1

Saratonning hamlasiga chap berish mumkin

Salomatlik 21.12.2015, 10:52
Saratonning hamlasiga chap berish mumkin

Mavzuga doir savollarga onkolog shifokor, tibbiyot fanlari doktori, professor Mirza-Ali G`ofur-Oxunov javob beradi.

Xavfli o`smalarning kelib chiqishi ovqatlanishga bog`liqmi?

  •  Kasalliklarining uchdan bir qismi ovqatlanishga bog`liq kechadi. O`z vaqtida ovqat eyish, meva-sabzavotlar, ko`katlar, vitamin S, E, A va minerallarga boy mahsulotlarni iste`mol qilib turish tanadagi to`qimalar holatini yaxshilaydi. Shuni ta`kidlash kerakki, sport bilan muntazam shug`ullanish, umuman, harakatchanlik ko`pgina kasalliklarning, jumladan saratonning ham oldini oladi.

Tajribalarimdan kelib chiqqan holda shuni aytishim joizki, meva-sabzavotlarni doimiy ravishda iste`mol qilgan kishi yo`g`on ichakning xavfli o`smasidan yiroq bo`ladi. Piyoz va sarimsoqni xush ko`ruvchilarda esa me`da saratoni juda kam uchraydi. Yallig`lanishlarni dastlabki bosqichda davolagan odamlarda og`iz bo`shlig`i, me`da osti bezi, siydik qopi saratoni bilan og`rish hollari deyarli kuzatilmaydi. Ayniqsa, tamaki chekishdan voz kechgan odam o`zini eng og`ir xastalikdan asrab qolgan bo`ladi. 

Dardning  barcha turi nasl suradimi yoki?..

  • Yaqin qarindoshi yoki oilasidagilardan birortasi saraton bilan og`rib o`tgan kishilar hushyor bo`lishlari va rakoldi kasalliklar profilaktikasi bilan shug`ullanib turishlari lozim. Chunki saratonning paydo bo`lishida irsiy omillarning ahamiyati katta (3-6 foizgacha). Ayniqsa sut bezlari, bachadon, tuxumdon, yo`g`on ichak saratoni, oq qon (leykoz) kasalligi,  retinoblastoma, bosh miya o`smalarining nasl surishi aniqlangan.

Shuningdek, yo`g`on ichakdagi polipozlar, me`da-ichak tizimidagi adenomatoz poliplarning hosil bo`lishida ham irsiy omillar muhim rol o`ynaydi. Endilikda saraton xastaligining keyingi avlodda uchrashi yoki uchramasligini oldindan bilish imkoniyati mavjud. Molekulyar genetik usullar orqali ma`lum axborotga ega bo`lish mumkin. Bu narsa oilalarda o`sma xastaligidan xavotirlanishning oldini oladi.

 Kimyoterapiyaning ta`siri qay darajada?

— Kimyoterapiya o`ziga xos davolash usuli bo`lib, bunda bemor organizmiga yuborilgan dori moddasi o`sma xujayralarini o`sishdan to`xtatadi va nobud qiladi. Bunday dori vositalari bir yoki bir necha kun davomida venaga yuboriladi, ba`zan ichiladi. Keyinchalik muolaja uch-to`rt haftada bir marotaba takrorlanib turadi. Shuni yodda tutish lozimki, kimyoterapiyada qo`llaniladigan preparatlar sog`lom to`qimalarga ham tasir qilishi mumkin. Ya`ni, ko`ngil aynishi, qusish, anemiya, soch to`kilishi va holsizlanish ro`y beradi.

Bemor kimyoterapiyadan so`ng quyidagi tavsiyalarga amal qilgani ma`qul:

a) muolaja paytida sho`r, quruq ovqatlar emang, apelsin, limon, greypfrut sharbatlarini ichmang;

b) hadeb qusaversangiz shifokor bilan maslahatlashib qayt qilishning oldini oladigan dori ichishingiz kerak;

v) ko`nglingiz aynasa, chuqur-chuqur nafas oling, o`tib ketadi;

g) soch qisman yoki butunlay to`kilsa, xavotir olmang, chunki muolaja tugaganidan so`ng soch o`sa boshlaydi;

d) kimyoterapiya olayotganda sartaroshga bormaganingiz ma`qul, shuningdek sochni turmaklatish yoki jingalak qildirish mumkin emas;

e) muolaja davomida yumshoq ovqatlar va ko`proq sutli taomlar istemol qilganingiz maqul;

z) quyosh tig`ida yurishdan yoki nam havoda sovuqqotishdan o`zingizni asrang.

Kasallikning oldini olish uchun  

— Aksariyat hollarda o`sma kasalliklari boshlanishda klinik alomatlarsiz kechadi va rivojlanib ketgandan so`nggina ro`y-rost ko`zga tashlanadi. Bunda asosan bemorning sababsiz ozib ketishi, quvvatsizlik, ishtaha yo`qolishi, salga charchab qolish holatlari kuzatiladi. Aynan shu davrda saraton ildiz otib, organizmga zaharli moddalar ajratayotgan bo`ladi. Kasallikda bemorning ko`ngli ayniydi va og`riqdan azob tortadi. Mana shu ikki holat saratoning asosiy belgilari sanaladi.

Kasallikning bir a`zodan ikkinchi a`zoga o`sib kirishining oldini olish maqsadida jarrohlik amaliyoti bilan birga kimyoviy usul, nur terapiyasi, immunoterapiya va gormonoterapiya qo`llaniladi. Shu o`rinda aytishim joizki, ayrimlar saratonga chalingan yaqin kishilarini davolatish uchun chet ellarga qatnab yurishadi. Vaholanki, respublikamizda ham bu dardni davolash imkoniyatlari xorijnikidan kam emas. Bugungi onkolog shifokorlar yuqori malaka va etarli tajribaga ega, shuning uchun ham ular bemorga to`g`ri tashxis qo`yib, saratonni ilk bosqichlaridayoq davolashga erishmoqdalar. Demak, bemor dard kuchayib ketmasdan shifokorga uchrasa va mutaxassis buyurgan muolajalarni o`z vaqtida olsa saratonning rivojlanishini to`xtatsa bo`ladi.

— Har bir odam xech narsa bezovta qilmayotgan bo`lsada, ayniqsa 40 yoshdan oshgandan so`ng yilda ikki marotaba shifokor ko`rigidan o`tishi zarur. Unutmaslik kerakki yosh o`tishi bilan, ayniqsa klimakteriya davrida onkologik kasalliklarga yo`liqish ehtimoli ortadi. Shunday ekan, o`zingizni sinchiklab kuzating, organizmingizdagi birorta o`zgarishga beparvo bo`lmang. Agar sizda tez charchash, butun tanada og`riq paydo bo`lishi, hazm jarayonining buzilishi, ovqat yutishning qiyinlashishi, tomoq qichishib yo`tal tutishi yoki ovoz bo`g`ilishi, sababsiz ozib ketish, ayollarda sut bezlarining qattiqlashishi singari holatlar uchrasa albatta tibbiy tekshiruvlardan o`ting.

Yodda tutingki, o`z sog`lig`ingizga jiddiy e`tibor qilsangiz, bu narsa rakka olib keluvchi kasalliklarni bartaraf etishga yordam beradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1