"Bunga 100 foiz tinimsiz pul yig`gan tuman xalq ta`limi bo`limi aybdor" Kitobda o`zini osgan maktab direktorining yaqinlari marhumning o`limi bo`yicha tafsilotlarni ma`lum qilishdi

Jamiyat 19.09.2020, 12:19
"Bunga 100 foiz tinimsiz pul yig`gan tuman xalq ta`limi bo`limi aybdor" Kitobda o`zini osgan maktab direktorining yaqinlari marhumning o`limi bo`yicha tafsilotlarni ma`lum qilishdi

Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Kitob tumani "Yangi qishloq" qishlog`idagi 13-maktabning 47 yoshli rahbari T.N. o`zini maktabning hojatxonasida osib, joniga qasd qilgani xabar qilingan edi. 

U o`limidan avval xat yozib qoldirgan. 
 

Direktor o`z xatida “Hurmatli ustoz kasbdoshlar, har qanday sharoitda ham korrupsiyaga yo`l qo`ymang. Maktabda o`tirgan `to`nkalarʼ ham qimirlasin. Kimligini bildingiz. O`shalarga yaratgandan insof tilab qolaman. Xalq bolasining ko`zini o`ymang. Sizlardan ham iltimos” – degan fikrlarni bildirgan.

Ayni paytda "Nasafnews"ning ma`lum qilishicha, maktab o`qituvchisi va qoruvuli xat direktor tomonidan yozilganini tasdiqlagan.. Qorovul voqea bo`yicha fikr bildirar ekan, maktab jamoasida muhit yaxshi emasligini aytadi.

Husniddin Ergashev, qorovul

– Shu kuni tushlik paytida direktor meni tuman xalq ta`limiga yubordi,- deydi maktab qorovuli Husniddin Ergashev. – Qog`ozni olib, bo`limning kadrlar bo`limiga etkazishimni aytdi. Qog`ozni ko`rsam ariza ekan. Shundan so`ng, tumanga bordim. Endi bo`limga kiraman deganimda yon qo`shnim menga telefon qilib qoldi. Va u menga direktor o`zini hojatxonaga osib qo`yganini aytdi. Uni stadionda o`ynab yurgan bolalar ko`rib qolgan ekan. Jamoada o`zaro kelishmovchiliklar ham bo`lgan. Maktabda avvalgi direktordan buyon rahbarlar guruh-guruh bo`lib olgan.
 

Maktab hojatxonasi

Marhumning opasi va tog`asi hamma voqeaga sababchi sifatida tuman xalq ta`limi bo`limi mas`ullari ko`rsatmoqda. Ularning so`zlariga ko`ra, marhum qarzga botib ketgan. O`zini osib qo`yishiga shu sababchi bo`lishi mumkin.

Barno Turdieva, Opasi

– Ukam o`limidan bir kun oldin menga tuman xalq ta`limi bo`limi mudiriga qishloq oqsoqollarini olib borsam, bergan bir yarim ming dollarimni qaytarib berar ekanmi deb aytdi,- deydi direktorning opasi Barno Turdieva. – Men unga bo`lim mudiri buni tan olmasligini aytib, hademay karantin ochilsa Rossiyaga ishlagani ketasan deb aytdim. Ukamni qishloq ahli saylab direktor qilgan. Ammo uni ishga kirishida tuman xalq ta`limi bo`limiga hammadan qarz olib, bir yarim ming dollar yig`ib berganmiz. Ukam qarzlarini to`lolmay, maktabni kamomatini to`layman deb, o`z joniga qasd qildi. Bunga 100 foiz tinimsiz pul yig`gan tuman xalq ta`limi bo`limi aybdor.

Marhumning ustozi, ayni paytda maktabda rustili fanidan dars beruvchi Mahorat Shukrullaevaning aytishicha, maktabning hamma yuki direktor zimmasiga tushgan. U hatto bir necha bor o`qituvchilardan maktabning qarzini to`lash uchun yordam so`ragan.

