Boshpanasiz

Mutolaa 21.12.2015, 12:25
Boshpanasiz

Shunday vaziyatlar bo`ladiki, kimni ayblashni, kimdan najot kutishni bilmay qolamiz. Ko`z o`ngimizda olam g`ariblashib, umidsizlikka tushamiz. Ammo, yuragimizning bir chetida nimadir lipillab yashashga chorlaydi. Bugungi muxlisimizning hikoyasi, yuragida saqlab yurganlari shu haqda...

— Bu mening so`nggi choram! Boshqa ilojim yo`q! Shunday qilmasam, bir umr uysiz o`tamiz, — dedi xotinim eshikni yopishga chog`lanib. — Men siz bilan ajrashmoqchi emasman. Ammo bolalarim kelajagi uchun shunday qilishga majburman. Qachon uy sotib olsangiz, keyin birga yashaymiz. Mendan xafa bo`lmang!

U shunday deya xo`rsinib eshikni yopdi. G`azab otiga mindim: “Meni xotinim uyga kiritmayaptimi? Nima haqqi bor?! Eriman, axir! Hozir ko`rsatib qo`yaman!”

Shunday deya eshik zulfiga qo`l cho`zdim. Ochishga ulgurmasimdan ichimda boshqa bir ovoz yangradi: “Uy senikimiki, jahl qilasan? Ijara pulini o`zi to`layotgan, bolalaringni boqib o`tirgan bo`lsa...”

Boshim xam bo`lib ortimga qaytdim. Bunaqa ostonalardan qaytishim birinchi martamas. Shuning uchunmi, u qadar alam qilmadi. Lekin avvalgilari ichimni o`pirib, qaddimni bukkandi. Chunki ular xotinim emasdi-da...

* * *

— Dadasi, amallab boshpanali bo`larmiz. Nima qilasiz, o`sha uzoq yurtlarda? O`zi mazangiz yo`q, — xavotir bilan yuzimga qaradi rafiqam.

— Ravshan aka — qishloqdoshim. Aldamaydi. Aytishicha, ilgari ham odam yuborgan ekan, chetga. Yaxshi topishyapti, dedi. Bir o`zimni sinab ko`ray. Og`ir emas ekan ishi. Ikki yil o`tadi-ketadi. Uyli bo`lamiz, — dedim qishloqdoshimning gaplariga ishonganim uchun.

— U yoqlar sovuq. Mazangiz qochsa... — rozi bo`lmadi xotinim.

— Xudoga shukr yaxshi bo`lib qoldim-ku! — dedim ichimdan zil ketib.

Ochig`i, shaharga akamning ortidan kelganman. O`qib, shaharda ishlab qolgan akam, oilasini, ota-onamni ham olib keldi. Meni qishloqda uylantirishgan bo`lsa-da, turgim kelmadi. Akamni qora qilib menam keldim. Topishim yaxshiligi uchun oilamni ham chaqirdim.

— Sen ham qishloqda yashamaysan, chog`i. Hovliga singlingni ko`chiramiz. Ham uyga qaraydi, erlarga ham ul-bul ekadi, — dedi onam.

— Shunisi ma`qul. Singling ham qaynonasinikida sig`indidek o`tiribdi. Kuyov qachon pul topib er oladi, uy quradi? Mayli, ular o`tira qolsin, — quvvatladi otam ham.

Akam ham, men ham ma`qulladik. Chunki qishloqdagi katta hovli va anchagina er qarovsiz qolgandi. Shu bilan shaharda yashay boshladim. Ikki farzandim tug`ildi. Mehnatdan qochmaganim uchun ro`zg`ordan orttirib, mo`maygina pul ham yig`dim. Niyatim, shahardan uy olish. Afsuski, birdan sog`lig`im yomonlashdi. Avvaliga oshqozonimdan, keyin o`t pufagimdan operasiya bo`ldim. Uchinchi jarrohlik amaliyoti ham ko`p kuttirmadi. Uzoq muddatli davolanish, dori-darmon jamg`argan daromadimning boshiga etdi.

Shaharda yashashning o`zi bo`ladimi? Ijara puli, ro`zg`or... Ilgarigidek kuch-quvvatim yo`qligi uchun qiynala boshladim. Ana shunday paytda qarshimda Ravshan aka paydo bo`ldi:

— Yo`lingga pul top. Yana oldindan to`lanadigan ozgina to`lovini bersang, zo`r ish bor!   

Qo`limda ortiqcha pulim yo`qligi sabab, bir puldor kishidan foizga pul oldim-u, qo`shni davlatga yo`l oldim. Ko`rgilikni qarangki, o`z qishloqdoshim qo`ynimni puch yong`oqqa to`ldirgan ekan. Aytgan joyida hech qanday odam meni kutib olmadi va u aytgan ishxona ham yo`q ekan. O`zimni yo`qotib qo`ydim. Endi nima qilaman? Begona joy bo`lsa...

