1

Gipertonik kriz yoxud bosim ostidagi dard

Salomatlik 21.12.2015, 11:09
Gipertonik kriz yoxud bosim ostidagi dard

Kasallik haqidagi ma`lumotlar nevropatolog shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi Nigora INOG`OMOVA maslahat beradi.

Gipertonik kriz qon bosimining to`satdan yuqori ko`rsatgichlargacha ko`tarilishi bilan kechadigan holat hisoblanadi. Qon bosimining ko`tarilishi tufayli miyada bir qator o`zgarishlar yuzaga keladi. Gipertonik kriz gipertoniya kasalligining asoratidir. Turli asabbuzarliklar, uzoq vaqt dam olmasdan mehnat qilish va jismoniy zo`riqishlar, tuz va suvni ko`p miqdorda iste`mol qilish, ob-havo o`zgarishlari (havoning sovib ketishi, namlik ko`payishi, kuchli shamol, magnit quyunlari), spirtli ichimliklarni ko`p ichish, kashandalik, kuchli shovqin, shifokor buyurgan dorilarni ichishni to`xtatib qo`yish, turli allergik reaksiyalar, prostata bezining xavfsiz o`smasi (adenoma), juda chuqur kuyishlar, bosh miya ishining vaqtinchalik buzilishi va xolesteringa boy yog`li taomlarni ko`p iste`mol qilish bu kasallikka olib keluvchi omillardir.

Alomatlari   

Erkaklarga nisbatan ayollarda ko`proq uchraydigan gipertonik  kriz kunning har qanday vaqtida yuz berishi mumkin, biroq ko`pincha kechga yaqin sodir bo`ladi. Yana  bir muhim belgi shuki, kasallik to`satdan boshlanadi. Ko`pincha krizning boshlanayotganini odam o`zida sezadi: bosh aylanishi, qaltirash, qo`rquv, xavotir yuzaga keladi.

BOSh IChIDAGI “G`UVILLASh”LAR...

Ko`pchilik bemorlarda gipertonik kriz paytida qon bosimi 200/120 mm. simob ustunigacha oshadi. Qon bosimi past yuradigan odamlarda gipertonik kriz belgilari yaqqol bilinadi. Lekin ba`zida odamda qon bosimi haddan ortiq ko`tarilgan bo`lsa-da, uning belgilari bilinmasligi mumkin (keksalarda, qandli diabetga chalingan kishilarda).

Gipertonik kriz paytida miya tomirlaridagi bosim oshib ketadi. Shu tufayli miyaning shikastlanishiga xos belgilar paydo bo`lishi mumkin. Juda kuchli bosh og`rig`i, boshda “shovqin” hissi, ko`ngil aynishi, qayt qilish, ko`z oldi qorong`ilashishi, uyquchanlik, es-hush buzilishlari shunday belgilardir.

O`rta yoshli odamlarga nisbatan keksalarda gipertonik kriz tez-tez takrorlanib turishga moyil bo`ladi, shuningdek, yuqorida aytib o`tilgani kabi to`satdan emas, balki asta-sekinlik bilan boshlanadi. Qariyalarda bosh og`rig`i kuchliroq bilinadi, asosan ensa sohasida og`riq kuzatiladi, xalq tilida bu “gardan tortishi”, deb ataladi. Gipertonik krizning asorati sifatida qariyalarda yurak etishmovchiligi, miokard infarkti, yurakning notekis  urishlari kelib chiqishi mumkin.

Birinchi yordam  

Gipertonik kriz paytida eng avvalo, bemorni qulay, salqinroq joyga o`tkazing. Uning orqasiga yostiq qo`yib, yarim o`tirgan holatga keltiring. Kiyimlarini echib, erkin nafas olishiga imkon bering. Eshik, derazalarni ochib, xonani shamollating. Issiq vanna tayyorlab, bemor oyoqlarini soling. Limon choy yoki limon sharbati ichiring. Bemorga uy sharoitida dori bersa bo`ladi. Agar bemorning qon bosimi avvallari oshib turgan bo`lsa va shifokor unga dori yozgan bo`lsa, o`sha dorilarni berish mumkin. Odatda bu dorilarning ta`siri sekin boshlanadi va uzoq davom etadi. Biroq shuni esda tutish lozimki, gipertonik krizda qon bosimi qanchalik tez tushirilsa, shuncha yaxshi.

Shifokor yoki tez yordam guruhi xonadonga tashrif buyurgach, birinchi navbatda bemorning qon bosimini o`lchaydi. So`ngra kerakli dori-darmonlarni ichirishi yoki tomirga yuborishi mumkin. Shifokor xulosasiga ko`ra, bemorning kasalxonaga yotqizilishi yoki yotqizilmasligi hal qilinadi.

Bemorning ahvoli yaxshi bo`lsa, kasalxonada davolanish uchun yotishi mumkin. Agar uning ahvoli og`irlashib, asoratlar vujudga kelgan bo`lsa, reanimasiya (jonlantirish) bo`limiga yotqiziladi.

BIR NEChA SOATLIK TAHLIKA    

Gipertonik krizda bemorning taqdiri bir necha soat ichida hal bo`lishi mumkin. Bu holat asoratlari bilan ham hayot uchun xavf soladi. Ishemik yoki gemorragik insult, buyrak ishining buzilishi, ko`rish qobiliyatining  pasayishi va hatto ko`rlik, yurakning kuchli darajada notekis urishi, miokard infarkti gipertonik krizning asosiy asoratlaridan sanaladi.

Gipertonik krizning oldini olish uchun, gipertoniya kasalligidan saqlanish lozim. Buning uchun:

  • o`z vazningizni nazorat qilib turing, semizlikka yo`l qo`ymang, buning uchun hayvon yog`ida tayyorlangan yog`li ovqatlarni cheklang, taomlarni o`simlik yog`ida pishirganingiz ma`qul;
  • kaliy va kalsiyga boy mahsulotlar, shuningdek, ho`l mevalar va sabzavotlardan ko`proq iste`mol qiling;
  • kunlik iste`mol qilinadigan osh tuzi miqdorini kamaytiring;
  • jismoniy mashqlarni kanda qilmang, kuniga 5-6 kilometr piyoda yurishga odatlaning;
  • spirtli ichimliklar iste`molini kamaytiring, chekishni tashlang.

Unutmangki, gipertonik krizni iloji boricha tezroq aniqlash va davolash muhim ahamiyatga ega. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1