O`zbekiston Respublikasi san`at arbobi, taniqli pedagog olim, adibiyotshunos va tarjimon Asil Rashidov shu yil 15 sentyabr kuni 90 yoshida vafot etdi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi ma`lum qildi.
Asil Rashidov 1930 yili Jizzax tumanining Sovungarlik qishlog`ida tug`ilgan. U davlat arbobi Sharof Rashidovning ukasi edi.
1954 yili O`rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti)ni jurnalist mutaxassisligi bo`yicha tamomladi.
1954-1958 yillarda “Qizil O`zbekiston” (hozirgi “O`zbekiston ovozi”) gazetasida adabiy xodim, bo`lim mudiri bo`lib ishladi.
1958 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti aspiranturasiga o`qishga kirib, 1961 yilda uni muvaffaqiyatli tugalladi va 56 yil davomida ushbu dargohda o`zbek adabiyoti kafedrasi o`qituvchisi, dosenti, professori lavozimlarida samarali faoliyat ko`rsatdi. 1981 yilda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga erishdi.
Zahmatkash olim o`z faoliyati davomida “Inson va mehnat madhi”, “So`nmas yulduzlar”, “Asrga tengdosh maktab”, “Lesya Ukrainka”, “Chiniqish maktabi” singari ko`plab ilmiy-ommabop asarlar yaratdi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida dunyo yuzini ko`rgan, atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov xotirasiga bag`ishlangan “Akam haqida” risolasi, “Ezgulikka baxshida umr”, “Chingiz Aytmatovning badiiy olami” singari asarlari minglab kitobxonlarning samimiy e`tirof va ehtiromiga sazovor bo`ldi.
Asil Rashidov badiiy tarjima sohasida o`ziga xos ijodiy maktab yaratgan hassos so`z san`atkori edi. U mashhur qirg`iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning “Yuzma-yuz”, “Jamila”, “Bo`tako`z”, “Sarvqomat dilbarim”, “Alvido, Gulsari!”, “Somon yo`li”, “Oq kema”, “Erta kelgan turnalar”, “Sohil bo`ylab chopayotgan olapar”, “Asrni qaritgan kun” singari betakror asarlarini o`zbek tiliga beqiyos mahorat bilan o`girib, xalqimizning badiiy tafakkurini yuksaltirishga ulkan hissa qo`shdi. Shuningdek, taniqli rus adibi Aleksandr Bekning “Volokolamsk yo`lida” romani, qirg`iz adibi Mirzabek Duysenovning “Imtihon” qissasi ham Asil Rashidov tarjimasida o`zbek kitobxonlariga taqdim etildi.
Ulkan ilmiy-ijodiy va hayotiy tajribaga ega ustoz-murabbiy o`zining mehnatkashligi va jonkuyarligi, yoshlarga g`amxo`rligi, ona yurtga cheksiz mehri va sadoqati bilan mamlakatimiz ziyolilari, madaniy jamoatchilik o`rtasida haqli ravishda katta obro`-e`tibor qozongan inson edi.
Asil Rashidovning oliy ta`lim tizimi va o`zbek adabiyotini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O`zbekiston Respublikasi san`at arbobi”, “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan o`qituvchi” faxriy unvonlari, O`zbekiston Respublikasining Davlat mukofoti hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan edi.
Taniqli olim va ijodkor, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Asil Rashidovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.