Sal avval Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo`ldoshevaning 8 sentyabr kuni hibsga olingani xabar qilingan edi. Ayni paytda Bosh prokuratura Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokorining hibsga olingani yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Keltirilishicha, 2020 yil 10 avgust kuni fuqaro Sh.Minbaev Chirchiq shahar prokuraturasiga murojaat qilib, Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ikki tomonlama pnevmoniya va “COVID-19” tashxisi bilan og`ir ahvolda davolanayotgan qarindoshi F.Rustamov 01.08.2020 yilda Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o`tkazilganligini va 02.08.2020 yilda uning sog`lig`i yomonlashib vafot etganligini, shu sababli aybdor shaxslarga qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Aniqlanishicha, bemor F.Rustamovning somatik xolati og`irligi, unda nafas etishmovchiligi mavjudligi va reanimasion muolajalarga muhtojligiga qaramasdan Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokorining ko`rsatmasi bilan ushbu bemor og`ir ahvolda viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yuborilgan.
Shu bilan birga, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida F.Rustamov nomiga yuritilgan kasallik tarixida bemor “COVID-19” kasalligidan to`liq tuzalganligi haqida soxta ma`lumot kiritilgan.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida byudjet va byudjetdan tashqari mablag`larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o`tkazilgan nazorat tadbiri davomida jami 250,8 mln. so`m byudjet mablag`lari rastrata yo`li bilan talon-taroj qilinganligi aniqlandi.
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori G.Yu. bir necha marotaba tergovga chaqirilganligiga qaramasdan uzrli sabablarsiz ko`rsatilgan muddatlarda kelmagan.
2020 yil 08 sentyabr kuni shifoxona bosh shifokori G.Yu. majburiy tartibda tergovga olib kelinib, JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etildi.
Ayblanuvchi G.Yu. tergov harakatlarini amalga oshirishga to`sqinlik qilayotgani, o`ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og`ir jinoyatlar turkumiga kirishligi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug`ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo`q qilib yuborishining oldini olish maqsadida prosessual tartibda ushlanib, sudning 09.09.2020 yildagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo`llanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi rasmiy bayonotda.
Mavzuga doir:






