Avitaminoz A vitaminining ozligidanmi?

Salomatlik 21.12.2015, 11:35
Avitaminoz A vitaminining ozligidanmi?

Vitaminlar inson salomatligini mustahkamlashda o`ta muhim ahamiyatga ega. Ularning birortasi etishmasa tanada turli xastaliklar paydo bo`ladi. Masalan, vitamin S tanqisligida tog`ay va suyak to`qimalari tuzilmasi buziladi. Qon tomirlar devorining o`zgaruvchanligi ortadi, zangila (singa) kasalligi ro`y beradi.

V guruhdagi vitaminlar etishmaganida esa kishi kamqonlikka uchraydi, ish qobiliyati pasayadi, ishtahasi yo`qoladi. Vitamin A  kam bo`lgan hollarda teri quruqshab, soch to`kiladi. Tananing vitamin E ga bo`lgan talabi qondirilmasa, jinsiy bezlar va mushak faoliyati susaya boradi. Vitamin K ozayganida turli a`zolardan qon oqishi hollari ro`y beradi, xususan burun va milk tez-tez qonaydigan bo`lib qoladi.

Demak, tanamizda barcha vitaminlar mutanosib bo`lgandagina sog`lom va tetik yuramiz, kasalliklar bizni chetlab o`tadi.

BOShQA SABABLARI HAM BOR   

Ba`zan hazm faoliyatidagi nuqsonlar tufayli iste`mol qilinadigan ovqatlarning ichaklarda o`zlashtirilishi buziladi. Ayrim hollarda ichak mikroorganizmlari tomonidan organizmda vitaminlar sintez qilinishi susayadi.

Doim bir xil eguliklar (ayniqsa, rafinirlangan, quritilgan va konservalangan mahsulotlar)ni iste`mol qilish, kundalik ovqatlanishda  yangi meva va ko`katlar bo`lmasligi, mahsulotlarni noto`g`ri saqlash, ovqat pishirganda sabzavotlardagi zarur vitaminlarning parchalanib ketishi, aqliy va jismoniy toliqish singarilar ham vitamin tanqisligini keltirib chiqaradi.

Shuningdek, me`da-ichak kasalliklari (gastrit, oshqozon va o`n ikki barmoqli ichak yarasi)da, hatto gijja kasalliklarida ham organizmda vitaminlar so`rilishi buziladi. Bundan tashqari ayollarda homiladorlik va bola emizish davrida hamda kishi ayrim antibiotiklar – sulfanilamid preparatlarini uzoq vaqt ichib yurganda vitamin etishmovchiligi kelib chiqadi.

Bahorning boshida vitaminlar ozayadi   

Bahor fasli boshlarida bozorlarimizdagi ho`l mevalar hamda ko`katlarning tarkibida vitaminlar ozayadi. Ma`lumki, vitaminlar bilan to`yingan tana baquvvat bo`lib, kasallikka kamroq chalinadi. Qishda, ko`klam chog`larida bunday vitaminlarga ehtiyojimiz kuchayadi. Go`shtli va sut qatiqli ovqatlar vitaminga boy ko`katlar o`rnini bosa olmaydi. Shunday ekan, tanamizdagi darmondorilarga bo`lgan tanqislikni qanday bartaraf etish mumkin?

  • Qish bo`yi va bahorning ilk kunlarida na`matak qoqisi qaynatib, ichib yurilsa, organizmda askorbat kislota tanqisligi ro`y bermaydi.
  • Oshko`klarni ko`p xarid qilmang, chunki ular bir kundan ko`p saqlansa tarkibidagi vitamin S ning 40-60 foizi yo`qoladi. Kartoshka va sabzavotlar sovuq suvga solib pishirilsa, tarkibidagi vitaminlarning 30 foizi nobud bo`ladi. Agar qaynab turgan suvga solsangiz vitaminlari to`la saqlanadi.
  • Bargli o`simliklar (ismaloq, salat-kohu, shovul)ni qaynatib yo qovursangiz idish qopqog`ini albatta yoping. Aks holda tarkibidagi 70 foiz vitamin yo`qolib ketadi. Sabzavot mahsulotlarini zanglamaydigan metall yoki cho`yan qozonlarda pishirsangiz tarkibidagi vitaminlar parchalanmaydi.
  • Yalpiz, ismaloq, jag`-jag`, otquloq, beda (yo`ng`ichqa) vitaminlarga juda boy bo`lib, ko`klamda odam quvvatini oshirib, tetiklashtiradi. Ko`katlardan ko`k somsa (bir qavatli, qatlamali), ko`katli balish (pirog), chuchvara, manti, xonim tayyorlanadi. Ko`katlar turli kasalliklarda tavsiya etiladi. Qandli diabeti bor, semirib ketgan va zaif kishilarga ko`katlarni sariyog`da qovurib berish maqsadga muvofiq.

