Toshkentda 41 yoshli erkak taqiqdagi mashinani sotgani uchun jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda. Ma`lum bo`lishicha, 25 mart kuni Shayxontohur tumanida 41 yoshli R.M., o`zganing mol-mulkini aldash va ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan qo`lga kiritish maqsadida, o`ziga tegishli “Malibu-2” rusumli avtomashinasi bank tomonidan taqiqqa qo`yilganligini bilgan holda, ushbu avtomashinani 28 yoshli A.Q., ga 28.000 AQSh dollariga sotishni va`da qilib, avtomashinada hech qanday taqiq yo`qligiga A.Q.,ni ishontirib, uning ishonchiga kirib, 28.000 AQSh dollarini qo`lga kiritgan bo`lsa-da, ammo avtomashinani A.Q., ning nomiga rasmiylashtirish jarayonida, avtomashina taqiqda ekanligi oshkor bo`lganidan so`ng, avval olgan 28.000 AQSh dollarini qaytarib berishini aytib, va`da qilib, avtomashinani o`zi bilan olib ketib, bergan va`dasi ustidan chiqmasdan, pul mablag`larini o`zining ehtiyojlariga sarflab yuborgan. Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan R.M., ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Dastlabki tergov jarayonida R.M. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan. |
25.09.2020 22:50
Toshkentda taqiqdagi «Malibu-2»ni sotgan shaxsga jinoiy ish ochildi
