Ko`pincha o`z boshimizdan o`tkazganlarimizni yaqinlarimizdan yashiramiz. Balki bu jigarlarimizni ayaganimizdandir?! Bugungi hikoyamiz ham xuddi shunday...
— Muhayyo, menga qara, almashib ish qilish joningga tegmadimi? Kel, onangning aytganini emas, o`zimiz istaganimizni qilamiz, — dedi Gulshoda qisiq ko`zlarini battar qisib, lablari pirpirab.
Muhayyoga har galgidek, uning “onangni” degan so`zi yoqmadi. Gulshodaga tekkan kasal. Ota-onasining oldida yaltoqlanib “aya, aya” deb o`zini yaxshi ko`rsatadi. Yolg`iz qolganida esa bunaqa gap. Gulshodaning ikkiyuzlamachiligi uni g`azablantiradi. Lekin ichiga yutadi.
— Nima qilmoqchisan? — dedi u qosh chimirib.
— Biram badqovoqsanki... Men senga yomon gap aytmadim-ku. Shunchaki birimiz har doim uyning, ikkinchimiz har safar dalaning ishini qilaylik, demoqchi edim. To`g`risini aytsam, menga dalada ishlash juda yoqadi. Qizlar bilan qiyqirib, o`ynab paxta chopiq qilamiz. Uyda zerikadi odam. Tush mahali daryoga cho`milishni aytmaysanmi? Mayli, sen bu erda baribir yangisan. Sen har kuni dalaga chiqaqol. Ham dugona, tanish orttirasan, ham ro`zg`orning ezib yuboradigan ishlaridan qutulasan, — dedi Gulshoda o`zini mehribon tutib.
Muhayyo uning galdagi ayyorligini tushundi. Endigina o`n uch yoshni qarshilagan, o`zi tengi bu qizning qachon bunchalar pishiq bo`lib ulgurganini bilolmasdi.
Qo`lini sovuq suvga ham urishni istamaydigan, yalqovligi uchun otasidan ko`p gap eshitadigan Gulshoda aslida yozning chillasida terga botib dalaga borishdan qutulishning yo`lini topgandi. Biladiki, Muhayyo unga qarshi bir so`z demaydi.
— Aya, biz Muhayyo bilan kelishib oldik. U har kuni dalaga ishga boradigan, men esa uyning ishlarini qiladigan bo`ldim, — dedi kechki ovqatni eyishayotgan vaqtda u ota-onasiga bir-bir boqib. — Muhayyoning o`zi shuni istadi.
Bunga javoban Muhayyoning xo`rsinishidan boshqa hech sas eshitilmadi. O`sha kundan boshlab u tong qorong`isidan dalaga otlanardi. Aslida ularning dalada eri yo`q. Buni otasi tayinlagandi:
— Jonibek aka “Qizlaringiz dala ishlariga ko`maklashib yuborsin. Kuzda mehnati uchun g`o`zapoya beraman. Sotib olib yurmaysiz”, dedi. Har kun birortang uning qizlari bilan dalaga bor.
Murosakor onasi birdan dedi:
— Almashib borishadi. Shunda norozilik bo`lmaydi.
Mana, dalaga chiqa boshlashganiga bir hafta bo`lmasdan Gulshoda bu nayrangni topdi. U har doim “engilning ostidan, og`irning ustidan” yurib o`rgangan.
Muhayyo daladan horib, ochqab keldi. Ertalab o`zi bilan olib ketgan non va pomidor kuch bo`larmidi?
— Keldingmi, Muhay, tez supaga suv sepib yubor. Hozir dadang kelsa baqiradi. Ukalaring ham ko`chaga chiqib ketgandi. Topib kel.
“Uy ishlarini Gulshoda qilaman, degan edi-ku?”
Muhayyo bu gaplarni tashqariga chiqara olmadi. Indamay qo`liga chelak olib, ariq tomon yurdi.
— Birdan supurib yubor. Menga Shahlo to`qishni o`rgatayotgandi. Vaqt yo`qotmay, — ichkaridan ovoz berdi Gulshoda.
Og`ir xo`rsiniqni ichiga yutgan Muhayyo onasiga qaradi. Onasi jon-jahdi bilan sigir sog`ayotgandi. Qiz bildiki, onasi ishdan endi kelgan. U — hamshira. Uch-to`rtta qishloqni aylanib, bolalar va homilador kelinlarni ro`yxatga olib yuradi.
