AsosiySUG'DIYONA

“Ko`ngoogle”dagi sirlar

Ayol zoti qiziq. Ayniqsa, uning ko`ngli. Keling, sizlarga mana shu ko`nglimni bir ochay. Axir qachongacha bilolmay xunob bo`lasiz.

Rostini aytsam, ko`nglimizni o`zimiz ham yaxshi bilmaymiz. Chunki u go`yo internet! Ya`ni, “google”! Yanayam anig`i — “ko`ngoogle”! Ba`zida istagan narsangni juda tez topasan va quvonasan, ayrim hollarda izlaganlaringning aksi chiqib, asablaringni shunaqa o`ynaydiki...

Masalan, tongda ko`z ochib, xuddi shu “ko`ngugl”ga “mening hayotim” deya “poisk” berib, kompyuter ekraniga tikilgandek atrofga boqib shularni ko`ramiz: chiroyli uy, tinch orom olayotgan er, pishillab uxlayotgan bolalar...

Shukrki, bu “qidiruvimiz” har doim istaklarimiz bilan bir xil. Ammo, “baxtli onlar” deb yozib “qidiruv” tugmasini bossak bormi... Ko`z “ekranimiz”ga kelgan manzara shu bo`ladi: ijtimoiy tarmoqlardan biriga kirib olib, o`ziga-o`zi iljayayotgan er, “g`isht” telefonni uloqtirib, “geleksi 6” (bunaqasi hali chiqqanmi, yo`qmi unga qizig`i yo`q) talab qilayotgan 3-sinf o`g`il, shkafdagi kiyimlarini bir joyga to`plab, sizdan hali moda olami vakillari ham xayoliga keltirmagan yangisini talab qilayotgan bog`cha yoshidagi qizaloq...

Sababi, turmush o`rtog`imiz tanishuv saytini, o`g`limiz eng so`nggi rusumdagi telefonni, qizalog`imiz esa hali urf bo`lib ulgurmagan kiyimni baxt deb biladi-da!

Biz boyaqish ayollarning “ko`ngoogle”imiz esa nimani istaydi deng: ishda ham, uyda ham, xush va tushda ham erimizning xayolida bo`lishni, o`g`limizni uchuvchi, diplomat, millioner, polvon, aqlli, ilmli qilishni, qizimizni esa go`zal, oqila, sovchilari ko`p, toparman-tutarmon kuyovli etishni...

Essiz, bularning hammasi xayol. Chunki mana, turmush o`rtog`im o`zining shapaloqdek yapaloq telefoniga termulgancha bu dunyoni unutgan. Qaysi olamda yurgani faqat o`ziga ma`lum. Ilgari olamlar o`n sakkiz ming deyilgan bo`lsa, hozir sanog`i yo`q: “odno”, “feys”, “vatsapp”, “instagram”...

Ochig`i, bu ajnabiy so`zlar uchar likopchalar keladigan sayyora kabi menga notanish va noma`lum. Nomini ham zo`rg`a erim va o`g`limdan bilib olganman.

— Voy-voy, o`lib qolaman, — kutilmaganda tizzasiga shapatillab kula boshladi jufti halolim. — Titib tashlashibdi, gapni ham!

— Nima? — dedim jahlim chiqib.

Rosti erim telefoniga qarab kulaversa, shunaqa otash ichida qolamanki... Go`yo, shu telefoni dunyodagi eng pariruxsor sanam. Aslida telefon emas, uning ichidagi olamlarda ming-ming “internet malika”lari bo`lishi haqida dugonalarim ko`pirib so`zlashgan:

— Og`zingni och-i-ib, o`tiraver! Ol, senam normalniy telefon. Internetga ulan! Ering bilan “drujba” qil! Keyin... keyin ko`rasan nechta kundoshing borligini...

Bu gaplar ayol zotining u qulog`idan kirib, bunisidan chiqib ketadi, deganlar yanglishadi. Qaytanga ular qo`rg`oshinday quyilib, miyamda aylanaveradi-aylanaveradi!

Shuning uchunmi, erimning savolimni javobsiz qoldirib, kulishi battar jig`imga tegdi:

— Nega muncha kulasiz? Kim u sizni kuldirayotgan?

