1

O`zingniki o`zagingni kesganda...

Mutolaa 21.12.2015, 14:00
O`zingniki o`zagingni kesganda...

 Tahririyatimizga kelgan xatlardan biri e`tiborimizni tortdi. Uni sizga ham ilindik.

 “Oilada to`ng`ich farzandman. Beshta singlim bor. Yolg`iz o`g`il bo`lganim uchunmi maktabni bitirishim bilan ota-onam uylantirish taraddudiga tushishdi.

— Uylantiraylik, birorta yoqtirgan qizing bo`lsa ayt, — dedi onam.

— Birorta kasbning boshini tutay. Hech bo`lmasa, hunar o`rganay. Oila o`yinchoq emas-ku! Singillarimni uzataylik, mening ham yordamim tegsin, — dedim qarshilik qilib.

Albatta, bu gapim ularga ma`qul keldi. O`qishga kirmaganim uchun o`zimizdan ish topishga qiynaldim. Uydagilarning ruxsati bilan poytaxtga yo`l oldim. U erda to`rt yil ham  hunarmandlikni o`rgandim, ham ishladim. Albatta ro`zg`orga ham foydam tega boshladi. Aslida, otam haydovchi, onam tadbirkorligi uchun pulga muhtojligimiz ham yo`q edi. Lekin har bir ota-ona uchun farzandining topgani qadrli bo`lgani kabi menikilarning ham quvonchi ichiga sig`masdi. Hunarmandchilikni yaxshi o`zlashtirganimdan keyin uyga qaytdim. 

— Bo`ldi, shuncha ishlading, kasbga ega bo`lding. Endi uylantiramiz, — dedi onam.

Yana rad etdim. Chunki endigina bitta singlimni uzatgandik, ikkinchisi uyda edi.  

— Singillarimni uzataylik. Men hali yoshman-ku!

Ota-onam yana ra`yimni qaytarishmadi. Bu orada otam ishdan bo`shadi. Daromadimizni yaxshilash maqsadida oilaviy tadbirkorlik boshladik. Afsuski, boshimizda qora bulutlar aylana boshlaganini bilmagan ekanmiz. Tadbirkorlik shunday narsa ekanki, seni yo shoh, yo gado qilarkan. Biz xuddi jarlik tomonga ketayotgan o`xshardik. Ishimiz orqaga ketdi. Shaharda yashab turgan uyimizni sotib, chetroqdan, ko`p qavatli uylardan olishga majbur bo`ldik. To`g`ri, olgan uyimiz ko`p qavatli bo`lsa-da, besh xonali, keng edi. Ammo hovlida yashab yurgan odamlarning ko`nikishi qiyin bo`larkan. Ota-onam tugul, biz farzandlar ham dunyoga sig`mayotgandek bo`lardik.

— Endi seni ham uylantiraylik. Sen tengilar uyli-joyli, bola-chaqali bo`lishdi. Ko`rib yuribman, ba`zilarining farzandlari bog`cha, hatto maktabga ham bora boshladi, — dedi onam yana kuyinib.

Mening esa bu gaplarni eshitgim ham kelmasdi. Sababi, shuncha ko`ngilsizlik va kasod bo`lganimizning ta`siridan chiqa olmay yurgandim. Buning ustiga hali to`rt singlim uyda, birin-ketin bo`y etib turgandi.

— Oyi, singillarimni chiqarib olaylik, — dedim tushuntirishga urinib.

So`ng uydagilarga ko`proq yordamim tegishini istab, chetga ishlagani jo`natdim. Yaxshi daromad qilib qaytdim, ham. Ikkinchi singlimni ham uzatdik. Ammo biri allaqachon bolasi bilan ajrashib kelgandi. Mening yoshim esa o`ttizdan oshgan. Shuning uchunmi hamma qarindoshlar to`planganda, amakim gap boshladi:

— Endi navbat sizniki, kuyovbola. Uylanmasangiz bo`lmaydi. Odamlar ham gap qiladi. Bittagina o`g`il bo`lsang. Nega uylanmayapti, bir gapi bormikan, deyishadi. Shunaqa gaplarga qolishni istaysanmi, yo?

Men “yo`q” degandek bosh qimirlatdim. Bu roziligimning ham ishorasi bo`ldi, go`yo. Chunki endi bundan boshqa ilojim ham qolmagan, ular qishloqdan bir qiz topib ham qo`yishgan ekan.

— Senga o`qituvchi qizni topib qo`ydik, — deyishdi maqtab.

O`sha kundan boshlab, uyimizda faqat o`sha qiz haqida gapirila boshladi. Eshitaversang, yoqtirmagan qo`shig`ingga ham qulog`ing o`rganib qolganidek, meni ham o`sha qiz bilan qandaydir rishta bog`layotgandi. So`ng bizni unashtirishdi. Men allaqachon shaharda o`z kasbim bo`yicha faoliyat yurita boshlagandim. Kunlarning birida o`sha taqdirimiz bog`langan qizga qo`ng`iroq qildim:

— Vaqtingiz bo`lsa, shaharga kelsangiz. Uchrashsak, bir-birimizni yaqindan bilsak degandim.

U ham rozi bo`ldi. Uchrashdik. Juda uyatchan qiz ekan. Ancha gaplashdik. Oxiri yuragimdagilarni so`radim:

— Siz “dom”da yashay olasizmi?

— Ha, talabaligimda yashaganman, — dedi u erga qarab.