— Dada, qarang, men nima to`qiyapman, — kechki ovqatni eb bo`lishganda Gulshoda otasining e`tiborini tortib.
— Dasturxonni olinglar, qani olib kel-chi? — dedi ota.
— Idishlarni ol, — dedi onasi ham Muhayyoga qarab.
Ko`zlari tolib, munkib ketayotgan qiz yana o`rnidan qo`zg`aldi. Xullas, Gulshodaning shumligidan ro`zg`or yumushlari ham, paxta chopig`i ham Muhayyoning gardaniga tushdi.
— Nimaga dalaga chiqaman, deding? Har kuni boshingdan issiq o`tib, paxta chopib zarilmi, senga? Almashib borsanglar, harna bir kundan dam olarding-da — dedi oxiri onasi kuyinib. — Koshki, shu Gulshoda uyning ishini eplasa. Baribir ro`zg`orning ikir-chikirini ham senga qildiryapti. Biram soddasanki...
Muhayyo onasining ko`zlariga tikildi. Bir so`z deya olmadi.
— Yana “Onam Gulshodaga o`gaylik qilyapti”, demagin. Men ikkalangni ham bir ko`zda ko`raman. Hatto, Gulshodaga ko`proq rahmim keladi. Onasizlik yomon-da. Shuning uchun ko`ngliga qaray deyman. Lekin seniyam ayayman. Bolamsan, axir. Biz turmush qurayotganimizdayoq dadang bilan kelishib olganmiz. “Bolalarimizni ajratmaymiz, o`gaylik qilmaymiz”, deb. Shuning uchun ham oilamiz tinch. Ammo rangingga qarab, chidolmay ketyapman. Ertadan boshlab dalaga almashib chiqinglar.
— Xo`p...
“Bechora onam... Har kuni ikki o`t orasida yonadi. Gulshodaga rahmi keladi, menga joni achiydi. Buni Gulshoda bilsa ekan...”
— Dalaga almashib chiqa qolinglar. Ertaga sen paxtaga bora qol, Gulshoda, — dedi onasi kechqurun.
Gulshoda Muhayyoga o`qrayib qarab, baqira ketdi:
— O`zing dalaga chiqaman deb, endi aynib o`tiribsanmi? Shahloga nima deyman? Unga har kuni to`qishni o`rgangani uylaringga boraman, deb qo`yganman. Yolg`onchiga chiqamanmi? Yo meni ko`ra olmayapsanmi? To`qishga borib, bitta-ikkita uy ishini qilolmaganimga shunday qilyapsanmi, yo? Shuni ayamga aytmay, o`zimga aytsang bo`lardi-ku!
Muhayyo gap topolmay qoldi. Onasi o`ng`aysizlandi. Otasining esa qoshlari chimirildi.
— To`qishing esimdan chiqibdi, qizim. Muhayyoning o`zi bora qoladi, — dedi keyin onasi.
Shu-shu to g`o`zapoyalar yig`ilib, dala ishlari tugamaguncha Muhayyo unini chiqarmadi.
Onasi bilan bu oilaga kelganiga yaqinda besh yil bo`ladi. Bu yillar ichida u ikki ukaning opasiga aylandi.
— Uf-f, ukangning ovozini o`chir. Hozir o`lasi qilib uraman — zahrini sochardi Gulshoda.
— Ular sening ham ukang...
— Ovozini o`chirasanmi, yo`qmi?
Muhayyo ukasini bag`riga bosib, ovutishga urinardi.
Eng dahshatli va kutilmagan voqea qishda, ikki qiz hammomda cho`milayotganda yuz berdi.
— Vah, oyog`imni pechga tekkizib oldim, kuydi, qara, — dedi Gulshoda pufakcha hosil qilgan tizzasini ko`rsatib. So`ng o`z-o`zidan hazillasha boshladi:
— Mana, senga...
Muhayyo badaniga tekkan muzdek suvdan qiyqirdi:
— Muzday-ku.
— Issig`i kerakmi, mana?
Endi yuzi aralash kelib tekkan qaynoq suvdan Muhayyo chinqirib yubordi:
— Ayajon! Ko`zim...
Uning kuygan yuzini ko`rib, onasi hushidan ayrilay dedi. O`zini tutib turolmay baqirdi:
— Gulshoda, hushing joyidami?
