Surxondaryoning Sho`rchisidan bo`lgan 25 yoshli Eshpo`lat hozir hunarmand kosib. Qo`lida 15 nafar shogirdi bor. Ularni o`qitgani uchun yaxshigina oylik oladi. Tayyor bo`lgan oyoq kiyimlarni bozorga oborib sotib, undan ham foyda qiladi. Shogirdlari esa ham kasb o`rganadi, o`qiyotgani uchun stipendiya ham olishadi. Xullas, Eshpo`latning tadbirkorligidan hamma manfaatdor. Bu manfaatdor jamoaning shakllanishi, qaxramonimizning bu kungacha bosib o`tgan yo`li ko`pchilikni qiziqtirib qo`yishi tayin. Eshpo`lat ishni nimadan boshladi? Unga kimlar, qanday yordam berishdi? Bugun kimgadir o`rnak, kimgadir yo`l-yo`riq bo`la oladigan qahramonimizning hayoti haqida hikoya qilamiz.
Sigirni sotishdan boshlangan ilk qadam
Toshkentga ilk martta abiturient bo`lib borgan Eshpo`lat o`qishga kirolmagach, poytaxtda ishlab qolishga qaror qiladi. U erda oyoq kiyim fabrikalaridan biriga ishga kirib, poyabzal tikish sir-asrorlarini o`rganib oladi. 2 yil ichida u o`zi mustaqil ravishda oyoq kiyimlarni tayyor holga keltira oladigan ustaga aylanadi. Uyiga qaytib kelgach esa uning oldida ikkita yo`l bor edi: yo ishlari yurishib ketib tadbirkorga aylanish, yoki hamma qatori taqdirga tan berib, “olma pish, og`zimga tush” deb o`tirish. Tadbirkorga aylanish esa oson emas. Buning uchun pul, o`ziga ishonch va bu yo`lda boshqalarni ham ishontira olish kerak. U birinchi yo`lni tanladi. Oilasidagilar avvaliga unga ishonishmagan bo`lsa-da, uyidagi sigirini bozorga chiqarib shartta sotib, Toshkentga jo`nab ketdi...

“Birinchi tikkan oyoq kiyimlarim o`z shaklini yo`qotib qo`ygan”
“Toshkentga borib, sigirimni sotgan pulimga 10 ta qolip, oyoq kiyim andozasi va hom-ashyolarni olib qaytganman. Avvaliga mahsulotni noto`g`ri tanlaganim uchun birinchi tikkan oyoq kiyimlarim yumshoq chiqib, o`z shaklini yo`qotib qo`ygan. Keyin bu xatoni takrorlamasdan, to`g`ri hom-ashyo tanlashni ham o`rgandim, - deydi qahramonimiz, - Avvaliga ota-onam mustaqil ish boshlashimga qarshilik qilishdi. Ishonishmadi, shekilli. Bugun esa qo`llab-quvvatlashmoqda. Tumanimizda kosibchilik bilan shug`ullanadiganlar yo`q. Bu yangi yo`nalish bo`lgani uchun o`zimga ishonchimni so`ndirmaganman.”


Bugun u ham tadbirkor, ham ustoz
Eshpo`lat o`z uyida 10 ta qolip va bitta qo`lbola pech bilan ishlab yurgan paytlar edi. Pandemiya, karantin, kambag`alikka qarshi kurashish... Sho`rchi tumani prokurori Ilhom Tairov aynan mana shu tashvishlar bilan yurgan paytda Eshpo`lat haqida eshitib qolib, uni uyiga topib boradi. Maqsad esa usta-kosibni daromadga yo`naltirish orqali uning tajribasidan ham unumli foydalanish edi. Prokuror tashabbusi bilan tumanning “Hurlik” mahallasidagi Agrosanoat kolleji binosida tashkil etilgan hunarmandchilik o`quv kursida qahramonimiz bugun 10 dan ortiq yigit-qizlarga kosibchilikni o`rgatmoqda. Mehnat sharoiti ham yaxshilanib, o`quv xonasi, kosibchilik anjomlari bilan ta`minlab berilgan. Undan so`raladigani esa o`zidan keyingi shogirdlariga kasb sirlarini o`rgatishdir. Tuman prokurori Ilhom Tairovning aytishicha, jamoa to`laqonli shakllangach, Eshpo`latga ishlab chiqarish korxonasini ochish uchun ham ko`mak ko`rsatiladi. Shogirdlari bilan birgalikda ishlab chiqarish hajmi ortgan kosibimiz hozirda tayyor mahsulotlarini tuman bozorlariga olib chiqib, oylik 5-6 mln. so`m sof foyda olayotganini ta`kidladi. Bundan tashqari, ustoz-shogirdlik maktabida ham unga 1,8 mln. so`mlik oylik maosh va shogirdlariga 239 ming so`m bandlik stipendiyalari ham tayinlangan.



Bunga qanday erishildi?
Sho`rchi tumani Aholi bandligiga ko`maklaklashish markazi mutaxassisi Bahrom Madatov kosib Eshpo`lat Hasanov misolida bandlik stipendiyasi va oyligi haqida tushuntirish berdi:
— Ustoz-shogirdlik an`anasi asosida hunarmandchilik o`quv kurslari tashkil qilmoqchi bo`lganlar, avvalo, Hunarmandlar markazidan ro`yxatdan o`tib, hunarmandchilik guvohnomasini qo`lga kiritishlari kerak. O`quv kursi tashkil etilib, shogirdlari soni 10 tadan 30 tagacha etganda hududiy bandlik markaziga ariza bilan murojaat qiladi. Eshpo`lat Hasanovning ham shogirdlari soni bugungi kunda 15 taga etgan. O`quvchilar ikki oy mobaynida kosiblik sir-asrorlarini o`rganish barobarida har oyda 239 ming so`mdan bandlik stipendiyasi olishadi.


Xulosa o`rnida
Sektor rahbarlarining xalq ichida yurib, asl holatdan boxabar bo`lishining foydasi katta. Qahramonimiz Eshpo`lat Hasanovning ham holidan xabar olinmaganida, unga yo`nalish berilmaganida, balki, u hamon eski pechida oyoq kiyim tikayotgan bo`larmidi. Bugun u tadbirkor sifatida ham o`ziga, ham shogirdlariga, ham jamiyat foydasi tegyapti. Maqsad ham shu. Yaqin kelajakda qahramonimizning o`z brendi asosida poyabzal ishlab chiqarish korxonasini tashkil etib, katta tadbirkorga ham aylanishiga ishonamiz.
Sardorbek Rahmonqulov