— Mening beshta singlim bor, ularning ko`ngliga yo`l topib, chiqishib ketarmikansiz? — beixtiyor xavotirimni ham tilimga ko`chirdim.

— O`zimiz ham uyda besh qiz edik. Men kenjasiman. Nega chiqishmas ekanman?

Ochig`i, uning gaplari ko`nglimni ko`tardi. Uni ham xushnud qilish uchun qo`shib qo`ydim:

— Ammo xavotir olmang. “Dom”da yashaganimiz bilan uyimiz besh xonali. Hammaning o`z xonasi  bor. Bemalol yashaysiz.

Shu bilan to`yimiz ham bo`ldi. Biz baxtli edik. Ota-onam topgan kelin rostdan ham ko`nglimga yo`l topa olgandi.

— Voy, mana bu nima? — dedi bir kuni u menga.

Uning yotoqxonamizdan topib olgan narsasi meni ham ajablantirdi. Jimitdek tuguncha ichida allanimalar...

— Uyda keldi-ketdi ko`p bo`lyapti. Birortasiniki bo`lsa kerak, — dedim uning yuragiga g`ulg`ula solmaslik uchun. O`zim ham eskicha u qadar ishonmaganim uchun parvo qilmaslikka urindim. Lekin dilimning bir cheti g`ashlandi.

Bir hafta o`tib bu hol yana takrorlandi.

— Tashlavor! — dedim ko`rishni ham istamay. — Qayoqdan paydo bo`lyapti, bunaqa narsalar?

O`n besh kun o`tib yana shu ahvol.

To`g`risi, erkak boshim bilan mayda-chuydalarga aralashgim kelmadi. Ep bilmadim. Ammo o`shanda noto`g`ri qilgan ekanman. Sababi, ikki kun o`tib hali ishga etib bormasimdan rafiqam qo`ng`iroq qildi:

— Tez etib keling. Keling, tezroq...

Uning ovozidagi qo`rquvmi, mungmi, dardmi qalbimni larzaga soldi. Qanday uyga kelganimgi bilmayman. Eshikdan kirishim bilan u bo`ynimga osilib oldi. Tinimsiz yig`laydi. Xushi-xayoli joyida emas. Telbaga o`xshardi, u.

“Nahot, shunaqa qizga uylandim?”

Yashin tezligida miyamdan o`tgan bu yuragimni tilib o`tdi. Darrov shifoxonaga olib bordim. Ota-onasini chaqirdik. Hamma qo`rqib qolgandi.

— Ayolingiz soppa-sog`, — dedi shifokor. — Ammo holatini tushuntirib berolmayman. Bu gshapni shifokor sifatida sizga aytsam kulguli tuyular, ammo oddiy inson sifatida... Balki bularning hammasi  “eskicha”dandir?

Shifokorning shunday deyishini aslo kutmagandim. Tashvishlanib qolgan qaynog`alarim ayolimni o`qitishga olib ketishdi. Shukrki, vaqt o`tib u o`ziga keldi. Xonadonimizga qaytdi.

Yana havas qilgulik darajada baxtli edik. Afsuski, yana biz yashaydigan xonadan turli narsalar chiqa boshladi. Bu ham etmagandek, xotinim “unimni ko`rmadingizmi, bunimni ko`rmadingizmi?” dedigan bo`ldi.

— Sening narsangni men nima qilaman? — deyman ajablanib.

Yana uning mazasi qochdi. Endi men eskicha irim-sirimlar bejiz emasligiga  ishona boshladim. Uni ota-onasiniki qo`yib, uyga keldim. Hali o`tirishga ulgurmay, eshik jiringladi. Ochsam, bir erkak turibdi.

— Singlingni chaqir! — dedi bezrayib.

— Kimsiz? Kimni so`rayapsiz? — dedim jahlim chiqib.

— Ajrashgan singlingni so`rayapman!

Miyamga qon tepgandek bo`ldi. Erkakka nima qildim, singlimga nima deb baqirdim, o`zim ham bilmayman. O`zimga kelganimda singlim labi-labiga tegmay menga o`shqirardi.

— O`zingni bosib ol! Ota-onam, men senlar uchun kuyib-yondik. Qilib o`tirgan ishingni qara. Eshikkacha so`rab kelgan erkakka nima deyishim kerak edi? Nomusing bormi, sening! — jahlimni hamon bosolmasdim. — Sharmanda qilding-ku!

— Men bilan ishing bo`lmasin, — tiliga erk berdi u sensirab. — Avval xotiningni tuzatib ol, keyin aql o`rgatasan! Kerak bo`lsa, seni ham yo`lingda yura olmaydigan qilib qo`yish qo`limdan keladi!

Men qotib qoldim:

— Nahot, bu ishlarni...

O`sha-o`sha xayolim o`zimda emas. Rafiqam ham ota uyida. Og`iroyoligi uchun uyga olib kelgim kelmaydi. Ammo “O`zingniki o`zagingni kesadi”, degandek men kundan-kun adoyi tamom bo`lmoqdaman. Axir men kimning baxti uchun shuncha vaqt yondim? Kimning kelajagini o`ylab, o`ttizdan oshib uylandim? Bularni birovga tish yorib ayta olmayman. Hatto ota-onamga ham. Yuragimda saqlab kelmoqdaman. Ammo aytsam dilimni, aytmasam dilimni kuydiruvchi bu dard oxiri nima bilan tugaydi?”

 

                                                                                                                                  Nargiza USANBOEVA 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1