— O`zi boshladi. Mana, mening oyog`imni kuydirdi avval. Endi sizam baqiryapsiz? Dada! — Gulshoda yig`lay boshladi.
Muhayyo uning qilig`idan qotib qoldi.
— Doim men aybdorman. Ayamga o`gayman-da... O`zimning onam bo`lganida... — battar uvlashga tushdi Gulshoda.
Birdan Muhayyoning jarohati hammaning yodidan ko`tarildi.
— Nega bunaqa qilding? Nima uchun Gulshodaning oyog`ini kuydirding? — shundoq ham jizillab turgan yuziga shapaloq tortdi onasi.
— Nima deb kelishgandik? Men biror marta qizingga o`gaylik qildimmi? Uni onangnikiga jo`nat — o`shqirdi otasi.
“Men aybdor emasman. Men hech narsa qilmadim. Uning o`zi... O`zi qildi-ku hammasini...”
Muhayyo bu so`zlarni yana ichida aytdi. Tiliga ko`chira olmadi. O`ksib-o`ksib yig`larkan, onasiga ko`z qirini tashladi. Onasi ham yig`lardi. Qiz sezdiki, onasi qiynoqda, arosatda...
Shu voqeadan keyin shifoxonadan chiqqan Muhayyoni onasi tog`asinikida qoldirdi. Ikki oycha vaqt o`tgach, mehmonga kelgan onasi unga dardini ochdi:
— Gulshodani bilmagan ekanman. Men yo`g`imda ukalarini tinmay urarkan, chimchilarkan. O`tgan hafta dadang uni xolasinikiga jo`natib yubordi. Onasi o`lganida ham shu xolasinikida yashagan ekan.
— Yana olib kelasizlarmi? — bo`g`ziga nimadir tiqilib dedi Muhayyo. Chunki uning o`zi ham onasi bilan yashashni juda xohlardi. Afsuski...
— Olib kelamiz. Ozroq esi kirsin, dedi dadang, — ko`zlarini olib qochdi ona. — Balki, u kelgach, seni ham olib ketarmiz...
Uyga qaytayotganida esa qizining iltijoli nigohi yuragini ezib yubordi. Ko`zlarida yosh bilan kirib keldi uyiga. Ertasiga esa o`g`illarini qo`shniga qoldirib, ishga ketdi.
— Soyli qishlog`iga o`tib kelsangiz. Endi o`sha qishloq ham bizga qararkan. Chaqaloqlar, homilador ayollar, yangi turmush qurgan kelinlar, tug`ish yoshidagi ayollar hamma-hammasini ro`yxatga olish kerak, — dedi unga bosh shifokor.
Ayol yo`lga tushdi. Begona joy, ilk tashrifi bo`lgani bois mahalla raisini surishtirdi.
— Anuv, oq binoga kirsangiz, o`sha er mahalla, — dedi bir bola.
Mahalla raisi qo`shib bergan qiz bilan u qishloqni aylana boshladi. Bir payt kutilmaganda eshitilgan ovoz uni esankiratib qo`ydi.
— Aya, ayajon. Aya-ya.
Ovoz tanish, ammo kimnikiligini u anglab ulgurmasdan ko`zlari Gulshodaga tushdi. Qizaloq jon jahdi bilan unga qarab yugurib kelardi:
— Ayaj-o-on! Ayaj-o-on! — unga etay deganda qiz yiqildi. Ko`zlaridan yuziga oqqan yosh tuproq bilan qorishdi. Shunda ham u o`rnidan turib chopdi: — Aya!
— Bolam — ayolning ham mehri iydi. Bag`ri kuyib, unga intildi: — Bolajonim.
Gulshoda o`zini uning bag`riga otdi:
— Meni olib keting, ayajon. Olib keting...
— Olib ketaman, bolam. Olib ketaman.
Ayol o`zi bilmagan holda Gulshodaning xolasi yashaydigan qishloqqa kelganini tushundi. Marhum kundoshining singlisi bilan gaplashib, Gulshoda bilan birga qaytdi. Albatta bu ishidan eri mamnun jilmayib qo`ydi.
— Dada, ertaga singlimni ham olib kelaylik, — dedi qiz erdan ko`z uzmay. — Boshqa urishmayman u bilan.
Otasi bosh irg`adi, onasi esa qizni quchib yig`lay boshladi...
N. USANBOEVA yozib oldi