AsosiyJinoyat

O‘zbekistondan Tojikistonga 60 ga yaqin avtomobil noqonuniy olib o‘tilgani va sotilgani aniqlandi

Sakkiz kishidan iborat guruh a’zolari olib o‘tgan har bir mashinasi uchun 100−200 dollar olgan.

'O‘zbekistondan Tojikistonga 60 ga yaqin avtomobil noqonuniy olib o‘tilgani va sotilgani aniqlandi'ning rasmi

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bir qancha avtomobillarni Tojikistonga noqonuniy olib o‘tish va sotib yuborish holati bilan shug‘ullangan 8 nafar shaxs fosh etilgan. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ular mashinalarni 100−200 dollar evaziga o‘tkazib bergan. Avtomobillar "Andarxon", "Oybek", "Pop", "Xovosobod" nazorat-o‘tkazish punktlari orqali olib o‘tilgan.

Tojikistonga BYD, Volkswagen, Kaiyi X3, Honda, Geometry, Faw ID4 va boshqa jami 59 ta turli markadagi avtomashina o‘tkazilgan. Bu mashinalarning barchasi qo‘shni davlat hududida noqonuniy tarzda sotilgan.

Bojxona qo‘mitasi fuqarolarni avtomashinalarni ishonchnoma asosida boshqa shaxslarga o‘tkazishda yana bir bor hushyor bo‘lishga chaqirdi.

"Agar ishonchnoma asosida berilgan avtotransport vositasini qaytarib olishda muammolarga duch kelayotgan bo‘lsangiz yoki avtomashina O‘zbekistondan olib chiqib ketilganligi yuzasidan shubha va gumonlaringiz bo‘lsa, zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishingizni so‘raymiz", — deyiladi qo‘mita xabarida.

    Boshqa yangiliklar