— Quloq sol. Kulib o`lib qolasan! “Feys”da ayollarga qarata yozishibdi: “Agar 6 mart kuni sovg`a olsangiz — ma`shuqasiz, 7 mart kuni olsangiz — hamkasbsiz, 8 mart kuni olsangiz — suyukli rafiqasiz! Agar umuman sovg`a olmasangiz — hech kimsiz!” — erim shunday deya yana kula boshladi. — Boplashibdi, ammo! “To`chna” yozishibdi, a?

Bu gap menga sirayam kulgili tuyulmadi. Qaytanga eng dahshatli va noxush xabar edi go`yo.

O`tira solib xotiramni ishga soldim: “O`tgan yili qaysi kuni sovg`a bergandi, erim? Bergandimi, o`zi? Undan oldingi yil-chi?”

Yuragimga g`ulg`ula tushgani uchunmi, miyam ishlamay qoldi. Birdan “ko`ngoogle” ishga tushib ketsa deng:

“O`tgan yili bayramda sovg`a olmaganmanmi, deyman? Nahot, erim uchun hech kimman? Yo`-o`q, olganman! Yo`-o`g`-a, bermagan! Bersa yodimda turardi-da! Aytgancha, “onamni tabriklab kelay” deb ota uyimga ketgandim. To`qqizinchi kuni kelgandim. Kelganimda berganmidi, yo`qmi?”

— To`qqizinchi mart kuni sovg`a olsa nima bo`larkan? — beixtiyor tilimdan shu savol uchdi.

— Bayram o`tgan bo`ladi! — qahqah otdi erim. So`ng birdan jiddiy tortib, piching bilan dedi: — Ha-a, sizga to`qqizinchi kuni sovg`a berishganmi?

— Yo`-o`-q, — dedim gezarib.

— Unda nega so`rayapsan? — erginamning ham ko`ngliga shubha oraladi chog`i.

— Erkaklar sovg`a berishni oltinchi martdan boshlab yuborisharkan-ku, balki keyin beradiganlari ham bordir, dedim-da!

— Hayit o`tgandan keyin... — erim shunday dedi-yu, yana “yapaloqoyimi”ning og`ushiga barmoqlari orqali kirib ketdi.    

Men esa unga tikilgancha, yana vahimaga tusha boshladim. Ayollar “ko`ngoogle”i shunaqa-da!

“To`chna” yozishibdi!” dedimi? Nahot, oltinchi mart kuni... Yo`-o`q! 7 mart kuni hamkasblariga sovg`a berishi tayin. 8 mart kuni-chi? Menga bermagan bo`lsa, “suyukli rafiqa”si kim? Men sovg`a olmaganman, demak, hech kimman! Ammo kimdir erimdan sovg`a olgan-ku!”

Ichimga tushgan olov tanu jonimni kuydira boshladi. Ovqat qilishni ham, yakshanbagacha rosa-a-a yig`ilgan kirlarimni yuvishni ham unutibman.

— Oyi, qachon meni cho`miltirasiz? — dedi qizim bo`ynimga osilib.

— Nari tur, ishim boshimdan oshib yotibdi! — dedim hamon divanda yastanib erimdan ko`z uzmayotgan bo`lsam-da.

— Kundaligimni teshirib bering, — dedi o`g`lim.

— Tinch qo`yasanlarmi, yo`qmi? Bor, o`yna! — baqirib yubordim.

Ayollar “ko`ngoogle”i shunaqa! Tez-tez “tormoz” bo`lib, “qotib” qoladi. Qotib qolgan joyga qil sig`armidi, keyin?!

Lekin kutilmaganda ishlab ham ketadi: “Buning tagiga etmasam, bo`lmaydi? Mana endi sinayman! 8 mart yaqin! Qani, 6 mart kuni kim sovg`a olarkan? 7 mart... mayli. 8 mart kuni... Ko`ramiz, kimga sovg`a berarkansiz, dadasi?”

Oltinchi martni yuragim dukillab kuta boshladim. Hatto, bir dugonamga erimni “internet”dan topishini buyurdim:

— Erimni top-da, oltinchi martdan boshlab kuzat! Qani, nima qilarkan?