Mahorat Shukrullaeva, Ustozi

-Marhum direktorni o`quvchilik davridan bilaman, ustozi bo`lganman,- deydi Mahorat Shukrullaeva. – Birga ishlaganmiz, o`zini jonkuyarligi bilan ajralib turar edi. Mehribon inson va ota edi. Ustozlarini qadrlaydigan odam edi. Maktabni yukini ko`proq bir o`zi tortardi. Har bir mas`ulning o`zini vazifasi bo`ladi. Ko`proq vazifa esa direktor bo`ynida edi. Yuqori tashkilotlardan topshiriq bo`lgan vaqtlarga pul yig`ish kerak deb aytilgan. Kimdir orqaga tortadi. Noiloj bo`lgandan keyin o`zini mablag`larini ishlatardi. Kimdandir olib , kimdandir berishga majbur bo`lgan. Moddiy tomondan bora-bora bu etishmovchilikka olib kelgan.

Marhumning turmush o`rtog`i eri spirtli ichimliklar iste`mol qilmasligini, voqea sodir bo`lgan kun tongda kayfiyati yaxshi bo`lganini aytar ekan, «bugundan o`zgaraman, maktabni o`zgartiraman» – degan fikrlarni bildirganini ma`lum qildi.
 

Maxsuda Ro`zieva, rafiqasi

– Shu kuni ertalab soat 6 larda uydan chiqib ketgandilar. Ishni boshlayman, nazorat qilaman dedilar. Obedga qizimni jo`natdim. Qizimga pul berib yubordilar. Kitob olishi uchun. Keyin tushlikdan keyin biz shu shum xabarni eshitdik,- deydi Maxsuda Ro`zieva.

Voqea bo`yicha o`rganish ishlari davomida marhumning tog`asi Latif Eshqobilov uning qo`lida hamma ma`lumotlar borligini, ammo prokuratura ishni haqqoniy o`rganmayotganini, jurnalistlardan umid qilayotganini, haqiqat baribir qaror topishini aytdi.
 


Tuman xalq ta`limi bo`limi mudiri chekka hududlardagi maktablarning o`quv mavsumiga tayyorgarligini o`rganayotganini aytgan kadrlar bo`limi boshlig`i Mansur Joniev voqeaga shunday izoh berdi:

Mansur Joniev

– Marhum direktorlikka tayinlangandan keyin tuman xalq ta`limi bo`limidan berilgan topshiriqlarni o`z vaqtida bajarib kelardi, – deydi Mansur Joniev

Tekshiruv o`tkazilganda, maktabda kamomad aniqlanganmidi degan savolga:

– Agar haqiqatdan kamomad aniqlangan bo`lsa, birinchidan u hisobchida bo`ladi. Kamomatni qayta undirish kerak bo`ladigan bo`lsa, surishtiruv organlariga beriladigan bo`lsa tuman xalq ta`limi bo`limiga taqdimnoma yuboriladi. Bu borada xabarim yo`q. Biz mart oyidan beri masofadan ishlaymiz, aytilgan ayblovlardan mening xabarim yo`q.

47 yoshli maktab direktori o`zini osdi. Uning ikki nafar farzandi otasiz qoldi. Voqeaga aynan nima sabab bo`lgani esa hali ham aniq emasligi marhumning yaqinlarini chuqur o`ylantirmoqda.
 

Marhumning qizi

-Men shu kuni tushlik paytida dadamni oldiga bordim. Dada pul bering, kitob olaman dedim . Keyin dadam menga 25 ming pul berdilar. Men uyga qaytdim. Dadam meni urushmas edilar. Har doim sizlab gapirar edilar. Dadam meni hatto senlab gapirmasdi,- deydi vafot etgan direktorning 10 yoshli qizi.
 


 

Eslatib o`tamiz, Bosh prokuratura voqea bo`yicha munosabat bildirib, hozirda mazkur holat yuzasidan Kitob tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini, tekshirishda marhumning yaqin qarindoshlari murdani sud-tibbiyot ekspertizasi ko`rigidan o`tkazmaslik maqsadida yurak hurujidan vafot etgani vaji bilan jasadni ko`mib yuborishganligi aniqlanganini ma`lum qilgan.

Hozirda tuman xalq ta`limi, ichki ishlar bo`limlari hamda maxalla va oilani qo`llab-quvvatlash markazi tuman bo`limining mutasaddi xodimlari harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

Voqealar rivoji bo`yicha yana ma`lumotlar taqdim etiladi.

Sharhlar

Меҳмон 21.09.2020, 08:48
Худо раҳматига олсин! Жойлари жаннатдан бўлсин!
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1