Sirdaryolik Xasanova Feruza (ismi-familiyasi o`zgartirilgan) 2016 yilda OITS kasalligiga duchor bo`ladi, shu og`ir dardga chalingan bo`lsa ham oila qurishga qaror qilgan.
F.Xasanova o`zini OITS kasalligiga chalinganligini bilsada, ushbu kasallikni uyiga kelgan sovchilardan yashirib, turmush qurishga rozilik bildirdi. 2020 yil 7 mart kuni Shamshiev Zufarbek (ismi-familiyasi o`zgartirilgan) bilan sha`riy nikohdan o`tib, ular oila bo`lib yashadilar, oqibatda Z.Shamshiev OITS kasalligini yuqtirib oldi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Xovos tuman sudining sudyasi B.Mamadaminovning ma`lum qilishicha, Sud ushbu jinoyat ishini har tomonlama ko`rib chiqib, F.Xasanovani O`zbekiston Respublikasi JKning 113-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topgan.
Uning aybiga to`liq iqrorligini, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligini, muqaddam sudlanmaganligini va eng asosiysi jabrlanuvchining hech qanday da`vosi yo`qligini inobatga olib, F.Xasanovaga O`zbekiston Respublikasi JKning 113-moddasi 4-qismi bilan JKning 57-moddasini qo`llab, sutkaning soat 22:00 dan 06:00 gacha yashash joyidan chiqishi cheklangan holda 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.