O`zim esa uyda ko`z-quloqman. Hatto, cho`ntagini, qancha pul olganini, kimga qo`ng`iroq qilganini zimdan kuzataman. Oltinchi mart kuni pulimiz anchagina kamaysa deng! Kamiga dugonam hovliqib telefon qildi:

— Eringning internetga yozgan gapini qara: “Do`stlar! Go`zal va sevimli ayol uchun qanday sovg`a afzal?” Menimcha, senga sovg`a tanlay olmayapti!

— Nima? Bugun oltinchi mart-ku! — qichqirib yubordim.

— Nima bo`pti? Erkaklar bir oy avval bosh qotirishadi, — bilimdonlik qila ketdi dugonam.

Qanday qilib qizil tugmani bosib qo`yganimni bilmayman. Yuragimdan kuch, oyog`imdan mador ketib yotib qoldim. Bog`chaga ham o`g`limni yubordim. Ovqat qilish ham “qotib” qolgan “ko`ngoogle”ga sig`madi:

“6 mart kuni sovg`a olsangiz — ma`shuqasiz!” degandi erim. O`zi qaysi ma`shuqasiga sovg`a qidirib yuribdi, a? Kim u?”

Jinni bo`lay derdim. O`lganning ustiga tepgandek, erim juda kech kelsa...

— Qaerda edingiz? — zo`rg`a so`radim.

— Ishim chiqib qoldi, — beparvo dedi u.

Qo`liga qaradim. Sovg`a yo`q. Demak, berib kelgan!

Oromim yo`qolib, o`sha kecha uxlamadim. 7 mart parvoyimga kelmadi. Chunki 6 mart sanasining “dard”i hali tark etmagandi. Nihoyat 8 mart ham keldi!

— Bayraming bilan xotin! Qizim, bayraming muborak! — dedi erim erta tongdan.

Shunaqa quvondimki, agar hozir o`nta 6 mart takror-takror kelsa ham parvo qilmasdim. “Ko`ngoogle”im ham hisobiga pul tushgandek zuvillab ishga tushdi: “Axir men suyukli rafiqaman! Mana, erim 8 mart kuni tabriklayapti!”

Uchib-qo`nib yoniga bordim.

— Ozroq ishim bor! Bitkazaman-u, kelaman! — deya erim chiqdi-ketdi!

Jonim bo`g`zimga keldi: “Men hech kimman? Erim uchun hech kim emasman! 6 mart kuni ham, 7 mart, 8 mart kuni ham u kimlargadir sovg`a beradi, faqat menga emas! Men uning hayotida yo`qman!”

O`rnimga qayta yotib, rosa yig`ladim. Ikki bolam savol berishga ham ojiz.

Ertalab chiqib ketgan erim qosh qoraya boshlaganida ham kirib kelmasa deng!

Battar ezildim: “Suyukli rafiqasi qo`yib yubormayapti, shekilli. Menam yuribman-da, rafiqasiman, deb. Osh-ovqatini men qilaman, kirini yuvaman, injiqligini ko`taraman... Sovg`ani esa... Ketaman, bugunoq ketaman!”

Jahd bilan tugunimni tugishga tushdim. Bolalar hayron.

— Buvingnikida bayram nishonlaymiz! — dedim ularga.

Endi chiqib ketamiz deb qizimni ko`targan edim hamki, eshik ochildi. Shoshib, qizarib kirib kelgan erimning beixtiyor qo`liga qaradim: allaqanday qog`oz. Battar xo`rligim keldi. U esa avval qizining so`ng mening yuzimdan o`pib qo`yarkan, dedi:

— Tabriklayman! Shuni deb ikki kundan buyon ovoraman! Baribir kechikdim. Rassomni zo`rg`a oltinchi mart kuni topgandim. Chizish qiyin ekan. Bir soat oldin amallab tugatdi. Sabrim chidamay, boshida o`tirdim.

U shunday deya qo`lidagi qog`ozni avaylab ochdi. Unda qizim ikkalamizning jilmayib turgan suratimiz moybo`yoqlarda juda go`zal aks ettirilgandi.

Shuncha ko`zyosh qayoqdan kelarkan-a? Yana yig`lay boshladim. Ayniqsa, qog`ozning bir chetidagi yozuv “ko`ngoogle”imdagi barcha keraksiz axborotlarni o`chirib tashladi: “Mening ikki malagim uchun!”

KAMINA

    Boshqa yangiliklar