Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Shavkat Xo`jaqulov ishtirokida o`tgan brifingda ayrim muhim savollarga javob berildi.
❓Xorijiy oliy ta`lim muassasalari diplomini tan olish sinovlariga qanday o`zgartirishlar kiritilgan? Qaysi holatlarda xorijiy oliy ta`lim muassasasi diplomi O`zbekistonda tan olinmaydi?
–Yangi tartib bo`yicha hozirda faqatgina bir bosqichda «Mutaxassislik fanlari»dan test imtihonlari topshirilmoqda.
Bundan tashqari, xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to`g`risidagi hujjatlarni to`g`ridan-to`g`ri (sinovlarsiz) tan olish holatlari yanada kengaytirildi. Jumladan, xalqaro tan olingan tashkilotlarning reytingida birinchi 1000talikka kirgan OTMlarga kengaytirildi va yana qator o`zgartirishlar kiritildi.
Yangi nizomga asosan xorijiy davlatda ta`lim olganlik to`g`risidagi hujjatlar quyidagi holatlarda tan olinmaydi:
➖Xorijiy ta`lim to`g`risidagi hujjat berilgan davlatda uning egasiga O`zbekiston Respublikasidagiga qaraganda ta`lim olish va (yoki) kasbiy faoliyat bilan shug`ullanish uchun kam huquqlar berilgan bo`lsa (hujjat egasi ta`limning keyingi bosqichida o`qishni davom ettirish, kasbiy faoliyat bilan shug`ullanish huquqiga ega bo`lmasa);
➖ma`lumot O`zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan ta`lim shaklida olingan bo`lsa;
oliy ta`lim bosqichlarida:
➖bakalavriat bo`yicha o`qish muddati uch yildan kam bo`lsa yoki Evropa ta`lim tizimi asosida o`qish davomida 240dan kam kredit to`plagan bo`lsa;
➖magistratura bo`yicha o`qish muddati bir yildan kam bo`lsa;
➖bakalavriat ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklari qo`shib o`qitiladigan ta`lim dasturlari bo`yicha ta`lim olganda umumiy o`qish davri uch yildan kam bo`lsa;
Ayni sabablarga ko`ra, 2019 yilning o`zida 783 nafar (jami ariza bilan murojaat qilganlarning 6,1 foizi), 2020 yilning o`tgan davrida 157 nafar (jami ariza bilan murojaat qilganlarning 4,8 foizi) murojaat qilganlarga sinovlarga chaqirilmasdan diplomini tan olish rad etilgan.