Umuman bahoriy ko`katlarni qo`shib, ulardan turli taomlar tayyorlab iste`mol qilinsa, organizm faoliyati yaxshilanadi, moddalar almashinuvi me`yorga keladi, vujudga kuch-quvvat oqib kiradi.

HOLSIZLIKKA  QARShI... SPRAUTS!   

Turli donlarni undirib (bu sprauts deyiladi) maysasini ilk ko`klamda iste`mol qilish lozim. Chunki ungan maysalarda zarur vitaminlar miqdori donga nisbatan 25-40 martagacha ko`p bo`ladi.

    Sprautslar bug`doy, arpa, suli, javdar, mosh, soya, oshqovoq, sholg`om, rediska, yo`ng`ichqa (beda), kungaboqar urug`laridan tayyorlanadi. Bu urug`lar kimyoviy moddalar ta`siridan holi bo`lishi muhim. Ular qisqa vaqtda bir tekis unib chiqadi va mazali ta`m beradi. Ajratib olingan urug`lardan birortasi dastlab bir-ikki marta yuvilib quritiladi, keyin idishlarga solinadi. Sprautslarni o`stirishda shisha idishlardan foydalansa bo`ladi. Tanlangan urug`lar mayda bo`lsa (masalan yo`ng`ichqa va sholg`om urug`lari) idishning tubini qoplagani kifoya. Yirik urug`lar (no`xat va boshqa dukkakli donlar) esa idishning to`rtdan bir qismigacha solinadi. Keyin yarmigacha suv quyib, bir necha soat davomida urug`larning yaxshigina ivishi kutiladi. Shundan keyin qolgan suvni to`kib, havo kirib turishi uchun ilma-teshik plastik qopqoq bilan yopiladi (buning uchun rezina qopqoqni mixcha bilan aylanasiga qator qilib teshish lozim). Idishni stol ustiga yonboshiga yotqizilib, urug`lar uning devorlariga bir tekisda yopishib turishi uchun uyoq-buyoqqa aylantiriladi va shkafga yoki deraza oldiga qo`yiladi.

Agar ishlatilayotgan urug`lar dukkaklilardan bo`lsa unga yorug`lik tushmagani ma`qul. Aks holda o`stirilgan maysa achqimtil bo`lib qoladi. Shuning uchun ham mosh, no`xat, loviya yoki soya solingan idishlar qorong`u joyda saqlangani maqsadga muvofiq. Unib chiqayotgan urug` ikki marta toza suv bilan yuvib tashlanadi.

ARZON VA BEBAHO “DORI”

Aslida sprautslar eng arzon va organizmga quvvat beruvchi eng bebaho doridir. Lekin ularni tayyorlashda tegishli qoidalarga rioya qilinmasa (ya`ni urug`ning sifatsizligi, kam yuvilishi va suvning juda issiq bo`lishi hamda idishdagi havo almashinuvining buzilishi tufayli) urug`lar ko`pincha chirib qoladi. Issiq uylarda urug`larning chirimasligi uchun toza suv bilan tez-tez yuvib turish, xonada shamollatgichlardan foydalanish lozim. Sprautslarni alohida-alohida idishlarda tayyorlagan ma`qul, chunki ularning mazasi turlicha bo`lib, har birining tarkibida yuqorida qayd qilingan foydali moddalar turlicha miqdorda bo`ladi. Ularning o`zini iste`mol qilish bilan birga salatlar va ovqatlarga qo`shib eyilsa, tana biofaol moddalar bilan yanada yaxshi ta`minlanadi.

   Tayyor sprautslar (ungan maysalar) shisha idishlar yoki plastik idishlarga solib, sovutgichlarga qo`yiladi va o`n kungacha saqlanadi va barcha oila a`zolari undan ehtiyojga yarasha foydalanaverishi mumkin. Sprautslarga biroz shakar sepilsa yoki smetana, qaymoq, qatiq, mayonez aralashtirilsa yosh bolalar juda hush ko`rib eydigan taomga aylanadi. Agar sprautslar alohida iste`mol qilinsa ovqatlanishdan 15-20 daqiqa oldingi vaqt qulay. Xullas, bahoriy ko`katlar bilan birgalikda sprautslar tayyorlab iste`mol qilsangiz avitaminoz kasalligi sizni bezovta qilmaydi.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Shoniyoz Qurbonov maslahatlari asosida tayyorlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1