlari kerak.
  • Umurtqa churrasi bor kishilar tez-tez shifokor bilan maslahatlashib uning ko`rsatmalariga amal qilishlari tavsiya etiladi. Chunki ba`zan bemor umurtqa churralari rivojlanib ketayotganligini sezmay qolishi ham mumkin. Bu esa davolashni qiyinlashtirib og`ir asoratlar keltirib chiqaradi.

 

    Boshqa yangiliklar