AsosiyJamiyat

Ozodlikdagi ikki mahkum: to`g`ri xulosa va odatiy hayot

'Ozodlikdagi ikki mahkum: to`g`ri xulosa va odatiy hayot'ning rasmi

19 yil. O`rtacha inson umrining uchdan bir qismi. Ayni yigit yoshida (24 yoshda) uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Erkin akachalik erkinlik qadriga etadigan inson bo`lmasa kerak. “Ichkari shunday joyki, sizni zarga o`rasa ham u baribir mahkumlik”, – deydi uning o`zi. Ikkinchi qahramonimiz esa Ilhom aka. 5 yil mobaynida jazoni ijro etish muassasalarida bo`lgan paytlarida uning olti nafar farzandi va ayoli juda qiyin kunlarni boshidan kechirdi. Har ikki taqdirning umumiy jixatlari – ular bugun shukronalikda, ular odatiy hayot tarzida davlat himoyasi va e`tiborida. Ularning har ikkisi ham qumqo`rg`onlik... 

Kambag`allik nima?

Qariyb ikki oydan buyon respublikamiz viloyatlarida bo`lib, hamyurtlarimiz turmush tarzi, “temir daftar”dagilar hayotini o`rganib kambag`allik haqida turli xulosalarga kelyapmiz. Avvaliga bu taqdir taqozosi deb o`yladik. Keyin esa harakatsizlik, boqimandalik degan to`xtamlarga ham keldik. Chunki harakatdagi inson och qolmaydi. Ayniqsa, bizning yurtda. Nogiron, imkoniyati cheklangan bo`lsa-da, yaxshi yashash uchun intilayotganlarni ham, davlat shuncha qarashsa-da, “yana, yana” deyayotganlarni ham ko`rdik. Lekin faqat harakatga bog`liq bo`lmagan yana bir sabab bor ekan. Bu – xato qilish. Bugungi qaxramonlarimizning o`z xatolari sabab uzoq yillar mahkumlikdagi davrida ularning oilasi ko`p qiyinchiliklar ko`rdi. Echim esa o`tmishni ortga tashlab, qilingan xatolardan xulosa qilish, kelajak va yaxshi yashash uchun kurashishdan iborat. 

“Hayotdan to`g`ri xulosa chiqardim”

Surxondaryo viloyatining Qumqo`rg`on tumanidan 19 yildan so`ng ozodlikka chiqib, o`z qishlog`ida yangi barpo etilgan 200 ish o`rniga ega “Boymoqli Baraka Chevarlari” korxonasiga ishga kirgan qahramonimiz odatiy hayot tarziga sho`ng`ib ketgan. Asosan, qishloq ayollarining bandligi ta`minlangan korxonada qahramonimiz malakali ishchi. Nega deysizmi?

Erkin Boltaev, ishchi (45 yosh):

— Qishlog`imizda bunday katta korxona ilgari bo`lmagan. Pandemiya sharoitida qurib bitkazilishi bilan tuman mas`ullari meni shu erga bichuvchi qilib ishga joylashtirib qo`yishdi. Men 19 yil davomida O`zbekistonning deyarli barcha jazoni ijro etish muassasalarida bo`ldim. Andijonda bo`lganimizda nemis mutaxassislari bizni shartnoma asosida kasbga o`qitishdi. Shunda bichuvchilikni o`rganganman. Bichuvchilik bo`yicha sertifikatim ham bor. Qishloqdan chiqmasdan, o`zim o`rgangan kasb bo`yicha ishlab 1 mln. so`m oylik olyapman. 5 nafar farzandim bor. Dehqonchilik ham qilyapmiz. Hammasi etarli. Ozodlik qadriga menchalik etadigan odam bo`lmasa kerak. Hayotdan to`g`ri xulosa chiqardim.

“Faqat oilamni o`ylardim”

Bundan keyingi hayotini farzandlar to`y-tashvishlari, orzu-havaslariga bag`ishlash niyatida bo`lgan Erkin aka bilan xayrlashib, ikkinchi qahramonimiz Ilhom So`fiev xonadoniga shoshdik. U 6-7 yillar oldin el qatori farzandlari bilan yashab kelardi. Haydovchilik qilib yaxshi daromad topardi. Bir yo`ldan adashib, yomonlarga qo`shildi-yu, 5 yilga “kesilib”, 6 nafar farzandi va ayoli ortida yig`lab qoldi. Qishloqchilik, 6 nafar farzandni boqishning o`zi bo`lmaydi. Ular ko`rgan kunlar haqida eshitib, ular yashagan sharoitni ko`rib, hayratga tushasiz.

Qamoqdaligimda, - deydi Ilhom aka, - oilam huv anavi pastdagi kulbachada yashashgan ekan. Qahratonda ham, saratonda ham...” Yuqoridan pastga qararkanmiz, u kulba yaqinimizda bo`lsa ham, ko`z ilg`amas darajada xarob va ko`rimsiz edi. “... Faqat oilamni o`ylardim. Meni ko`rishga borganlar yaxshi xabarlar aytib turishdi. Mahalla, hokimiyat oilamdan yordamini ayashmabdi. Uyimga qaytishim bilan esa 50 sotixli tomorqaga ekin ekishni boshladim. Foyda ko`rdim. Evaziga sigir sotib oldim. Yana qo`shimcha ekinlar ekyapman. Tuman ichki ishlar rahbari ko`magi bilan ikki xonali yangi uy qurib berishdi. Prezident yordam pullaridan ham berishdi. Farzandimga 2 yoshgacha nafaqa puli belgilandi. Tuman “elektroset”i uyimga elektr toki o`tqazib berdi. Xullas, nima yordam kerak bo`lsa, hammasi berilyapti. Ayolim endi paxtaga chiqadi. O`zim esa ekinlar hosilini yig`ishtirib olib, yana haydovchilikka ishga kiraman. Hozir hujjatlarimni topshirganman. 3-3,5 mln. so`m oylik va`da qilishyapti. Nasib bo`lsa, 6 farzandimning huzurini ko`rish uchun yashaymiz endi buyog`iga.

Xulosa o`rnida

Qumqo`rg`on tumani mas`ullarining hududdagi kambag`allikka qarshi kurashishda boshqa joylarda bo`lgani kabi “temir daftar”dagilarni takroriy ekinlarga jalb qilish, issiqxona qurib berish, parranda, qoramollar berish, uy qurib berish barobarida biz yuqorida sanab o`tgan “xato evaziga kambag`allik” darajasiga tushib qolgan fuqarolar bilan ham ishlashayotgani e`tiborimiz va e`tirofimizga sazovor bo`ldi. Muhimi, qahramonlarimiz bugun o`z xatolarini to`g`ri anglab, el qatori halol mehnat ilinjida odatiy hayot tarziga qaytishgan. 

 

Sardorbek RAHMONQULOV 

    Boshqa yangiliklar