Ortimga qaytmoqchi ham bo`ldim. Lekin shuncha yo`lga, yana qarz evaziga kelgan bo`lsam... Ish topishim zarur edi. Shukrki, bu erga bir necha yillar avval opam oilasi bilan kelgan. Ishlari yaxshi. Opamni topishga kirishdim. Bordim ham. Bir hafta ularnikida turib, ish qidirdim. Ammo hech bir shartnoma va hujjatsiz ish qidirishimning o`zi ahmoqlik edi. Bu ham etmagandek, opam ham ostonada turib dedi:

— Bu erda ish topish osonmi? Qachongacha shunaqa yurmoqchisan? Qarzing ko`paymasdan ket! Qanday kelgan bo`lsang, shunday ket. Mening ham boshimga tashvish orttirma! O`zim zo`rg`a yashab turgan bo`lsam...

Bu gaplardan keyin opamning uyiga kirmadim. Dilim qattiq og`ridi: “Ahvolimni bila turib, quvdi-ya! Begonadek muomala qildi-ya!”

Jigarim-da, sal o`tmay oqlashga tushdim: “Meni o`ylab shunday qilyapti-da! Qarzim ko`payishini istamaydi-ku! Rost, uyga tezroq ketishim kerak. Bunaqada qarzga botib qolaman!”

Amallab uyga qaytdim. Ammo qarzim bo`yimdan ham baland. Shukrki, ayolim ham ishlaydi. Ro`zg`orni eplab, bolalarga qarab o`tiribdi. Biroq uyda erkak kishining o`rni katta. Shuning uchun jim turolmasdim. Topganim qarzimni qoplashga ketardi. Bu ahvolda yaqin besh-o`n yilda uyli bo`lolmasligim aniq.

— Bir boshingiz bilan bunaqada o`zingizni oldirib qo`yasiz. O`zi mazangiz yo`q. Ota-onagizdan yordam so`raylik. Qishloqda anchagina er bor-ku! O`shani sotib berishsa, uyli bo`larmidik? — dedi xotinim bir kuni fikrimni uqqandek. O`zimning miyamda ham shu gap qachondan buyon aylanardi. Lekin ahvolim yaqinlarimga besh qo`lday ma`lumligi uchun bir kuni o`zlari shu taklif bilan chiqishar deb kutib yurgandim.

Qarasam, foiz hisobiga olgan qarzimdan osonlikcha qutula olmayman. O`ylab ham o`tirmay akamnikiga bordim. Hamma gapni, niyatimni ota-onamga aytdim.

— Uyni ham, hovlini ham sotishni xayolingga keltirma! Bir kuni qaytib borishimiz bor, — deyishdi ota-onam qat`i.

Yana jahlim chiqdi. Sal o`tmay tag`in ularni oqladim: “Qari bilganni — pari bilmas”, deyishadi. Ota-onam ham bir nimani ko`zlab aytishayotgandir?”

U erdan chiqdim-u, qishloqqa yo`l oldim. O`zimcha, balki hovlida yasharman, shunda ijaraga ketgan pul yonimga qoladi, degandim. Chuchvarani yana xom sanabman. Bu gal singlim menga ters gapirdi:

— Ota-onam bu uyni bizga berishgan. Shu erda yashanglar degan. Siz-ku, shaharda o`z yo`lingizni topdingiz. Lekin biz bu erdan chiqsak, qaerga boramiz? O`ylamang, aka, men bu erdan chiqmayman! Ota-onamning uyida mening ham haqqim bor! Agar uy talashib ko`ngilxiralik qilgani kelgan bo`lsangiz, yaxshisi keting! Bizni tinch qo`ying!

Shu tarzda singlim ham meni uyidan to`g`rirog`i, o`z uyimizdan haydadi. Jigarchilik, uni ham ayadim. Ichimda oqladim ham. Lekin yuragimning bir cheti og`riqli edi. Axir men jigar deb ularni avaylayapman, o`ylayapman, ular-chi?

Bu gaplardan xabar topgan xotinim ham mana to`nini teskari kiydi.

— Shunday yuraversangiz, sizni hech kim o`ylamaydi. Endi men ham kiritmayman, uyga! Balki shunda yaqinlaringiz sizga ham oila, issiq uy kerakligini o`ylab ko`rar, — dedi u eshikni yuzimga yoparkan.

Hech narsa deya olmadim. Nima ham dey? Axir bu men haydalayotgan uchinchi eshik. Ayolimni ham tushunaman. Axir turmush qurganimizga o`n yildan oshdi. U ham o`z uyi bo`lishini istaydi.

Ba`zan o`yga tolaman: “Men uydan haydaydigan darajada opamga, singlimga, ayolimga nima yomonlik qildim? Axir hali biror marta hech kimga og`irligim tushmagan bo`lsa...”

Ularni tushungim keladi. Baribir dunyoga sig`may ketaman. Bu olamda kimsasizdek his qilaman, o`zimni. Ana shuncha milt etgan yog`du qalbimning tub-tubini yoritishga urinayotgandek bo`ladi. Bu — akamning bir og`iz gapi:

— Qayg`urma, uka! Yoningda men borman! Birgalashib, sen uchun dang`illama uy sotib olamiz!

Birdan to`yib-to`yib nafas ola boshlayman. Boshpanasiz, kimsasiz hayotimga akam najotkor farishta kabi kirib kelgandek bo`ladi. Boringizga shukr, akajon!

N.Usanboeva yozib oldi

 

 

 

 

   

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1