Internetda Toshkent tumanida hijob o`ragan va namozxon o`quvchilar ro`yxati tuzilayotgani mazmunidagi xabarlar tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Unda, o`qituvchilar to`ldirishi kerak bo`lgan so`rovnomada maktabda o`qiydigan ro`molli qizlar, ularning ota-onalari ism-familiyalari, uy manzillari, ota-onalarining ish joyi xaqida ma`lumot so`ralganligi aytilgan.
Maxkur xabarlarga Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati oydinlik kiritdi:
Haqiqatan ham tumanda o`rganish o`tkazilgani rost. Shu kunlarda aynan Toshkent tumanida ijtimoiy tarmoq orqali ekstremistlarning aldovlariga uchib, ular bilan aloqa bog`lab, Suriyaga ketib, diniy-ekstremistik oqimga qo`shilish taraddudida turgan o`quvchi qiz aniqlangan va huquq-tartibot idoralari tomonidan bu holatning oldi olingan.
Yaxshi bilamizki, bunday holatlar sodir bo`lganda, nainki O`zbekiston, balki butun dunyoda ham tegishli huquq-tartibot idoralari o`sha muhit va hududni atroflicha o`rganib, shunday kayfiyatni vujudga kelishiga sabab bo`lgan ob`ektiv, sub`etiv jihatlarni chuqur o`rganadilar.
Toshkent tumanida olib borilgan o`rganishlar ham ayni shu maqsaddagi profilaktik tadbir bo`lib, mavjud 31 ta maktabda maktab direktorining ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari, maktab psixologi ishtirokida holat bo`yicha o`rganish o`tkazilgan.
Ta`kidlaymizki, mazkur o`rganish aniq maqsadga yo`naltirilgan va bir martalik tadbir bo`lib, alohida bir hudud – Toshkent tumani miqyosida o`tkazildi. Shuning uchun bu jarayonni mamlakatimizda diniy sohada olib borilayotgan erkinlik, ochiqlik siyosatiga, diniy bag`rikenglik tamoyillariga zid manzara, deb baholash noto`g`ri xulosadir.
Ota-bobolarimizdan qolgan naql bor: “Bolaning bo`sh vaqti – dushmanning ish vaqti”. Gap farzandlarimiz, ularning hayotda to`g`ri yo`l tanlashi haqida borar ekan, bunday mavzularda etti o`lchab bir kesishimiz, mulohaza yuritishda to`g`ri yo`lni aniqlab olishimiz muhimdir.
Toshkent tumani hokimligi, tuman jamoatchiligi bu masalada ochiq muloqotga tayyor va axborot maydonidagi noravo yondashuv, imon-e`tiqodli xalqimizning pokiza islomiy e`tiqodiga teginadigan bir tarzda e`lon qilingan materiallarni diqqat bilan kuzatib, munosabat bildirishda davom etadi, - deyiladi rasmiy munosabatda.






