Bugun AOKAda Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzaeva ishtirokida brifing o`tkazildi. Brifingda muhim savollarga javob qaytarildi.
Savol: 14 yoshgacha beriladigan nafaqa puli muddatini uzaytirish uchun zarur hujjatlarni qayta topshirishga kechikdim. Endi qanday yo`l tutsam bo`ladi?
–Joriy yilning iyul-sentyabr oylarida to`lash muddati tugaydigan bolalari bo`lgan oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo`yicha nafaqalar to`lash ularni to`lashni yangi muddatda davom ettirish to`g`risidagi ariza hamda boshqa hujjatlarni talab qilmagan holda 6 oy muddatga tanaffussiz davom ettiriladi.
Asos - “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo`llab-quvvatlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident Farmoni.
Bu o`rinda shuni ta`kidlab o`tish lozimki, agar farzandlaringiz shu muddat davomida nafaqa berish uchun belgilangan yosh chegarasi, ya`ni 14 yoshga to`lgan taqdirda, bu nafaqalar berish to`xtatiladi.
Savol: Sirdaryo viloyatida 2 yoshgacha bola pulini endi mahallalar bermaydimi?
–2019 yil 1 oktyabrdan boshlab kam ta`minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam berishni «Yagona reestr» axborot tizimi orqali ko`rib chiqish va tayinlash tartibi Sirdaryo viloyatida tajriba loyiha sifatida amalga oshirilmoqda.
Asos - Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 apreldagi “Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini idoralararo elektron o`zaro hamkorlikni qo`llagan holda takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 308-sonli qarori.
Mazkur qaror asosida “Sirdaryo viloyatining kam ta`minlangan oilalariga «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida”gi Vaqtinchalik Nizom tasdiqlangan.
Nizomga ko`ra, Sirdaryo viloyatida yashovchi fuqarolarga bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo`yicha nafaqa va moddiy yordam ariza beruvchining yashash joyi bo`yicha Sirdaryo viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik propiskasi mavjud bo`lganda, o`zining yoki oila a`zosining birining yozma arizasiga asosan tayinlanadi.
Alohida hollarda, oilada muomalaga layoqatli a`zolar bo`lmagan taqdirda, nafaqa va moddiy yordam ushbu oilaning yashash joyi bo`yicha fuqarolar yig`ini raisining yozma taqdimnomasiga asosan tayinlanadi.
Bunda nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtinchalik propiskasi bo`yicha yashash joyidagi fuqarolar yig`iniga taqdim etiladi va ro`yxatga olinadi
Ariza Pensiya jamg`armasi bo`limi boshlig`ining nomiga yoziladi.
Ariza beruvchining Sirdaryo viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik propiskasi yo`qligi tegishli ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordamni tayinlash rad etishga asos bo`ladi.
Ushbu tartib o`z mablag`lari hisobidan xodimlariga bola parvarishi bo`yicha nafaqa to`laydigan tashkilotlarda ishlaydigan onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslarga tatbiq etilmaydi.
Byudjet tashkilotlarida ishlaydigan onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar bundan mustasno.